Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:20

Surxondaryoda Mirziyoev tanqididan so‘ng olib tashlangan postlar qayta tiklandi


Qayta ish boshlagan Qiziriq tumani posti
Qayta ish boshlagan Qiziriq tumani posti

Prezident Shavkat Mirziyoev tanqididan so‘ng o‘tgan yil dekabr oyida olib tashlangan Surxondaryodagi yo‘l-patrul postlari qayta tiklandi.

Haydovchilarning Ozodlikka bildirishicha¸ bu postlarda yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining yana mashinalarni to‘xtatib tekshirishi avvalgi shaklda davom etmoqda.

Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi postlarning paxta terimi paytida xavfsizlikni oshirish va paxta hosilining talon-taroj bo‘lmasligi maqsadida vaqtincha qayta tiklanganini bildirdi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashaydigan haydovchi Qahramon Ochildievning Ozodlikka bildirishicha¸ viloyatda o‘tgan yil yopilgan 15 postning hammasi bir hafta oldin qayta ishga tushgan.

“Men hozirgina Termizdan qaytdim. Yana hamma narsa bir yil avvalgidek. Barcha postlar qayta ishlayapti. GAIlar moshinalari bilan turibdi. Denovga yetib kelgunimcha uch joyda to‘xtatib, hujjat tekshirishdi. Mashina bagajini ochib ko‘rishdi. Haydovchilarning yana kayfiyatlari buzilgan. Prezidentimiz gapining ta’siri bir yilga ham bormadi”, deydi Ochildiev.

Qumqo‘rg‘on tumanida yashaydigan Faxriddin ismli haydovchi ham viloyatdagi avval olib tashlangan postlarning barchasi qayta tiklanganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

- Kecha Uzun tumaniga borib keldim. Sho‘rchiga, Denovga, Cariosiyoning To‘polon degan joyiga postlarni qo‘ygan ekan. Shu uchta tumandagi postlarda GAIlar mashinalarni to‘xtatib tekshirayotganini ko‘rdim, deydi Faxriddin.

Jarqo‘rg‘on tumanidan Qiziriq tumaniga mashinasida kelgan haydovchilardan biri Ozodlikka avval bo‘shab yotgan post yana ishlay boshlagani aks etgan suratni yubordi.

Qayta ish boshlagan Qiziriq tumani posti
Qayta ish boshlagan Qiziriq tumani posti

Bu surxonlikka ko‘ra, olib tashlangan shlagbaumlar ham qayta tiklangan.

“Mana, Sheroboddagi 42-post qayta ochilibdi. Termizga kiradigan post, Sho‘rchining markazidagi post, Denovdagi Xayrobod posti, Sheroboddan Darbandga chiqadigan post, xullas hammasi qayta tiklanganiga o‘zim guvoh bo‘ldim. Prezidentning buyrug‘ini bular sabotaj qilayotganidan Mirziyoevning xabari yo‘q, shekilli”, deydi jarqo‘rg‘onlik haydovchi.

Surxondaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, viloyat bo‘yicha postlar qayta tiklanganini tasdiqlar ekan, buning sababini paxta mavsumi bilan izohladi:

- Bu tadbir paxta yig‘im-terimida talon-tarojlikka yo‘l qo‘ymaslik va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun vaqtincha muddatga tashkil qilingan. Paxta yig‘im-terimi tugashi bilan bu postlar yana olib tashlanadi, dedi mulozim.

Ozodlikning, “paxtani kim talon-taroj qilishi mumkin” degan savoliga esa mulozim javob bermadi.

Мирзиёев текшириш назорат пунктлари тугатилишини буюрди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:42 0:00

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 dekabr Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida, behisob yo‘l-patrul postlari turizmni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgani va oddiy odamlarni qiynab yuborayotgani haqida gapirgan edi:

"Hozirgi vaqtda viloyatlar o‘rtasida yo‘l-patrul postlarining eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zingiz o‘ylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi", degan edi Shavkat Mirziyoev .

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi 25 dekabr kuni Ozodlikka bergan intervyusida viloyat bo‘yicha 15 dan ortiq postdan oltita post qolganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG