Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:32

Kam ta’minlanganlarga ajratilgan arzon un terimchilarga berib yuborildi


Bu suratning Angordagi voqeaga aloqasi yo‘q. Yakkabog‘da arzon un sotilyapti.
Bu suratning Angordagi voqeaga aloqasi yo‘q. Yakkabog‘da arzon un sotilyapti.

Surxondaryo viloyati Angor tumanida kam ta’minlangan oilalar uchun ajratilgan arzon un faqat terimda ishtirok etgan shaxslarga berilmoqda.

Kam ta’minlangan oilalar vakillaridan ba’zilarining Ozodlikka shikoyat qilishicha, mahalla oqsoqollari "paxta termagansan" deb, kambag‘al va kasal oilalarni ro‘yxatdan o‘chirib tashlagan.

Tuman mahalla jamg‘armasi raisi bunday iddaolarda asos yo‘qligini aytdi.

Angor tumanining Oxunboboev mahallasida yashaydigan pensioner Bobomurod Rajabovning Ozodlikka aytishicha, paxtaga chiqmagani uchun uning oilasiga un berilmagan:

- Mahallaga arzon un kelibdi, deb eshitib borsak, “siz ro‘yxatda yo‘qsiz, siz paxta termagansiz”, deb bermadi. O‘zim ham, oilam ham nafaqada bo‘lsa, qanday paxta teraylik. Un faqat paxtakorlarga ekan, bizlarga yo‘q ekan, deydi Bobomurod Rajabov.

Oxunboboev mahallasining ismi sir qolishini so‘ragan ayollaridan birining aytishicha, hattoki bemorlar ham arzon un olishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan:

“Men kasalxonaga ketgan edim. O‘g‘lim borsa “mahalla posboni sizlarning oilangizdan hech kim paxta terimiga chiqmagan, biz o‘z xalqimizga beramiz” debdi. Ie, biz paxta termaganimiz uchun begona bo‘lib qoldikmi? Axir, meni paxta terishga holim bo‘lmasa, yarim umrim kasalxonada o‘tsa, bizning aybimiz nima?”, deydi mahalla ayollaridan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan uchinchi suhbatdoshning arz qilishicha, garchi uning xotini qo‘shni mahallada paxta tergan bo‘lsa ham, un berilmagan:

“Xotinim qo‘shni mahalladan ijaraga bir gektar paxta yeri olib, o‘sha yerda ishlaydi. Shartnomaga ko‘ra, xotinim ishlagani uchun o‘sha paxtazorning g‘o‘zapoyasini oladi. Lekin, mahalla oqsoqoli xotining boshqa mahllada paxta tergan deb, un bermadi. Axir, paxtani bir vatan uchun teryapmizku. Buning ustiga ikkimiz ham kasallik bo‘yicha do‘xtirning ro‘yxatida turamiz. Adolatsizlik bo‘lyapti”, deydi suhbatdosh.

Oxunboboev mahallasi kotibi Erkin Gapparov un hammaga teng tarqatilishi kerakligi borasida mahalla raisi Qurbon Jumanazarov bilan tortishgani va buning ortidan unga tahdid bo‘layotganini Ozodlikka aytdi:

“Men mahalla kotibiman. Un hammaga teng tarqatilishi kerak, paxta terganga ham, termaganga ham deb rasi bilan tortishdim. Rais yo‘q. Faqat paxta terganlar uchun yuborilgan bu un deb turib oldi. Ba’zilarga ikki-uch qopdan ham berib yubordi. Bugun esa, tushdan keyin mahalla raisining o‘g‘li kelib, “otamni ishlashga qo‘yasizmi” deb urishib ketdi. Men, otang adolat qilsin, dedim. Buning ortidan menga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar uyushtirilishi mumkinligidan ham xavotirdaman”, dedi Erkin Gapparov.

Ozodlikning Oxunboboev mahallasi kotibi Qurbon Jumanazarov bilan bog‘lanishga qilgan harakatlari natija bermadi: oqsoqol qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Angor tumani mahalla jamg‘armasi raisi Obid Jo‘raev Ozodlik bilan suhbatda arzon un faqat terimchilarga berilayotganini inkor qildi:

- Hech qanaqa unday gap yo‘q. Hozir mana Markaz mahallasining yonida turibman, unaqa gap yo‘q. Kam ta’minlanganlarning uyiga unni o‘zimiz ham olib borib berdik. Oxunboboev mahallasida ham hammaga teng tarqatilgan, kuni-kech o‘zim borib ko‘rganman. Paxta majburiy emas, kim tersa pulini olyapti. Un bilan paxtaning hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q, dedi Obid Jo‘raev.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Angor tumanining Oxunbobev mahallasiga olib kelingan 110 qop un aholiga 87ming 500 so‘mdan sotilgan. Yana 500 so‘mdan yo‘lkira haqi olingan.

O‘zbekistonda mahallalarga bozor narxidan arzon bo‘lgan un tarqatib kelinadi.

Asosan kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q oilalarga va nogironlarga beriladigan un, paxta terimi paytida mahalliy oqsoqollarning aholini paxta terimiga jalb qilish vositasi sifatida ko‘riladi.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidan qo‘ng‘iroq qilgan Husniddin Qarshiev, paxta mavsumi davomida kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan arzon narxdagi un va yog‘ mahallalarga berilmay qo‘yilgani haqida Ozodlikka gapirgan edi.

25 oktabr kuni Ozodlik Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘iga davlat tomonidan ajratilgan unning urush-janjal qilib olayotgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG