Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:31

BMT va AQSh Eron harbiy paradiga uyushtirilgan hujumni keskin qoraladi (VIDEO)


Eronning Ahvoz shahrida bo‘layotgan harbiy parad qatnashchilariga hujum, 22 sentabr, 2018 yil
Eronning Ahvoz shahrida bo‘layotgan harbiy parad qatnashchilariga hujum, 22 sentabr, 2018 yil

AQSh hamda BMT rasmiylari Eron janubi-g‘arbida harbiy parad davomida amalga oshirilgan hujumni keskin qoraladi. 22 sentabr kuni Ahvoz shahrida bo‘lib o‘tayotgan harbiy parad qatnashchilariga qilingan hujumda kamida 25 odam halok bo‘ldi, 60 odam jarohat oldi.

Eron oliy rahbari hamda prezidenti hujumni AQSh “qo‘g‘irchoqlari” amalga oshirganini iddao qildi.

22 sentabr kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Xizer Nauert: "Qo‘shma Shtatlar har qanday terror harakatini hamda begunoh odamlar qoni to‘kilishini qoralaydi. Biz radikal islomiy terrorchilik balosiga qarshi kurashda Eron xalqi bilan birgamiz va ularga ushbu ayanchli kunlarda hamdardlik bildiramiz", dedi.​

Avvalroq Eronning rasmiy IRNA agentligi “bu borada ma’lumotga ega” manbalarga tayangan holda harbiy kiyimdagi jangarilar Ahvoz shahrida bo‘lib o‘tayotgan parad ishtirokchilariga hujum qilganini xabar qilgan edi. Hujumchilar Eron bilan Iroq o‘rtasida 1980-88 yillarda sodir bo‘lgan urush xotirasiga bag‘ishlangan yillik paradni tomosha qilish uchun to‘plangan rasmiylarni nishonga olgan.

IRNA xabarida halok bo‘lganlar orasida oddiy fuqarolar, jumladan, paradni tomosha qilgani borgan ayollar va bolalar ham borligi aytildi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif hujumchilar “xorij tuzumi yollab, tayyorlagan va pul to‘lagan terrorchilar” ekanini ta’kidladi, ammo aynan qaysi xorijiy tuzumni nazarda tutganini ochiqlamadi.

Vazir hududdagi davlatlarni va ularning AQShdagi “yo‘l ko‘rsatuvchilarini” ayblar ekan, Tehron tezkorlik bilan javob qaytarishini ta’kidladi.

Eron matbuoti otishma ovozi eshitilar ekan, askarlar yerga yotib o‘rmalayotgani aks etgan videoni yoyinladi.

Eron qurolli kuchlari matbuot kotibi, brigada generali Adolfaziy Shekarchi davlat telekanaliga bergan intervyusida:

- [Hujum] soat roppa-rosa to‘qqizda sodir bo‘ldi. Bir necha kun oldin hodisa joyida qurollarini yashirib qo‘ygan to‘rt terrorchi o‘zini paradni tomosha qilish uchun kelgan fuqaro qilib ko‘rsatib, u yerga kirib olgan. Keyin qurollarini olib, odamlarni o‘qqa tutgan. Terrorchilarning uch nafari hodisa joyida o‘ldirildi, jarohat olgan bittasi shifoxonada jon berdi, - dedi.​

Yarim rasmiy Tasnim xabar agentligi hujumda Eron Inqilobiy gvardiyasining kamida sakkiz a’zosi halok bo‘lganini xabar qildi.

“Islom davlati“ ekstremistik guruhi ham, Eron hukumatiga qarshi Ahvoz milliy qarshilik harakati ham, biror isbot-dalilsiz, hujum uchun mas’uliyatni o‘z bo‘yniga oldi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy BMT Bosh assambleyasi majlisida qatnashish uchun Nyu-Yorkka otlanishidan oldin “AQSh dastaklab kelayotgan” Fors ko‘rfazi davlatlarini aksilhukumat arab guruhlarga “moliyaviy, harbiy hamda siyosiy yordam ko‘rsatishda” aybladi, ammo o‘z gapini tasdiqlovchi dalil keltirilmadi.

- Amerika mintaqadagi kichik qo‘g‘irchoq davlatlarni qo‘llab keladi. Qo‘shma Shtatlar ularni gijgijlab, kerakli narsalar bilan ta’minlamoqda, - deya so‘zini davom ettirdi prezident.

Ruhoniy, shuningdek, AQShni “noto‘g‘ri yo‘lni tanlagani uchun afsuslanishi” haqida ogohlantirdi.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ham hujum AQSh hamda uning mintaqadagi hamkorlariga aloqador, deb bilishini ta’kidladi, ammo o‘z iddaosini tasdiqlovchi ma’lumot keltirmadi.

BMT bosh kotibi Antonio Guterresh tashkilot Ahvozdagi hujumni qoralashi haqidagi bildiruvni e’lon qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham hujum ortidan Eronga hamdardlik bildirib, Tehron bilan terrorga qarshi hamkorlikda kurashishni yanada kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ahvoz shahri neftga boy Huziston viloyatining ma’muriy markazidir. O‘tmishda arab ayirmachilar viloyatdagi neft quvurlariga hujum qilgan holatlar kuzatilgan.

Keyingi yillarda Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tanglik avj oldi. Ikki davlat Suriya va Yamandagi urushlarda bir-biriga qarshi taraflarni, Iroq va Livanda esa raqib partiyalarni dastaklab keladi.

Ilk xabarlarda hujumni “takfiriy jangarilar“ amalga oshirilgani aytilgan edi. Eronda o‘tmishda sunniy musulmon jangarilar shu nom bilan atalgan.

XS
SM
MD
LG