Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:27

Ingushlar Checheniston bilan yer almashuvidan noroziliklarini davom ettirmoqda (VIDEO)


Ramzan Qodirov va Yunus-Bek Yevkurov shartnoma imzolash paytidi. 26.09.2018.
Ramzan Qodirov va Yunus-Bek Yevkurov shartnoma imzolash paytidi. 26.09.2018.

Bir necha kundirki Ingushetiya poytaxtida Checheniston bilan er almashtirilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Ingush faollari fikricha, almashuv teng bo‘lmagan.

Norozilik aksiyalarini to‘xtatishni talab qilgan Ramzan Qodirovning “Urushadigan bo‘lsak – urushib qo‘yaveramiz” degan so‘zlaridan g‘azabga kelgan ingushlar Checheniston prezidenti so‘zlarini tahdid sifatida qabul qildi.

Rossiyaning Ingushetiya respublikasi poytaxti Magasda Checheniston bilan yer almashuv haqida 26 sentabr kuni hukumat rahbarlari imzolagan kelishuvga qarshi norozilik aksiyalari avj olmoqda.

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov va Ingushetiya rahbari Yunus-Bek Yevkurov o‘rtasida imzolangan ma’muriy chegaralar to‘g‘risidagi kelishuv 4 oktabr kuni parlamentlar tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Biroq, agar Chechenistonda deputatlar bu hujjatni bir ovozdan qabul qilgan bo‘lsalar, Ingushetiya parlamentining 25 vakilidan 17 nafari uni ratifikatsiya qilishdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.

Ingush faollari yer teng almashilmagani va bu kelishuvda ingushlar haqlari buzilgani, shartnoma chechen rahbariyatiga foydali ekanini gapirmoqda. Mahalliy “Yabloko” partiyasi vakili Ruslan Mutsolgov so‘zlaricha, aslida bu kelishuvni faqat 5 deputatgina qo‘llab-quvvatlaganini e’lon qildi.

- Respublika hukumati xalqni "teng almashildi" deb aldayapti. Malgobekda chegarani bir amallab tekislashdi. Ammo janubi-sharqda berib yuborilgan yerlar - bu Erzi qo‘riqxonasidagi 20 ming gektar qalin o‘rmonku! - dedi aholi nimaga noroziligini tushuntirgan Ruslan Mutsolgov.

Ingushlar bu yerlarning chechenlarga berilishiga qarshi chiqdi. 26 sentabr kechki payt Magasga Rossiya Milliy gvardiyasi va politsiya qo‘shinlari kiritildi.

29 sentabrdagi Magasdagi mitingda 13 kishi OMONchilar tomonidan qo‘lga olindi. Biroq, ommaviy norozilik aksiyasi davom etmoqda: yuzlab odamlar parlament oldida tunu-kun turgani xabar qilindi.

4 oktabr kuni Ingushetiya parlamenti oldida yig‘ilgan olomon oldiga chiqqan prezident Yunus-Bek Evkurov parlament binosi oldidagi maydondan “bolalar va qariyalarni” olib ketishga chaqirdi.

- Ertaga ular qaerda ekanini bilmagan edim, deb o‘tirmang. Gaplarimni hammani eshitishini va tushunishni so‘rayman, degan Yevkurovni mitingchilar toshbo‘ron qila boshladi.

Bunga javoban prezident va hukumat rasmiylarini qo‘riqlayotgan politsiya osmonga qarata o‘q otdi.

Ayni paytda, Ingushetiya Konstitutsiyaviy sudi aholi tomonida turib, Checheniston bilan kelishuv referendumga olib chiqilishi kerakligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Ingushetiya aholisining davom etayotgan noroziligiga javoban, Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov “Grozniy TV” orqali chechen tilida quyidagilarni gapirdi:

- Qanaqa xalq? Tahdidni ko‘rmagan qo‘rqmaydi, albatta. Xafv-xatar paydo bo‘lsa oyoqlari qaltirab qoladi, aks holda issiq divanda o‘tirib yozaveradi. Bekorchi gaplarni gapirmang. Hech bo‘lmasa, Checheniston Respublikasi va xalqiga qarata. Javob berishga to‘g‘ri keladi.... Ollohning nomi bilan so‘rayman - o‘zingizga muammo yaratib o‘tirmang. Urushadigan bo‘lsak – meni bu ham qoniqtiraveradi. Kuchim yetsa – ta’zirini beraman. Kuchim yetmasa – siz o‘qingizni oling. Kerak bo‘lsa bag‘rikenglikni ham, ochiqqo‘llikni ham ko‘rsata olamiz. Ammo bema’ni gaplarni gapirayotganlar ham o‘z o‘rnini topadi.

Bu gaplarni aytgan Ramzan Qodirov, ayni paytda “ingush va chechenlarni “birodarlar”, deb atagan.

Efirda hukumat va jamoatchilik rahbarlari oldida chechen tilida so‘zlagan bu nutqini Ingushetiya aholisi “qurolli to‘qnashuv tahdidi” deya baholadi.

Biroq, Chechenistonda Qodirov so‘zlari ingush xalqiga qarata aytilmagani va “bema’ni gaplarni olib borayotgan ayrim shaxslarga” qaratilganini bildirishdi.

Ingush jurnalisti, jamoatchilik faoli Izabella Yevloeva o‘zining Feysbuk sahifasida Qodirov so‘zlarini boshqacha talqin qilishning iloji yo‘qligini bildirdi.

- Checheniston respublikasi rahbari endi nafaqat “o‘zinikilarga”, balki qo‘shni respublikada yashovchilarga tahdid qilmoqda, deb yozdi.

Mojaro tarixidan...

Chechen-Ingush avtonom SSR 1991 yilda tarqalib ketganidan beri ikki yangi respublika orasidagi chegara aniqlanmay qolib kelayotgandi.

2018 yilning 26 sentabrida ikki davlat o‘rtasida imzolangan hujjatda Chechenistonning Nadterechniy tumanining bir qismini Ingushetiya, Ingushetiyaning Malgobek tumanining bir qismini Checheniston olishi ko‘zda tutilgan.

Maydonga mitingga yig‘ilgan ingushlar namoz paytida
Maydonga mitingga yig‘ilgan ingushlar namoz paytida

Checheniston vakillari ikki respublika o‘rtasida “ekin-tikin qilinadigan biroz er-mulklar”dan tashqari deyarli hech qanday “bahsli hududlar” yo‘qligini gapirsa, mustaqil ekspertlar ikki respublika chegarasida har ikkala millat vakillari yashovchi qishloqlar borligi va bu mulklar “uniki yoki buniki” deyish millatlararo nizoga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirib kelgan.

2013 yilda Ramzan Qodirov Sunjen tumanining bir qismi Checheniston tarkibiga kiritilgani to‘g‘risida chiqargan qarori ingushlarning noroziligini keltirib chiqargan edi. Joriy yilning avgustida shu tumandagi ingushlarning Arshti qishlog‘ida Checheniston Ichki ishlar vazirligi YPX posti o‘rnatilgani ham aholi qarshiligiga uchradi.

Ayni damda, vaziyat nima bilan yakunlanishini kutayotgan rasmiy Kreml o‘z mulohazalarini bildirayotgani yo‘q.

- Biz u yerda muayyan ichki tanglik borligini bilamiz. Albatta, prezidentimiz kerakli ma’lumotni olayapti, shu bilan birga, hodisa joyida amaliy ishlar olib borilayapti. Shu sababli biror tashhis qo‘yishga hali erta, dedi Dmitriy Medvedev.

Juma, 5 oktabr kuni Ingushetiya poytaxti markazida mahalliy imomlar chaqirig‘i bilan aholi to‘planishi davom etmoqda.

XS
SM
MD
LG