Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:32

Rauf Parfining Navoiy kutubxonasida o‘tkazilishi rejalangan yubileyi taqiqlandi


Rauf Parfining 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilishi kerak bo‘lgan kecha afishasi
Rauf Parfining 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilishi kerak bo‘lgan kecha afishasi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tug‘ilgan kunning 75 yilligiga bag‘ishlab 25 sentabrga rejalangan “Turkiy dunyoning g‘olib xayoli” deb nomlangan tadbirni o‘tkazish taqiqlab qo‘yildi.

Tadbir tashkilotchilarining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ o‘tkazilishi kutilayotgan kecha davomida Rauf Parfi she’rlari, uning ijodi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qilishi, Shoir she’rlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishini namoyish qilish rejalangan edi.

Tashkilotchilarg avvalroq tadbirda kamida 150 kishi qatnashishi kutilayotganini Ozodlikka xabar qilgan edi.

O‘zini "Milliy kutubxona matbuot xizmati xodimi", deb tanishtirgan mulozimga ko‘ra¸ “Bu tadbir yuqorining buyrug‘iga ko‘ra bekor qilingan”.

- "Zudlik bilan bekor qilib o‘rniga boshqa tadbir qo‘yinglar", degan og‘zaki buyruq bo‘ldi¸ dedi Milliy kutubxona matbuot xizmati vakili Ozodlik muxbiriga.

Mulozim tadbirni taqiqlash buyrug‘i aynan kimdan kelganini aniq aytmay “tepadan keldi” deyish bilan kifoyalandi.

2005 yilda olamdan o‘tgan O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining tavvalud kunini nishonlash O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2018 yil 17 yanvarda imzolagan 01-07-1-3356 raqamli rejaga ko‘ra¸ Milliy kutubxonaning 150 kishilik zalida o‘tkazilishi kerak edi.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan bu hujjatda tadbir tashkilotchi sifatida Madaniyat vazirligi va Milliy kutubxona ko‘rsatilgan.

Bosh vazir imzolagan hujjat
Bosh vazir imzolagan hujjat

Ozodlik muxbiri Bosh vazir rejasi nega bajarilmaganiga qiziqib, O‘zbekiston madaniyat vazirligiga murojaat qildi.

Vazir yordamchisi Jamoliddin Uzoqov “Bosh vazir tasdiqlagan rejadan habari borligini ammo bu rejaning nega bajarilmanidan bexabar ekanligini” aytish bilan kifoyalandi.

Milliyatchi shoir Rauf Parfining qizi¸ advokat Munojot Parpieva Ozodlik bilan suhbatda bu tadbirning nega bekor qilingani borasida Prezident ma’muriyatiga murojaat qilgani, ammo hanuz javob ola olmaganini aytdi:

- Bosh vazir rejasiga kiitilgan tadbir¸ rahmatli otamning 75 yillik yubileyi 18 sentabr kuni taqiqlab qo‘yilibdi. Menga va tashkilotchilarga "taqiqlandi", deb aytishdi. Kim¸ nega degan savolga javob berishmadi. Otamni tirikligida xor qilgan mulozimlar uni o‘lganidan keyin ham ta’qib qilmoqda. Bundan 5 yil oldin ayni kutubxonada 70 yillik yubileyini nishonlamoqchi bo‘lganimizda ham oxirgi minutda tadbirni bekor qilishgan edi.

Munojot Parpievga ko‘ra ¸ agar Rauf Parf tirik bo‘lganda “bu taqiq ustidan miyig‘ida kulgan bo‘lar edi.”

O‘limidan bir yil oldin, 2004 yilda shoir ijodiga bag‘ishlanib Freedom House tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan Rauf Parfi taqiqu-cheklashlarga ko‘nikib qolganini aytgan edi:

"Kitoblarim chiqmasligi¸ men bilan uchrashuvlar bekor qilinishiga ko‘nikib ham qoldim. 1992 yili 50 ëshga to‘lganda kitobim chiqishi kerak edi. Shu kitobni signal variantini qo‘limga ham oldim. Ammo kitobning butun tirajini yo‘q qilishdi. 2003 yili Soros tashkiloti ko‘magida kitobim chiqaëtgan edi. Korrekturasini o‘qidim sevinib. 600 betlik kitob. Lekin Soros tashkilotining O‘zbekiston bo‘limi yopilib ketib kitobim chiqmay qoldi. Demak meni o‘zim shu sal ishim yurishmaydiganroq shoir ekanman¸ o‘rganib ham ketdim".

Shoir o‘limidan so‘ng chop qilingan kitob
Shoir o‘limidan so‘ng chop qilingan kitob

Rauf Parfi 1943 yil 27 sentabrda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. “Karvon yo‘li” (1968), “Aks sado” (1970), “Tasvir” (1973), “Xotirot” (1974), “Ko‘zlar” (1976), “Qaytish” (1981), “Sabr daraxti” (1986), “Sukunat” (1991), “Tavba” (2001), “So‘nggi vido” (2006) kabi she’riy to‘plamlari, uchta saylanmasi (2013) nashr etilgan.

“Shoir haqiqatni gapirmay turolmaydi... Shoir yolg‘ondan, yuzaki, soxta qo‘shiq aytishdan qo‘rqadi. Aniqrog‘i, shoirning ichidagi iste’dod qo‘rqadi yolg‘ondan. Chunki yolg‘on – iste’dodning kushandasi”, deb yozgandi Rauf Parfi.

“Yorug‘ dunyoga kelgan inson bor ekan, inson bo‘lib tug‘ilgan ekan – Inson haqlari, inson huquqi bordir. Inson huquqi – she’riyat huquqi”, deya bong urgandi shoir yana bir o‘rinda.

Turkiy dunyoning atoqli ijodkori 2005 yili Toshkentda vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda yubileyu tadbirlariga taqiq qo‘yilgan Rauf Parfininig bundan 5 yil oldin 70 yillik tavalludi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan barcha tadbirlar bekor qilingan, bunga “yuqorining buyrug‘i” sabab bo‘lgani aytilgandi.

XS
SM
MD
LG