Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:27

Silga chalingan bolalar ko‘rpa-to‘shagi terimchi askarlarga berib yuborildi (VIDEO)


To‘rtko‘ldagi 5 sanatoriy internat-maktabi yotoqxonasi
To‘rtko‘ldagi 5 sanatoriy internat-maktabi yotoqxonasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internati o‘quvchilarining ko‘rpa-to‘shaklari paxta terayotgan harbiy xizmatchilarga berib yuborildi.

Bu internatda davolanib o‘qiyotgan sil kasalligiga moyil bolalar kechasi bilan uxlolmay sovqotib chiqayotgani, shamollab kasal bo‘layotgani haqida ota-onalar Ozodlikka 25 oktabrda shikoyat qildi.

Maktab ma’muriyati yuqorining buyrug‘i bilan 50ta ko‘rpa-to‘shak safarbarlik rezervidagi harbiylarga berib yuborilganini tasdiqladi.

To‘rtko‘l tumanidagi 5-sanatoriya maktab-internatida farzandi o‘qiyotgan, ismi sir qolishini so‘ragan onalardan birining aytishicha, u farzandiga uyidan ko‘rpa-to‘shak olib borib berishga majbur bo‘lgan:

"O‘g‘limning ozgina sil kasalligi bor. Shuning uchun shu internatga bergan edik. Besh kun internatda, ikki kun uyda bo‘ladi. Lekin, oxirgi marta kelganida kechasi bilan sovqotib chiqyapmiz, ko‘rpa-to‘shagimizni olib qo‘yishgan, faqat choyshab yotib yotibmiz, dedi. Borib ko‘rsam, haqiqatan shunday. Bolalar sovuq xonalarda qaltirab yotibdi. So‘rasam, askarlarga berib yubordik, paxta tugasa qaytarib berishadi, agar imkoni bo‘lsa uyingizdan ko‘rpa olib keling, deyishdi. Keyin, uydan olib borib berdim," - deydi onalardan biri.

Ozodlik bolalarning faqat choyshab yopib yotgani aks etgan videoni ham qo‘lga kiritdi.

Силга чалинган болалар кўрпа-тўшаги теримчи аскарларга бериб юборилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:19 0:00

Videoda bolalarning ko‘rpachasiz divanda, choyshab yopib yotgani aks etgan.

Ozodlik maktab-internat tarbiyachilaridan biri bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ma’lumot bergani uchun jazolanishidan cho‘chib¸ ismi ochiqlanmasligini so‘ragan tarbiyachi bolalarning ahvolini ko‘rib, yuragi achiyotganini Ozodlikka aytdi:

50 ta ko‘rpa, 50ta to‘shakni 28 sentabrda paxta terayotgan askarlarga deb, olib ketishdi. Bolalar ko‘rpachasiz, ustiga pododeyalnik yopib yotadigan bo‘lishdi. O‘sha kunlar havo iliq edi, unchalik sezilmadi. Endi esa yomg‘ir yog‘ib, havo sovuganidan keyin, bolalar shamollab, kasal bo‘la boshladi. Kechasi bilan aylanib ularning prostinga o‘ralib g‘ujanak bo‘lib yotganini ko‘rsam, ichim ezilib ketadi. Buning ustiga bu bolalar silga moyil. Ularga sovuq, namgarchilik umuman mumkin emas. Nahotki, shonli terimchi askarlarimizning kuni kasal bolalarning ko‘rpa-to‘shagiga qolgan bo‘lsa”, deydi tarbiyachi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu ko‘rpalarning olib ketilishi gigienik tomondan ham to‘g‘ri emas:

Sil - yuqumli kasallik. Bemor bolalar yotgan ko‘rpa-to‘shaklarda yotgan askar bolalar bu kasallikni yuqtirib olmasligiga garantiya yo‘q. Endi paxtadan keyin qaytarib olib kelingan, changu iflosliklarga bo‘kkan bu ko‘rpalar yana bolalar tagiga solinishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi”, deydi tarbiyachi.

Ozodlik suhbatlashgan internat o‘quvchilaridan biri bolalar xonada sovqotib kasal bo‘layotganini aytdi:

"Bizning maktabda ko‘rpa yetishmay turibdi. Ko‘p bolalar gripp bo‘lyapti, ko‘rpa bermay turibdilar", dedi o‘quvchilardan biri.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi 5 sanatoriya maktab-internati direktori Nurillo Ro‘zimov kasalxonada bo‘lgani bois, uni topishning imkoni bo‘lmadi.

Ko‘rpa topshirishga mas’ul qilib qo‘yilgan maktab-internat buxgalteri Guliston Jabborova Ozodlik bilan suhbatda 50 ta to‘shak va 50ta ko‘rpa 28 sentabr kuni maktab direktorining buyrug‘i bilan askarlarga berib yuborilganini aytdi:

- Ko‘rpa-to‘shaklarni paxta tamom bo‘lganda qaytarib olamiz. Uning o‘rni ta’minlandi. Direktor buyrug‘ini bajarmasdan boshqa ilojim yo‘q edi. Hozir xabarim yo‘q, boshqa ishga o‘tganman, - dedi Guliston Jabborova.

To‘rtko‘l tumanidagi 5 sanatoriya maktab-internatida qariyb 240 nafar o‘quvchi bor.

Internat tarbiyachilari sil kasalga moyil bo‘lgan bolalarni jismonan baquvvat qilishga ixtisoslashgan internatda “menyuga ikki ovqat yozilib faqat bittasi” berilayotgani haqida Ozodlikka 19 oktabr kuni shikoyat qilgan edi.

To‘rtko‘l tumani hokimligidan bu voqeaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG