Qozog‘istonning Ostona shahridagi bozorga xo‘jalik sumkasida tashlab keltilgan jasadning 26 yashar o‘zbekistonlik muhojir ayolniki ekani aniqlandi. Ostona politsiyasining Ozodlikka bildirishicha¸ bu ayolni tashlab ketgan shaxs ushlagan va hozirda tergov amaliyotlari davom etmoqda.
Ostona Ichki ishlar departamenti rasmiy vakili Sofiya Qolishbekovaning Ozodlikka aytishicha, 30 yashar o‘zbekistonlik erkak marhuma bilan Qozog‘iston poytaxtida nikohsiz yashab kelgan.
- Turkiston viloyatida yashovchi 30 yashar bu shaxs hibs etildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular birga 3 yilcha nikohda bo‘lishgan. Ularda hatto bolasi ham bo‘lgan – 2 yashar o‘g‘il bola hozirda shahar bolalar shifoxonasiga joylashtirildi. Nikohlari qayddan o‘tmagan ekan. Bu yerda qotillik bo‘lmagan - ayol jasadi ekspertizadan o‘tkazilib, uning sil kasalidan nobud bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, deydi politsiya rasmiysi.
Ismi sir tutilayotgan bu odam so‘roq paytida og‘ir va uzoq vaqt xasta bo‘lgan ayolning ijaraga olingan yotoqxonada jon berganini so‘zlab bergan.
Ko‘mishga yetarli mablag‘i bo‘lmagan turkistonlik erkak murdani sumkada ko‘chaga tashlab ketishga qaror qilgan, deya davom etadi Sofiya Qolishbekova:
- Kecha bergan ko‘rsatmasiga binoan, ayoli o‘lganidan keyin u nima qilishni bilmasdan boshi qotgan. Moliyaviy tomondan qiyin yashayotganini aytgan bu shaxs sumkada o‘likni uzoq bo‘lmagan “Shanxay” bozoriga tashlab kelishga qaror qilgan. U qochib ketadi, ammo politsiya xodimlarimiz uni topib, Turkiston viloyatida qo‘lga olishdi. Hozir bu shaxs tergov izolyatorida, tergov davom etayapti, dedi Ostona politsiya vakilasi.
Bu odam 2 yashar o‘g‘lini tanishlariga tashlab ketgani aniqlangach, nazorat inspektorlari bolani olib, Ostona shahar bolalar shifoxonasiga joylashtirgan
26 yashar o‘zbekistonlik ayol jasadi Ostonaning “Shanxay” bozoriga tutashgan Alash shossesi bo‘yida 13 sentabr kuni kechki soat 8 larda topilgan edi.