Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:25

Jizzaxda o‘qituvchilar paxta terimiga chiqarildi. Farg‘ona, Namangan, Samarqandda ham


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jizzax viloyat, Do‘stlik tumanidagi maktablar o‘qituvchilarning bir guruhi 24-25 oktabr kunlari majburan paxta terimiga chiqarildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan maktab direktorlaridan birining aytishicha, har bir maktabdan o‘ndan ortiq o‘qituvchi darslarini boshqa o‘qituvchilarga qoldirib, dalaga chiqqan.

Bundan tashqari, o‘qituvchilar uyma-uy yurib aholini paxta terishga da’vat etishga majbur qilinyapti.

Tuman paxta shtabi o‘qituvchilar paxtaga chiqarilganini inkor qilmoqda.

Do‘stlik tumani markazidagi 13-, 14-, 18-, 2- umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari 24-25 oktabr kunlari paxta terimiga majburan chiqarilgani haqida ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Jizzaxda yoqqan yomg‘ir tinganning ertasi kuni, 24 oktabrda tuman hokimi va prokurori maktab direktorlariga bir qism erkak o‘qituvchilarni paxta terimiga chiqarish haqida og‘zaki buyruq berdi. Men ham o‘qituvchilarga vaziyatni tushuntirib, qariyb o‘n kishini paxtaga chiqarishga majbur bo‘ldim. Masalan, 1- maktabning deyarli barcha erkak o‘qituvchilari paxtaga haydaldi. Sizlarga chiqishimdan maqsad, bu gaplarni o‘qituvchilar bu yil paxtaga chiqmaydi degan Bosh vazir janoblariga yetkazib qo‘yish”.

Tumandagi 13- umumta’lim maktabning ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi ikki kun davomida ular “hashar” shiori ostida paxta terimiga majburan chiqarilganini Ozodlikka aytdi:

“Direktorimiz bizga qaysi fandan ikki-uchtadan o‘qituvchi bo‘lsa shulardan bir-ikkitasi chiqsin dedi. Biz Bosh vazirning o‘qituvchi dalaga chiqmaydi degan buyrug‘i bor, bu yog‘i qandoq bo‘ldi, desak, bu “hashar” dedi. Ikki kun Bog‘zor QFY hududida paxta terib keldik. Paxtaga tuman xalq ta’limi bo‘limidan Saidmurod degan ma’naviyatchi bosh-qosh bo‘lyapti. XTBdan Dilshod degani qancha odam chiqqanini sanab yuribdi. Bugun ham boshqa o‘qituvchilar chiqishi kerak edi, lekin Xalqaro mehnat tashkilotidan komissiya kelyapti ekan, deb to‘xtatib turishibdi”, dedi o‘qituvchi.

Ismi sir qolishini so‘ragan 2-umumta’lim maktabining o‘qituvchilaridan biri, ular aholini paxtaga da’vat etishga safarbar etilganini aytdi:

“Ertalabdan, biz uyma-uy yurib aholini paxta terimiga chiqinglar deb yuribmiz. Bir-ikki soat shunaqa “targ‘ibot” ishlarini olib borganimizdan so‘ng, ishimizga qaytamiz”, dedi o‘qituvchi.

Do‘stlik tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri sanatoriyda dam olayotgani bois uni topishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman paxta shtabining boshlig‘i Alisher Eshonqulov, o‘qituvchilarni paxta terimiga jalb qilish borasida hokimlik tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lmagan, dedi:

- Bizda xalq ta’limi, shifokorlar umuman paxta terimiga chiqarilmagan. Bizda faqat aholi shartnoma asosida paxta teryapti. Prezident qarorining ijrosi qattiq bizda. Agar unaqa narsani eshitsak, o‘zimiz yugurib borib, bartaraf qilamiz.

O‘zbekiston Bosh vaziri 21 iyunda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va endilikda faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini aytgan edi.

Lekin, shunga qaramasdan, o‘qituvchilarning mahalliy hokimlar tomonidan majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida Ozodlikka xabarlar kelishi davom etmoqda.

Jumladan, 26 oktabr kuni Ozodlik olgan xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi har bir maktabdan 15 nafardan o‘qituvchini majburan paxtaga olib chiqyapti.

25 oktabr kuni Ozodlik Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘qituvchilarni har yakshanba kuni majburiy paxta terimiga chiqarayotgani haqida xabar oldi.

Ozodlikka 8 oktabrda kelgan xabarda esa, “Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘qituvchilar paxta terimiga majburiy jalb qilinmoqda. Bu masalada yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, majlisda berilgan topshriqlarni sir saqlash talab qilindi. Paxtaga bitta maktabdan olti nafar va undan ko‘p xodim borishi kerak ekan. To‘raqo‘rg‘onda Prezidentning o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etmaslik haqidagi topshirig‘i sabotaj qilinmoqda”, deyilgan.

XS
SM
MD
LG