Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:33

NATO Sovuq urush tugaganidan buyon eng yirik harbiy mashg‘ulotni boshladi


NATO Sovet Ittifoqi parchalanganidan buyon o‘zining eng yirik harbiy mashqlarini boshladi. Yevropaga tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan mashg‘ulotlarda o‘n minglab harbiy ishtirok etmoqda.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg mashqlarni alyansning mahorati, birligi hamda jur’atining “kuchli namoyishi” deya ta’rifladi.

Trident Juncture nomi berilgan mashg‘ulotning asosiy bosqichi Norvegiyada 25 oktabr kuni NATOga a’zo barcha 29 mamlakat hamda ularning Finlyandiya va Shvetsiya kabi sheriklari ishtirokida boshlandi.

Mashg‘ulotlar ikki hafta davom etishi rejalashtirilgan.

- Bugun muhim kun, chunki Trident Juncture – NATOning sovuq urush tugaganidan buyon eng yirik harbiy mashg‘uloti, - dedi Stoltenberg.

Ushbu mashg‘ulotlar NATO va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar taranglashib borayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiya va alyans o‘rtasidagi tanglik Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib olib, mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llay boshlaganidan keyin kuchayib ketdi.

NATO Rossiyani yadroviy qurollar bo‘yicha AQSh va Rossiya o‘rtasidagi erishilgan bitimda man etilgan raketalardan foydalanib kelayotganini aytib, tanqid qilib keladi.

Rossiya esa, o‘z navbatida, alyansni o‘z chegarasiga yaqin hududda provokatsion harakatlarga qo‘l urishda ayblab keladi.

- Trident Juncture a’zo davlatlarga hamda potensial dushmanga ochiq-ochiq oydin xabar yuboradi: NATO to‘qnashuvni istamaydi, ammo hamkorlarimizni har qanday tahdiddan himoya qilishda tayyormiz, - dedi 24 oktabr kuni Stoltenberg.

Stoltenberg mashqlar NATO qobiliyatlarini hamda unga a’zo davlatlarning hamkorlik qilishga jasoratini yaqqol ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

Trident Juncture mashqlarida taxminan 65 kema, 250 uchoq, 10 ming transport vositasi hamda 50 ming harbiy qatnashadi.

Mashqlar 25 oktabrdan 7 noyabrgacha davom etadi. 14–23 noyabrda esa qo‘mondonlik punktlari mashqlari o‘tkaziladi.

Moskva NATOning sobiq Varshava bitimi davlatlari hamda Boltiqbo‘yi davlatlarini o‘z safiga qo‘shib olish rejasini "ig‘vogarona" deya ta’riflab keladi.

Keyingi yillarda har ikki taraf bir-birini bir necha marta bosqinchilikda aybladi.

Rossiya 2017 yilning sentabrida Belarus bilan hamkorlikda “Zapad–2017“ nomi berilgan mashqlarni o‘tkazgan edi.

O‘tgan oyda esa Rossiyaning markaziy va sharqiy hududlarida yirik “Vostok–2018“ mashqlari o‘tkazildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi mashqlarda taxminan 300 ming odam ishtirok etganini bildirdi.

Bu ko‘rsatkich Sovuq urush yillarida SSSRda o‘tkazilgan eng yirik mashqlardagidan ikki barobarga ko‘pdir.

25 oktabr kuni Rossiya va Belarus mudofaa vazirliklarining qo‘shma yig‘inida so‘zga chiqqan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu:

- Chegaralarimiz yaqinida [NATO] operatsion hamda harbiy mashqlari ko‘lami va jadalligi oshib bormoqda, - dedi.

Rossiya NATO mashqlarini tanqid qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Norvegiyaning ularga kuzatuvchi yuborish taklifini qabul qildi. Stoltenberg oshkoralik uchun bu yaxshi holat ekanligini ta’kidladi.

- O‘zlarini professional tutib, xavfli vaziyat va yurish-turishdan saqlansalar, ular mashqlarni nazorat qilishlari muammo emas, deb o‘ylayman, - dedi NATO yetakchisi.

Stoltenberg mashq ishtirokchilari “shimol“ va “janub“ kuchlariga bo‘linishini, navbati bilan agressor hamda NATO himoya kuchlari rolini o‘ynashlarini aytdi.

- Mashqlar agressiyadan keyin hamkorimiz ushbu holatda Norvegiyasuverenitetini tiklashga qanchalik tayyor ekanligimizni sinaydi. Bu sun’iy stsenariy, lekin olgan saboqlarimiz haqiqiy bo‘ladi - dedi NATO bosh kotibi.

XS
SM
MD
LG