Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:30

Bozorqo‘mlar ustidan ochilgan jinoiy ish doirasida prokuratura “Ippodrom”da tekshiruv boshladi


24 sentabr kuni Toshkentdagi sobiq “Ippodrom”¸ hozirgi “Chilonzor buyum savdo kompleksi”da prokuratura xodimlari keng ko‘lamli tekshiruv boshladi. Ozodlikka bu haqda xabar qilgan savdogarlarga ko‘ra, tekshiruv jarayonida bozordagi omborxona va ayrim do‘konlar muhrlangan. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tekshiruv piyoz mojarosi bois hibsga olingan bozorqo‘mlar ishi doirasida bo‘lib, jarayonning tadbirkorlar faoliyatiga xalaqit bermasligi ta’minlanmoqda.

So‘roq-javob boshlandi

Ozodlikka bog‘langan savdogarlarga ko‘ra, 24 sentabr kuni kechqurun “Chilonzor buyum savdo kompleksi”dagi savdo qiluvchi tadbirkorlar birma-bir so‘roqqa chaqirtirilgan.

“Kecha soat 5 larda boshlandi. Prokuraturadan bitta gruppa bo‘lib kelishgan. Ippodromdagi hammani chaqirishayapti. Men soat 7 ga yaqin bordim. Avval og‘zaki savol-javob qildi. Keyin yozma ravishda¸ avvaldan yozilgan savollarni berishdi. Shularni to‘ldirib berdim. Ular qonuniy ishlayapsanmi? Hujjatlaring bormi? Bozor ma’muriyatiga to‘lanadigan to‘lovlar uchun kvitantsiya olasanmi? Omborxonalardan foydalanish uchun shartnoma bormi?, deb so‘rashdi. Keyin shu savollarga yozma ravishda javob berdim”, deydi tergovga oid ma’lumotlarni ochiqlash oqibatidan cho‘chib¸ shaxsi sir qolishini so‘ragan tadbirkor.

Hujjatsizlar do‘konini ochmadi..

Ayni bozorda savdo qiladigan boshqa bir tadbirkor¸ 24-25 sentabr kunlari bozordagi ayrim do‘konlarning ishlamaëtganini bildirdi.

“Hujjatida ozgina muammosi borlarning do‘konini pechatlab qo‘yishdi. Skladlarni ham pechatlashgan. Patentsiz ishlayotganlarning tovarlarini musodara qilishni boshlashgan. Ippodromdan tashqari yonimizdagi Beshqo‘rg‘on bozorida ham do‘konlarini pechatlashgan. Skladga tovar qo‘yish uchun shartnomasi yo‘qlar ham bugun do‘konlarini ochishmadi. Ularning skladdagi tovarlarini musodara qilishayapti. Hali hamma bozorchini so‘roq qilishmadi. Bugun ham so‘roq berayotganlar bor”, dedi savdogar yigit.

Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlar prokuratura xodimlari yozma javob berishni talab qilgan so‘roqnoma nusxasini yubordi. Matndan bozordagi tadbirkorlarni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining tergov guruhi so‘roq qilayotgani ayon bo‘ladi. So‘roqnomadagi aksar savollar tadbirkorlarning “Chilonzor buyum savdo kompleksi”dagi omborxonalardan qanday foydalanib kelayotganiga oiddir.

Prokuratura qilgan yozma savol-javobning Ozodlikdagi

nusxasida tadbirkor yigit bozor omborxonasida yuk saqlash uchun ijara shartnomasi tuzmagan holda, ikki yildan beri omborxona qo‘riqchilaridan biri bilan kelishib, tovarlarini omborxonada saqlab kelganiga iqror bo‘lgan.

Ozodlik bog‘langan savdogarlarning aytishicha¸ “Chilonzor buyum savdo kompleksi”da jami 15 ta omborxona bor.

“Ippodrom bozoridagi 15 ta skladga jami taxminan 500 ta tadbirkor tovarini qo‘yadi. Keyin ko‘pchilik qo‘shni Do‘stlik, Bek Baraka, Beshqo‘rg‘on bozorlari omborxonalariga qo‘yadi. Ayrimlar bozor yaqinidagi xonadonlar bilan kelishib, olgan. Xonadon egalari uyining bitta xonasini kelishilgan narxga bozorchilarga ijaraga beradi. Bu bozor skladidan arzon tushadi", deydi savdogar yigit Ozodlik bilan suhbatda.

Piyoz mojarosi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, “Chilonzor buyum savdo kompleksi”dagi tekshiruv "piyoz mojarosi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan bozorqo‘mlar ishi doirasidagi qisqa tekshiruv bo‘lib, tekshirishni bozor ma’muriyati va tadbirkorlarning savdo-sotiq faoliyatiga xalaqit bermagan holda o‘tkazish choralari ko‘rilgan".

Ayni paytda mulozim tadbirkorlarning tovarlari musodara qilinish holatini inkor qilib, tekshiruv faqat bozor omborxonalari faoliyatini tekshirishga qaratilganini ta’kidladi.

Ozodlik Toshkentda 11 bozorqo‘m ikki oydan beri hibsda saqlanayotgani haqida 23 avgustda xabar qilgan edi.

Bosh prokuratura mulozimiga ko‘ra, bozorlar rahbarlari, jumladan, “Chilonzor buyum savdo kompleksi” rahbari davlat zahirasidagi piyozning chirib ketgani uchun ochilgan jinoyat ish doirasida qo‘lga olingan.

Dastlab piyoz mojarosi sabab ochilgan jinoyat ishi keyinchalik qo‘lga olingan bozorlar rahbarlarining faoliyatini taftishi bilan davom ettirilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati sentabr oyi boshida poytaxtdagi hibsga olingan bozor rahbarlari piyoz mojarosidan tashqari yana bir qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG