Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:43

Moskva meri migrantlardan olinayotgan soliqlar oshib borayotganidan maqtandi


 Sergey Sobyanin
Sergey Sobyanin

Rossiya poytaxtida legal holatda ishlayotgan muhojirlardan tushayotgan daromadlar oshib bormoqda va yil oxiriga borib 245,2 million dollarga tenglashadi.

Bu haqda xabar bergan Moskva hokimi Sergey Sobyaninga ko‘ra, Rossiya byudjeti shu yili migrantlardan olingan soliqlardan kamiga 2,8 milliard dollarga boyiydi.

Moskva meri Sergey Sobyanin legal holatda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan tushayotgan daromad yildan yilga oshib borayotgani va yil oxiriga borib 16 milliard rublga (~245,2 million dollar) yetishi to‘g‘risida maqtandi.

- Moskva, ayniqsa, MDH davlatlaridan kelgan migrantlar yuqori darajada konsentratsiyalashgan shahardir. Bugungi kunda migratsiyadan tushayotgan daromad taqriban 16 milliard rublni tashkil etishi kerak. Bu nima degani? Patent uchun yuqori narx to‘layotgan migrantlar Moskvada mehnat qilayotgan rossiyaliklar bilan adolatli bir holatga kelmoqda, chunki ilgari ular hech vaqo to‘lashmagan va ularni ishga olish o‘ta foydali bo‘lgan. Ammo bugun vaziyat o‘zgardi, dedi Moskva shahar Dumasi oldida yillik hisobot bergan paytida Sobyanin.

Bundan oldinroq shahar hokimi Moskvada noqonuniy mehnat migratsiyasi masalasi o‘z yechimini topgani va moskvaliklarni boshqa bezovta qilmayotganini ta’kidlagandi.

U migrantlarning asosiy qismi legal holatga o‘tgani va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab borayotganini bildirdi.

Sobyaninga ko‘ra, 2017 yilda Rossiya byudjeti migrantlardan 160 milliard rubldan (2,8 milliard AQSh doll.) ziyod daromad olgan, Moskva byudjetiga esa, mehnat muhojirlari ishga ruxsatnomasidan 15,7 milliard (~277 mln doll.) miqdorida daromad tushgan.

Joriy 2018 yilning birinchi besh oyi davomida migrantlardan olinayotgan soliqlar o‘tgan yilning shu vaqtiga silishtirganda 20 foizga oshgani kuzatilgan edi. Kuzatuvchilar bunga qisman 2018 yilda mehnat patenti Moskvada 300 rublga, ya’ni 4200 dan 4500 rublga oshirilganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning iyul oyida Moody's Investors Service reyting agentligi yuqori haq to‘lanayotgan Moskvaga intilayotgan mehnat muhojirlari shaharning moliyaviy ahvolini yaxshilayotgani va kredit reytingini oshirayotgani borasida xabar qilgandi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2017 yilda ishga ruxsatnoma – patentlar berish 12 foizga oshganini rasman e’lon qilgandi.

Ayni paytda, muhojirlardan tushayotgan daromadlar oshayotganini e’tirof etayotgan Rossiya hukumati migratsiya qonunchiligini yanada kuchaytirishga intilmoqda. Jumladan, shu kunlarda Rossiya tegishli idoralarida “migrantlarning ijtimoiy-madaniy adaptatsiyasi” masalasiga bog‘liq qonun loyihasi muhokama qilinayotgani va u 2019 yilning 15 yanvarigacha Duma muhokamasiga kiritilishi ma’lum qilindi.

Rossiya IIVsi ma’lumotiga binoan, bugunga kelib Rossiya Federatsiyasi hududida ishlayotgan 8,5 million migrantdan 1,9 millioni – O‘zbekiston vatandoshlaridir.

XS
SM
MD
LG