Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:23

O‘zbek bloggerlari sinovi: Berilgan ozodlik qaerda cheklanadi?


Davronbek Tojialiev
Davronbek Tojialiev

Sentabr oyida O‘zbekistonda bir necha onlayn faol qo‘lga olinishi ortidan blogger, o‘zbeklar orasida yaxshi tanilgan Ziyouz ma’rifiy portali asoschisi Davronbek Tojialiev chemodanini tayyorlab, eshigi taqillashini kutdi.

Ammo militsiya xodimlari kelmadi va hukumat siyosati va rasmiylarini tanqid qilib kelayotgan Tojialiev o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Ushbu holat Toshkent keyingi 25 yil ichida so‘zlashdan hayiqib qolgan o‘zbeklarga ayrim erkinliklarni berishga tayyor ekanligidan darak beradi.

Karimov davrida bloggerlar faqat kichik, asosan mahalliy masalalar haqida yoza olardi xolos
Davron Tojialiev

Ammo O‘zbekiston o‘zini erkin davlat qilib ko‘rsatishga urinayotgan bo‘lishiga qaramasdan, ayrim bloggerlar qo‘lga olinganidan mamlakatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar cheklangan ekanligini xulosa qilish mumkin.

Hukumat tanqidlarga hali ham toqatsizlik bilan qaraydi. Ayniqsa, din mavzusi O‘zbekiston hukumati uchun nozik masaladir.

Tojialiev hukumatning so‘z erkinligi bo‘yicha ikkiyuzlama siyosati o‘ziga o‘xshagan bloggerlarni to‘xtata olmasligini aytdi.

- Qo‘lga olishlaridan qo‘rqmadim, ammo bunga tayyor turdim, - dedi faol.

Sobiq prezident Islom Karimov davrida O‘zbekistonda hukumat ommaviy tarzda tanqid qilinishi misli ko‘rilmagan holat edi.

Karimov davrida qamalgan Yusuf Ro‘zimurodov kabi tanqidchilar uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tadi. 1999 yil qamalgan Ro‘zimurodov joriy yilning mart oyida – 19 yil deganda ozodlikka chiqarildi.

- Karimov davrida bloggerlar faqat kichik, asosan mahalliy masalalar haqida yoza olardi xolos, - deydi Tojialiev. - Jiddiy va siyosiy masalalarni muhokama qilib bo‘lmasdi.

Shavkat Mirziyoev prezident etib saylanganidan keyin, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi.

So‘nggi ikki yil ichida o‘zbek bloggerlari ancha faollashdi.

Mirziyoevning va boshqa bir necha hukumat rasmiysining ham o‘z Facebook sahifasi bor.

Ammo o‘zbeklarning 3 foizidan ozrog‘i muntazam ravishda mazkur ijtimoiy tarmoqdan foydalanadi.Ular turli platformalarda, jumladan, Facebookda hukumatning o‘ta qat’iy yoki keraksiz siyosatlarini tanqid qilib turadilar.

- Bloggerlar harakatlantiruvchi kuchga aylandi. Nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki jamiyatda ham, - dedi Tojialiev.

O‘zbekistonda keyingi paytda bir necha marta bloggerlar rasmiylarning noqonuniy harakatlarini tanqid qilishi ortidan tegishli rasmiylar ishdan olindi.

O‘tgan haftada Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvda tizzasigacha bo‘kib turgani aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, qizg‘in muhokamalarni qo‘zg‘atdi.

Ko‘zlarida norozilik alomatlari sezilgan va suvning sovuqligiga zo‘rg‘a chidab turgan 6 kishining surati O‘zbekiston bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda bloggerlar va oddiy foydalanuvchilar tomonidan keskin tanqid qilinishi ortidan Mirzaev ishdan olindi.

Shunga o‘xshash holatlardan ilhomlangan o‘zbek bloggerlari yoz oylarida hukumatning maktablarni hijoblarni man etish qarorini tanqid qildi. Ammo bu safar bloggerlar javobgarlikka tortildi.

28 avgustdan 2 sentabrgacha bo‘lgan oraliqda O‘zbekistonning turli shaharlarida bloggerlar Atxam Olimov (Musannif Adham), Ziyodulla Kabirov (Ziyovuddin Rahim), Otabek Usmonov, Xurshidbek Muhammadroziqov, Miraziz Ahmedov, Dilshodbek Xalilov va Sulaymon Erkinlar qo‘lga olindi. Bosh prokuratura bloggerlar huquq-tartibot xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlikda ayblanib 10-15 kunlik hibsga hukm qilinganlari to‘g‘risida rasman bildirdi.

O‘zbekistonlik qator bloggerning hibsga olinishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek kontentida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

- Bir necha oy oldingi jasorat va norozilikni boshqa ko‘rmayapmiz. Bloggerlar yana kichik va eski masalalar haqida yozishga qaytdi, - dedi Tojialiev.

Ammo faol kelajakka bo‘lgan optimizmi ozaygan bo‘lsa-da, qat’iyati o‘zgarmaganini aytdi.

- Qilayotgan ishim jinoyat emasligini bilaman, shu sabab qo‘rqayotganim yo‘q. Bundan tashqari, ommaviy va xalqaro bosim endilikda o‘z ta’sirni ko‘rsatuvchi unsurga aylandi. Balki shu narsa menga ozgina ishonch bag‘ishlayapti.

(Reyter axborot agentligi muxbiri, Muhammadsharif Mamatqulov)​

P.S. 31 oktabr kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani jinoyat-qidiruv bo‘limining 3 nafar xodimi o‘zbekistonlik bloger Davronbek Tojialievni olib ketgani va maxsus suhbatdan so‘ng qo‘yib yuborilgani haqida blogerning o‘zi Feysbuk sahifasida shunday sharh qoldirdi:

"Kirib chiqdim. Menimcha, xavotirlanadigan joyi yo‘q.
Uydan Uchtepa tumani jinoyat-qidiruv bo‘limining 3 nafar xodimi olib ketishdi. To‘g‘ri tushuntirishdi, bo‘limga borib, tushuntirish xati yozib kelasiz, deyishdi. Ular oldida bemalol telefonda gaplashdim, Feysbukka kirib yoza oldim.
Bo‘limda 2012 yili "ziyouz.com kutubxonasi" yozuvli "Movarounnahr" nashriyotida 1992 yili chop etilgan "Islom ikki o‘t orasida" kitobini yuklab olib, jinoiy ish ochilgan (bu kitob 2010 yili ziyouz.comkutubxonasiga joylangan, so‘ng taqiqlangan adabiyot ekanligi bilingach, olib tashlangan. Men kitobni o‘qiganman, uning ichida hech qanday ekstremistik g‘oyani sezmaganman. 16 varaqli tarixiy bir esse xolos) G‘. Z. ko‘rsatmasiga ko‘ra, tushuntirish xati olishdi.
So‘ng maktab formasi haqidagi fikrim bilan qiziqishdi. Avval Feysbukda yozgan fikrimda qat’iyligimni aytdim.
Samimiy, hurmat doirasida suhbat qilishdi.
(Hozircha) menga nisbatan hech qanday jinoyat ishi ochilmagan, deyishdi. Kontaktlarimni qoldirdim. Kerak bo‘lsa, yana murojaat qilishlarini aytishdi.
Men haqimda qayg‘urgan barchaga tashakkur!"

XS
SM
MD
LG