Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:23

O‘g‘rilikda gumonlangan kassir IIB xodimlari o‘zini 8 kun qiynoqqa solganini iddao qildi


Sho‘rchidagi pul yo‘qolgan Xalq banki binosi.
Sho‘rchidagi pul yo‘qolgan Xalq banki binosi.

Xalq bankining Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani filiali xodimasi Ra’no Esanova 6 sentabr kuni bankdan yo‘qolgan 20 ming AQSh dollarini o‘g‘irlaganlikda gumonlanib, tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan so‘roq qilingan.

25 sentabr kuni Ozodlikka murojaat qilgan Esanova¸ militsiya xodimlari o‘zini 6 sentabrdan 14 sentabrga qadar sakkiz kun davomida qiynoqqa solib, iqrorlik ko‘rsatmasi yozib berishga majburlaganini iddao qildi.

Sho‘rchi tumani Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Ozodlikka Ra’no Esanovaning bu iddaolarini rad qildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ mazkur voqea yuzasidan prokuratura tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

20 ming dollarning yo‘qolishi

Joriy yilning 6 sentabr kuni Xalq bankining Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani filialidan 20 ming AQSh dollari yo‘qolgani haqida birinchi bo‘lib Ozodlik 19 sentabr kuni xabar bergan edi.

O‘sha kuniyoq bu o‘g‘rilikda gumonlanib bank valyuta ayirboshlash shoxobchasining 23 yashar xodimasi Ra’no Esanova qo‘lga olingan.

25 sentabr kuni Ozodlikka gapirgan Esanova¸ voqea tafsilotlarini shunday hikoya qiladi:

- Pensiya bo‘limidagi yigitimiz kasal bo‘lib qolgani sababli meni pensiya tarqatishga yuborishdi. Obedgacha Sarvar degan ishchimiz bilan pensiya tarqatib, uyda obed qildim. Keyin bankka keldim. Men ishlaydigan xonada yana bir Dilfuza degan opa bilan o‘tirardik. Qarasam temir panjarali eshik yopiq, buxgalteriyada kutib o‘tirdim. Keyin Husan aka degan ishchimiz kelib bizning xonaning eshigini tortdi, ochiq qolgan ekan. Ie¸ ochiq qolgan ekan dedim-da, kirib o‘zimning ishim bilan band bo‘ldim. Keyin Dilfuza opa kelib, ishini boshladi va seyfini ochib, kimgadir pul jo‘natmasi bermoqchi bo‘ldi. Keyin bermadi va ikki pachka pulim yo‘q dedi. Hammasi shundan keyin boshlandi”, deydi Ra’no.

Kassir qizning ta’kidicha¸ pul g‘oyib bo‘lgan xonada videokamera bo‘lmagan.

Militsiya chaqirtirildi¸ so‘roq-savol boshlandi

Uning aytishicha, 100 dollarlik ikki pachka pul hech qaerdan topilmagach, militsiya chaqirtirilgan va bankning bir necha xodimi ichki ishlarga so‘roqqa olib ketilgan:

- Pul yo‘qolgandan so‘ng ikki soatlar o‘tib, Dilshoda degan dugonam 8 sentabrdagi to‘yiga taklifnoma olib keldi. U bilan biroz gaplashganimdan keyin ketdi. Meni, Nazar akani, To‘lqin akani, Husan akani militsiya bo‘limiga olib ketishdi. Yarim kechgacha so‘roq berdik, hammaga javob berdiyu, meni ushlab qolishdi. Menga pulni sen olgansan, deb tuhmat qila boshlashdi, deydi Ra’no.

Qiynoq iddaosi

Ra’no Esanova iddaosicha¸ uni 6 sentabr kuni bo‘limda olib qolishganicha¸ 8 kun ushlashgan va shu vaqt ichida qiynoq qo‘llab iqrorlik ko‘rsatmasi olishga urinishgan:

- Meni har kuni u xonadan bu xonaga, bu xonadan u xonaga qamab qo‘yardi. Oldimda doim bir melisa o‘tirardi. Meni esa tik turishga majbur qilishardi. Sen¸ oldingga kelgan qizga pulni berib yuborganingni tan olsang va yozib bersang¸ keyin o‘tirasan va suv ichasan deyardi. Bu ishlarni jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi Elmurod Ergashev va uning boshlig‘i Ziyodilla Begaliev qilardi, deydi Ra’no Esanova.

Ozodlik suhbatdoshi jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari o‘zini elektr toki bilan qiynoqqa solishganini iddao qildi:

- Ikki kun tik turib, holdan toyganimdan so‘ng, hushimdan ketib yiqilib tushdim. Duxtur chaqirib, ukol qildirishibdi. Bu orada uyimni tintuv qilishib, hech narsa topisholmabdi. Keyin yana tik qo‘yib, turtib, boshimga mushtlab qiynay boshlashdi. Har kuni shu ahvol davom etardi. Bir kuni Elmurod degani ko‘zimni bog‘ladi, keyin qo‘limni orqaga qilib bog‘ladi va oyog‘imni ham bog‘ladi. Keyin yerga o‘tirg‘izdi-da, qo‘limga ikkita sim uladi. Aytdiki, bu tok, o‘ttizga kirmay sochlaring oqaradi, iching tamom bo‘ladi. Keyin bir dirillatdi, men esa hushimdan ketdim. O‘zimga kelsam, o‘sha Elmurod degani polda sochimdan tortib ketayotgan ekan. Ingrasam, ha o‘zingga keldingmi, agar qo‘l qo‘ymasang, bundan battar bo‘ladi, ko‘zingni bog‘lab, qamoqxonadagi erkak mahbuslar oldiga tashlayman”, deganidan so‘ng boshqa chiday olmadim, barcha yozganlariga¸"o‘qiganman" deb qo‘l qo‘yib berdim, deydi bank xodimasi.

Ra’no Esanovaning aytishicha, 8 kunlik tutqunlik davomida bir marta onasi bilan uchrashtirilgan¸ advokat bilan uchrashuvga esa¸ umuman ruxsat berilmagan.

Esanova¸ tergovchilar bergan barcha yozma hujjatlarga qo‘l qo‘yganidan keyin¸ 14 sentabr kuni uyiga chiqarilganini aytadi.

Vrachga murojaat. Tibbiyot xulosasi

Uyiga qaytgach¸ salomatligi yomonlashgani sabab uning yaqinlari 15 sentabrga o‘tar kechasi Sho‘rchi tumani kasalxonasiga olib borishgan.

Kasalxonaning qabul-diagnostika bo‘limida u 4659 raqami bilan qaydga olingan.

Travmatolog vrach xulosasiga ko‘ra, Ra’no Esanova badanida “bo‘yin old yuzasi pastki uchligi chap sohasi terisining qizarganligi, chap qo‘l tirsak bo‘g‘imi ichki va tashqi yuzalarining, tosning chap dumba sohasida, o‘ng oyoq boldir old yuzasi yuqori va pastki uchligi, chap oyoq boldir old yuzasi yuqori va pastki uchligi sohalarining ko‘karishlari qayd qilingan”.

Surxondaryo, Sho‘rchi, qiynoq
Surxondaryo, Sho‘rchi, qiynoq

Esanova¸ o‘zining qiynoqqa solingani iddaosini quvvatlash uchun Ozodlikka 15 sentabr kuni kasalxonada olingan ayrim suratlarni taqdim etdi. Ularda qizning bo‘yni¸ tizzasi¸ oyog‘i va tosida ayrim ko‘karish izlari borligi ko‘riladi¸ lekin kuchli qiynoq asoratlarini ilg‘ash qiyin.

Surxondaryo, Sho‘rchi, qiynoq
Surxondaryo, Sho‘rchi, qiynoq

Prokuraturaga shikoyat

Qizining ichki ishlar bo‘limida qiynoqqa solingani haqidagi hikoyasi va badanidagi jarohatlar ortidan Esanovaning ota-onasi 15 sentabr kuni Sho‘rchi tumani militsiya xodimlari ustidan viloyat prokuraturasiga shikoyat qilgan. Bu shikoyat arizasi yuzasidan prokuratura sud-tibbiyot ekspertizasi o‘tkazgan. Hozircha bu ekspertiza xulosasi jabrlanuvchiga taqdim etilmagan; Ozodlik ham bunday xulosani ko‘rgani yo‘q.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi qarori
Surxondaryo viloyati prokuraturasi qarori

Militsiya vakili rad etadi...

Sho‘rchi tumani Ichki ishlar bo‘limi Jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Ziyodulla Begaliev Ozodlik bilan suhbatda Ra’no Esanovaning 8 kun hibsda ushlab turilganini inkor qildi:

- Xalq bankidan Ra’no Esanova gumonlanuvchi sifatida 8 kun ichki ishlar bo‘limida ushlab turilmagan. Boshqalar qatori ko‘rsatma berishga kelib turgan. Unga nisbatan qiynoq ham qo‘llanilmagan. Ra’no Esanova ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan, bankdagi o‘g‘rilik yuzasidan qo‘zg‘atilgan, dedi JQB boshlig‘i Ziyodulla Begaliev.

Sakkiz kun davomida bir marta qizimni besh minutga ko‘rsatishdi

Ra’no Esanovaning onasi Sabohat Esanova tuman Ichki ishlar bo‘limi JQB boshlig‘i Ziyodilla Begalievning aytganlarini "yolg‘on" deb baholadi:

“Bir necha kun davomida milisaxonaga borib, qizimni ko‘rsating deb zoru-tavollo qildim. Ko‘rsatishmadi. Keyin hokimiyat xotin-qizlar qo‘mitasiga borib yig‘ladim. Raisa militsiya boshlig‘iga telefon qilganidan so‘ng, besh minutgina uchrashtirishdi. Qizimning ahvoli juda ham xarob, yaxshiman dedi, xolos. Bilsam, onangga shikoyat qilsang bu kuningdan ham battar bo‘lasan, deb aytishgan ekan. Sakkiz kun davomida mana shu melisaxonda ushlab turishdi, hatto ovqat ham olishmadi”, dedi Sabohat Tog‘aeva.

To‘yidan olib ketilgan kelin

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ Xalq bankidagi o‘g‘rilikda gumonlangan yana bir shaxs - Ra’no Esanovaning dugonasi Dilshoda Xushbaqova to‘yi bo‘layotgan 8 sentabr kuni soat 22.15 da to‘yxonadan kelin ko‘ylagida tergovga olib ketilgan va 24 soat davomida advokatsiz so‘roq qilingan.

“O‘sha kechasi to‘y tugashi bilan militsiya xodimlari jiyanimni kelin ko‘ylagida militsiyaga olib ketdi. Ertasi kuni soat 22 gacha so‘roq qilishdi. Bizning birortamizni qo‘ymadi. Advokat olib kelsak, kirgizmadi. 9 sentabr kuni yarim kechasi javob berishdi. To‘yning ertasi kuni kelin salom, yuz ochdi gapi tadbirlarimiz qolib ketdi. Uzoqdan kelgan mehmonlar oldida mulzam bo‘lib qoldik. 6 sentabr kuni militsiya xodimlaridan biri go‘yoki qizimiz Ra’nodan paket olayotganini ko‘rgan emish. Axir ko‘rgan bo‘lsang, ushlamaysanmi. Dugonasiga to‘yiga taklifnoma bergani borgan qizimizga shunday tuhmatlar bo‘lib turibdi. Yaxshiyam kuyovimiz tushungan bola ekan. Hozircha tinch yashashayapti”, dedi to‘yidan IIB ga so‘roqqa olib keltilgan Dilshoda Xushbaqovaning amakisi O‘rol Pardaev.

IIB xodimlarining "vahshiyligi" jamoatchilikni larzaga solgan edi

Joriy yilning 4 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari o‘g‘rilikda gumonlangan ayolni qip-yalang‘och qilib echintirib, tahqirlagan edi.

Ozodlik bu voqeani yoritganidan so‘ng, shahar Ichki ishlar bo‘limi tezkor vakili San’at Umarov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, IIB boshlig‘i va yana yetti nafar militsiya zobiti ishdan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG