Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:30

Koson hokimi prezidentga shikoyat qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor ayolni urdi


Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova
Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova

Qashqadaryo viloyati Koson tuman hokimi Baxtiyor Rajabov 11 sentabr kuni prezident sayyor qabulxonasiga shikoyat qilish uchun borgan tadbirkor Fazilat Normurodovani ko‘pchilik oldida kaltaklagan.

Fazilat Normurodovaning Ozodlikka iddao qilishicha, hokim Baxtiyor Rajabov barchaning o‘ngida haqorat qilgan, so‘ngra bo‘g‘ib tepkilagan.

Hokimning tepkisidan boshi bilan beton yerga yiqilgan Fazilat Normurodova kasalxonada hushiga kelgani, shifokorlar esa unga ataylab boshqa tashxis qo‘yganini iddao qiladi.

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajabov Ozodlik muxbiriga tadbirkor ayolni urganini inkor qildi.

Tadbirkor iddaosi

Koson tumanidagi bozorda tadbirkorlik qiladigan 49 yashar Fazilat Normurodovani aytishicha, 11 sentabr kuni u tuman Xalq qabulxonasiga kelishi kutilgan prezident devoni vakiliga yer masalasida shikoyat qilish uchun borganida tuman hokimi Baxtiyor Rajabovning qarshiligiga duch kelgan:

- Men Xalq qabulxonasiga borsam, hokim Baxtiyor Rajabov bir bobo bilan nimanidir tortishib o‘tirgan ekan. Eshikning qiyasidan ko‘rdim. Keyin ular tashqariga chiqdilarda, meni ko‘rdilar. Men hokimdan "endi meni ishim nima bo‘ladi, vakil keldilarmi", deb so‘radim. Hokim esa, sen portalchisan, yozuvchisan dedi. Men portalni prezidentimiz chiqargan dedim-da, u yerdan chiqib ketdim, deydi Fazilat Normurodova.

Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova olgan jarohat
Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova olgan jarohat

"Qornimga tepganda, beton yerga orqam bilan yiqildim"

Hokim ham ko‘chaga chiqib ketayotganda, tadbirkor undan yana bir marta muammosini hal qilib berishini iltimos qilgani, lekin bu iltimos oqibatida hokim o‘zini kaltaklaganini aytadi:

- Chiqib skameykaga borib o‘tirayotgandim, ortimdan hokim ham chiqib keldi. Men, "Baxtiyor aka, bir-birimizni yozuvchisan, portalchisan, demaylik. Ishimni hal qilib bersangiz ayting, bo‘lmasa qilmayman deng", dedim. Keyin, hokim meni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, xohlagan joyingga bor, dedi. Shunaqa ham yomon so‘zlar bilan so‘kdiki, men ham unga og‘zaki javobini berdim. Shunda hokim, so‘kinib oldimga yugurib keldi-da, tomog‘imdan ushlab bo‘g‘a boshladi. Ham bo‘g‘ardi, ham bir qo‘lini ajratib urardi. Atrofdagi to‘rt-besh odam yugurib kelib, arang ajratib olishdi. Ajratishganidan keyin hokim qornimga qattiq tepdi va men orqam bilan beton yerga yiqildim, deydi Fazilat Normurodova.

Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova bu izlar hokimning qo‘lini qattiq siqishi oqibati ekanini iddao qiladi.
Kosonlik tadbirkor Fazilat Normurodova bu izlar hokimning qo‘lini qattiq siqishi oqibati ekanini iddao qiladi.

Tadbirkor shundan so‘ng kasalxonada hushiga kelganini aytadi:

- Orqa miya bilan yiqilgan ekanman, boshqa hech narsani eslolmayman. Ko‘zimni ochganimda kasalxonada yotgan ekanman. Meni "Tez yordam" olib ketibdi. Miyam qattiq chayqalgan ekan. Yotgan joyimda besh kun qusish to‘xtamadi. Hozir ham boshim joyida emas, aylanadi, qusaman, deydi tadbirkor.

"Ataylab do‘xtirlar tashxis qo‘yishmadi"

Fazilat Normurodovaning iddao qilishicha, kasalxonada uni boshqa tashxis bo‘yicha davolashgan:

- Duxturlar meni faqat davleniya, yurak kasal deb davolashgan. Men ularga aytyapman, hoy insonlar, mening yuragim yaxshi, boshim aylanyapti desam ham, travmotologiyadan kardiologiyaga o‘tkazishmoqchi bo‘ldi. Boshimni umuman tekshirishmadi. Keyin bularga ishonmay Toshkentga borib, boshimni MRT qilib keldim. Duxturlar miyangiz chayqalib, jarohat olgan ekan, deb, bir dunyo dori yozib berdi. Hozir o‘sha dorilarni olib yotibman, deydi Fazilat Normurodova.

Tadbirkor kasalxona shifokorlarini hokim buyrug‘ini bajarganlikda ayblaydi:

- Duxturlar o‘zlari ham noto‘g‘ri ish qilishayotganini bilib turishibdi. Hokimga qarshi borib bo‘ladimi, yaxshi bo‘lib ketasiz, opa, deyishayapti. Shuning uchun ham, bugungacha aniq tashxis qo‘yishmagan. Kasalxonaga "Tez yordam" o‘sha kuni soat 10larda olib kelgan bo‘lsa, yashirib ushlab o‘tirishgan, travmotologiyaga soat 4 larda o‘tkazishgan, deydi Fazilat Normurodova.

Koson tumani markaziy kasalxonasi travmotologiya bo‘limi boshlig‘i Farhod Tursunov 1 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda, Fazilat Normurodovaning kasallik tarixi yodida yo‘qligi, 2 oktabr kuni tarixni ko‘rib aytishini bildirgan edi.

Ammo Tursunov Ozodlikning 2 oktabr kuni qilgan qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirdi.

Hokim javobi

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajabov 2 oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Fazilat Normurodovani urganligini inkor qildi:

- Qaerdan eshitasizlar bu gapni, urgan-purgan degan. Nima, bizning boshqa ishimiz yo‘qmi? Shuncha mehnat qilayapmiz, shuncha rivojlanish bo‘layapti, buni ko‘rmay turib, urdi-urdi, deysizlar. Bezovta qilmanglar, bunaqa urdi-surdi bilan, degan hokim aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha:

“F. Normurodovani arizasi asosida tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, uning doirasida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra JPK normalariga binoan tegishlicha choralar ko‘riladi, jinoyat ishi ko‘zg‘atish masalasi ekspertiza xulosasiga bog‘liq”.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, 2 oktabr kuni Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tergovchilari Koson tumaniga borib, voqeani o‘rganishga kirishgan.

Tergovchilar Fazilat Normurodova bilan uchrashib, undan bo‘lgan voqea haqida ko‘rsatma olgan va tadbirkor ayol davolanish uchun tuman kasalxonasining kardiologiya bo‘limiga yotqizilgan.

2 oktabr kuni Ozodlik gaplashgan Fazilat Normurodova o‘z e’tiroziga qaramasdan, nevrologiya emas, yana kardiologiya bo‘limiga yotqizilganidan taajjubda ekanini yashirmadi.

Urong‘ich va so‘kong‘ich hokim

Koson tumani hokimi Baxtiyor Rajabovning qo‘l ostidagi xodimlarini kaltaklagani haqida ilgari ham Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yilning 14 mayida Koson qishloq fuqarolar yig‘ini, Xalqobod qishlog‘ida yashovchi 27 yashar Bekzod Husenov hokim Baxtiyor Rajabov hokimlik binosidagi xizmat xonasida o‘zini kaltaklaganidan shikoyat qilgan edi.

Bu voqeadan ikki oy o‘tib, 18 iyulda Qashqadaryo viloyati Koson tumanida fermerlik qilib kelgan O‘ktam Eshmurodov dalasidagi shiyponda o‘zini osdi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan suiqasd tafsilotlariga yaqin kosonliklar iddaosicha, 43 yashar fermer bug‘doy rejasini bajara olmagani uchun ayni hokimdan kaltak yeganidan so‘ng o‘zini o‘ldirgan.

O‘tgan yilning dekabrida Ozodlikka kelgan 40 sekundlik qisqagina audioda Koson tuman hokimi Baxtiyor Rajabovniki ekanligi iddao qilingan ovoz egasi, aftidan, oldida turgan noma’lum bir shaxsni shunday deb haqorat qiladi:

“San hayvonsan. Man saning ko‘taningni sug‘urib olaman shu payt. Yozovurasan hokimni tilga olib. Q...imni yeysan. Akangam, ukangam, manga ... (tushunarsiz) ... beradigani hali onasini ...dan tug‘ilgani yo‘q. Tushundingmi? Man san hayvonga yordam qilaman, deb, akangga iltimos qilib, shunga ber, bitta qorindan tug‘ishgansan, deb yotsam, akamdan pul olgan, deb yozasan?! Mana, Qur’on urdimi? Hali sani ham uradi. Man sanga aytyapman. Qara ana, ozibgina qopsanku q...qa o‘xshab. Bundanam battar bo‘lasan. Chunki san muttahamsan. Pulni san opqo‘ygansan, man emasman”.

Ozodlikda chop etilgan bu iddaolar munosabati bilan Koson tuman hokimi Baxtiyor Rajabovga nisbatan biror qonuniy chora ko‘rilgani haqida ma’lumot yo‘q.

2017 yilning 22 dekabrida parlamentga qilgan murojaatida prezident Mirziyoev hokimlar zo‘ravonligini tanqid qilgan edi.

“Odamlarni haqorat qilishga kim hokimlarga huquq berdi?!” deb xitob qilgandi prezident jahl bilan.

Мирзиëев: Ҳокимга ким ҳуқуқ берди бировни ҳақорат қилишга?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:38 0:00

XS
SM
MD
LG