Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:38

Diniy qo‘mita "intizomsizligi" uchun bo‘shatgan imom "Vaqf"ga mas’ul bo‘ldi


Odilxon qori Ismoilov (chapda) Islom ota masjidi ochilishi munosabati bilan yozilgan ehson dasturxonida shu masjid imomi Abdulhakim qori bilan. 2016 yil, oktabr
Odilxon qori Ismoilov (chapda) Islom ota masjidi ochilishi munosabati bilan yozilgan ehson dasturxonida shu masjid imomi Abdulhakim qori bilan. 2016 yil, oktabr

Bundan ikki oy oldin bir qator kamchiliklari, xususan, masjid tartib-intizomiga rioya etmagani uchun ishdan bo‘shatilgan Odilxon qori Ismoilov “Vaqf” xayriya jamoat fondidagi mas’ul lavozimga tayinlandi.

Ayni paytda tilga olingan fond bilan bog‘liq yana bir yangilik ma’lum bo‘ldi: namozxonlardan tushadigan pul mablag‘lari “Vaqf”ga o‘tkazila boshlaganidan buyon masjidlar muhtojlarga moddiy yordam berolmay qolgan.

Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidining sobiq imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondining Diniy-ma’rifiy targ‘ibot bo‘limi mudiri etib tayinlangani to‘g‘risida tilga olingan fondning ismi sir qolishini istagan mulozimi xabar qildi.

“Odilxon qori aka ishga tayinlandilar, biroq hali ishga chiqmaganlari uchun e’lon qilmay turgandik”.

Joriy yil iyulida “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibligidan bo‘shatilgan Odilxon qori Ismoilovning o‘zi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati avvaliga imomning o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagani to‘g‘risida xabar qilgan, oradan 3 kun o‘tib esa, Odilxon qori Ismoilovning intizomsizligi uchun ishdan bo‘shatilgani haqida bayonot berilgan edi. Idora Matbuot xizmatining 24 iyuldagi bayonotida bunday deyilgan:

“Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov masjid tartib-intizomiga rioya etmagani, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmagani, tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatish kabi nuqsonlar hamda bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli ishdan olindi”.

Odilxon qori Ismoilov ishdan olinishi arafasida qilgan chiqishlaridan birida bolalarning masjidga qo‘yilishiga izn berilganini xushxabar deb aytgan va bu chiqish yozilgan video ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan edi.

Diniy idora fikricha, "masjid tartib-intizomiga rioya etmaslik, kundalik namozlarda muntazam bo‘lmaslik, tasdiqlanmagan xabarlarni Internet orqali tarqatish kabi nuqsonlari bor" odam qanday qilib mamlakat miqyosidagi “Vaqf”ning Diniy-ma’rifiy targ‘ibot bo‘limi mudiri etib tayinlandi?

Bu savolni Diniy idora rahbariyatiga berishning iloji bo‘lmadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li Ismoilov 1998-1999 yillarda Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi “Hazrati Umar” jome masjidida imom – xatib, 1999-2000 yillarda Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlagan. 2010 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom - xatibi o‘rinbosari. 2011 yildan 2018 yilning 20 iyuligacha Shayxontohur tuman bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom–xatibi bo‘lib ishlagan.

Masjidlar pulini "Vaqf" sanamoqda

Odilxon qori Ismoilovning “Vaqf”ga ishga o‘tishi shu tashkilot bilan bog‘liq yagona yangilik emas. Keyingi kunlarda Ozodlikka masjidlarga tushayotgan pullar bilan bog‘liq xatlar ham kelmoqdaki, ulardan biri mana bunday boshlangan:

“Masjidlardagi ehson qutilari kuchli nazoratga olingan. Hamma pul MXX kontrolida. 1 so‘migacha opketishvotti...”

Ozodlik mavzuni o‘rganarkan, “ehson qutilari kuchli nazoratga olingani” rostligini, biroq “hamma pul MXX kontrolida” ekanligi biroz oshirilgan gap ekanligini aniqladi.

Andijon viloyatidagi masjidlardan birining imom-xatibidan ham, Toshkent shahridagi masjidlardan birining mutavallisidan ham bir xil gapni eshitdik. Na masjidi nomi, na ismi aytilishini istagan bu ikki suhbatdoshimiz bu yilgi Ramazon hayitidan buyon pul ko‘rinishida masjidga qilinayotgan xayriyalar faqat qutiga tashlatilayotgani, juma namozlarida namozxonlardan etak yoyib pul yig‘ilmay qo‘ygani, xayriya qutilari soliqchilar va boshqa tegishli idoralar hamda masjid vakillari ishtirokida muhrlanayotgani, qutilar har juma yana komissiya tomonidan ochilayotgani, pulni soliqchi maxsus bank qopiga solib, surg‘uchlab olib ketayotganini aytdi.

Imom-xatib ham, mutavalli ham pul “Vaqf”ga tushishini biladi. Ayni paytda, ikkala suhbatdoshimiz ham bir-biridan mustaqil ravishda bir xil gapni aytdi.

“Ilgari, ya’ni pullar “Vaqf”ga topshirilmaydigan davrda ham hamma pul o‘zimizda qolmasdi – Diniy idoraga ketar edi. Lekin u davrda masjiddan yordam so‘rab keladigan ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish imkonimiz bo‘lar edi. Endilikda o‘shanday imkon mutlaqo qolmadi. Hamma pulni topshirishga majburmiz”.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi mulozimlari (bular ham ismlari aytilishini istamadi) imom-xatib va mutavalli aytgan gaplarni tasdiqladi. Ularning aytishicha, masjidlardan “Vaqf”ga tushadigan mablag‘ning 75 foizi masjidlarning o‘zlariga qaytariladi.

“Vaqf” fondi mulozimining aytishicha, “dotatsiyadagi” masjidlar ham mavjud, ya’ni ulardan tushadigan pul masjid xizmatchilari maoshi va boshqa ehtiyojlarini qoplashga yetmaydi va shunday paytda “Vaqf” o‘sha kamomadni qoplaydi.

Ayni paytda masjidlarga xuddi ishlab chiqarish korxonasi yoki savdo muassasasi sifatida yondoshilayotgani, ya’ni ular zimmasiga “pul topshirish plani” yuklanayotgani ham Ozodlikka ma’lum.

Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidi eshigiga ilingan e’lon
Qashqadaryo viloyat, G‘uzor tumanidagi Yarg‘unchi jome masjidi eshigiga ilingan e’lon

Andijondagi masjid imom-xatibi oyiga 500 ming so‘m, Toshkentdagi masjid mutavallisi oyiga 1 million so‘m maosh olayotganini bildirdi.

Ozodlikning “Masjidlarning muhtojlarga yordam berish imkoni qolmabdi, hamma pulni olib qo‘yayapsizlar ekan”, degan replikasiga javoban “Vaqf” mulozimi “muhtojlarga yordamni biz o‘zimiz berayapmiz”, dedi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat tashkiloti joriy yil 10 may kuni Adliya Vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2 ming 37 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG