Surxondaryo viloyati Uzun tumanining Malandiyon qishlog‘ida yashaydigan 29 yashar usta yigit o‘z hamqishlog‘i, 5-sinf o‘quvchisini avval zo‘rlab, so‘ng o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi.
26 sentabrda sodir bo‘lgan bu fojia to‘g‘risida aytib bergan mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan biriga ko‘ra, qotillikda gumonlangan yigit qizchani avval zo‘rlagan, keyin bo‘g‘ib o‘ldirgan va jinoyat izini yashirish maqsadida uni osib qo‘ygan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi vakiliga ko‘ra, bu ish bilan ayni paytda viloyat prokuraturasining maxsus guruhi shug‘ullanmoqda.
Bu voqeadan yaxshi xabardor, ismi sir qolishini so‘ragan Uzun tumanidagi Malandiyon mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, butun tumanni titratib yuborgan bu qotillik 26 sentabr kuni sodir bo‘lgan:
“O‘sha kuni mahallamizdagi 6-maktabda o‘qiydigan 12 yashar qizcha uyda yolg‘iz qolgan. Uning qo‘shnisining uyida ishlayotgan usta yigit avvaldan bu qizchaga ko‘z olaytirib yurgan, bir-ikki marta tegajog‘lik ham qilgan ekan. 26 sentyabrь kuni u elektr simi kerakligini bahona qilib, uning uyiga kirgan. Qizchaning uyda yolg‘iz ekanligidan foydalanib, uyidagi podvalga olib kirib uni zo‘rlagan. Keyin bo‘g‘ib o‘ldirgan va jinoyat izini adashtirish maqsadida uni o‘sha podvalga osib qo‘ygan. Usta hayallaganidan so‘ng qo‘shnining uyiga kirgan uning hamkasblaridan biri bu holatni ko‘rib qolgan va boshqalarga xabar bergan”, deydi mahalla faollaridan biri.
Mahalla faolining aytishicha, qizchaning o‘qituvchi bo‘lgan otasi mehnat muhojirligida bo‘lgan:
“Qizchaning otasi Rossiyaga ishlagani ketgan edi. U o‘zimizda mehnat o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. O‘sha kuni onasi ham paxta tergani chiqib ketgan. Qotillikda gumon qilinayotgan yigit ham o‘zimizning mahalladan, uylangan, bir o‘g‘li va bir qizi bor. Bu voqea butun tumanni zir titratdi. Qizchaning janozasiga tuman hokimi va prokurori ham keldi. Prokuror, qotil eng og‘ir jazoni oladi, deb aytdi”, dedi mahalla faoli.
Uzun tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qotillikda gumonlangan shaxsning hibsga olinganini aytdi:
“Qotillikda gumonlangan shaxs o‘sha kuni hibsga olingan va aybiga iqrorligi haqida ko‘rsatma bergan. Tergov siri bo‘lgani uchun uning ismini oshkor etmaymiz. Bu ish bilan hozir viloyat prokuraturasining maxsus guruhi shug‘ullanmoqda”, dedi ichki ishlar bo‘limi mulozimi.
Surxondaryo viloyati prokuraturasidan bu voqeaga izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlash holatlari uchrab turadi.
Avgust oyida Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini jinsiy va jismoniy ekspluatatsiya qilinganlikda ayblanganlarga nisbatan sud hukmi o‘qilgan edi.
2015 yilda Jizzax viloyati Baxmal tumani markazida 19 may kuni yo‘qolgan 1-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi oradan qariyb ikki kun o‘tganidan so‘ng o‘lik holda topilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, qotil to‘qqiz yoshli qizchani zo‘rlagan va uni bo‘g‘ib o‘ldirib, jarlikka tashlab ketgan edi.
O‘sha yili Samarqandda 17 yoshli qiz 63 yoshli hamqishlog‘i tarafidan jinsiy zo‘rlanishi ortidan o‘zini o‘zi osib qo‘ydi.