Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:22

Namoyandalar palatasi demokratlar qo‘liga o‘tdi. AQSh tashqi siyosatida qanday o‘zgarishlarni kutish mumkin?


Keyingi ikki yil davomida prezident Donald Tramp ma’muriyati AQShning uzoq yillardan beri o‘zgarmay kelgan hamkorliklarini savol ostiga olib, mamlakat tashqi siyosatini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi.

Endilikda Vashington tashqi siyosatining yana o‘zgarishini kutish mumkin, chunki Kongressning quyi palatasi bo‘lmish Namoyandalar palatasida g‘alaba qozongan demokratlar bundan buyon mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

AQSh siyosiy tuzumi shunday tuzilganki, unda ijro etuvchi hokimiyat - Oq uy - mamlakat tashqi siyosatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Ammo Kongress a’zolari pul masalasiga kelganda katta ta’sir kuchiga ega: urush, diplomatiya hamda razvedka amaliyotlari byudjeti ularning qo‘lidadir.

Namoyandalar palatasidagi demokratlar qaysi qonun loyihalari ko‘rib chiqilishini aniqlashda hamda mamlakat byudjetini sarflash va qonunlarini o‘zgartirishda kattaroq rol o‘ynaydi.

Bu esa AQSh Rossiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarga qat’iyroq munosabatda bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Demokratlar Namoyandalar palatasida g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, Senat boshqaruvi respublikachilar qo‘lida qoldi.

Kuni kecha o‘tkazilgan saylov respublikachilarning Senatdagi pozitsiyasini yanada mustahkamladi.

Brukings instituti ilmiy xodimi Marvin Kalbning aytishicha, mazkur holat AQShning tashqi siyosatini yanada chigallashtirishini kutish mumkin.

- Juda ko‘p muzokara bo‘ladi, yanada ko‘proq tergovlar, uchrashuvlar bo‘ladi. Ammo bularning soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, prezidentga taklif qilinishi mumkin bo‘lgan kontrargument, kontrstrategiya ishlab chiqish ehtimoli shunchalik oz bo‘ladi, - dedi Kalb.

Sobiq AQSh davlat kotibi Jon Kerrining shtab yetakchisi Devid Ueyd saylovdan oldin chop etgan maqolasida demokratlar o‘z rejalarini tuzishlari kerak bo‘ladi, degan fikrni ilgari surdi.

- Demokratlar tashqi siyosatni ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi. ... Buning uchun o‘zini globalizatsiyadan ortda qolganmiz, deb hisoblovchi Trampga ovoz bergan saylovchilar bilan aloqani tiklab, Trampizmga qarshi global alternativa taklif qilish kabi nozik masalalar bo‘yicha o‘zlariga yo‘l topishlari kerak bo‘ladi.

Britaniyaning Rossiya va NATOgi vakili hamda Britaniya Tashqi ishlar vazirligining boshqa lavozimlarida ishlagan Ian Bond Yevropada AQShdagi oraliq saylovlar Vashingtonning keyingi yo‘nalishini belgilovchi qadam o‘laroq ko‘rilayotganini aytdi.

Bondning aytishicha, Shimoliy Amerika va Yevropa o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlikka ishonuvchilar saylov natijasida Amerikaning Yevropadagi hamkorlarini qadrlovchi hamda prezident Trampning transatlantik hamkorlikni bekor qilish qobiliyatini cheklovchi Kongress shakllanishiga umid qilmoqdalar.

Quyida yangi Kongress o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan masalalar bilan tanishishingiz mumkin.

Rossiya

Respublikachilar boshqaruvi ostida Kongressning ikki palatasi 2014 yilda Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini annektsiya qilib olib, rossiyaparast ayirmachilarni dastaklay boshlaganidan keyin, Moskva masalasida bir xil qarashga ega bo‘lib keldi.

2017 yilda “Amerika dushmanlariga qarshi sanksiyalar yordamida kurashish” (CAATSA) qonun loyihasi deyarli bir ovozdan qo‘llandi.

Demokratlar boshqaruvidagi Namoyandalar palatasida bu holat o‘zgarmasligini kutish mumkin.

Kreml tanqidchisi Eliot Engel Namoyandalar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasiga yetakchisi etib tayinlanishini bashorat qilish mumkin.

Yana bir Rossiya tanqidchisi Adam Smit esa Namoyandalar palatasi qurolli xizmatlar qo‘mitasi raisi etib tayinlanishi mumkin.

Saylovdan oldin Senat o‘zining Moskvaga bosim o‘tkazishga qaratilgan, demokratlar ham, respublikachilar ham qo‘llagan sa’y-harakatlarida muhim o‘rin tutgan shaxsan ayrildi.

Senat Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Bob Korker oraliq saylovda qatnashmaslikka qaror qildi.

Qo‘mitaning respublikachi a’zosi Jim Rish Korker o‘rnini egallashi taxmin qilinmoqda.

Rish Korker yoki ushbu lavozimni egallashga qiziqish bildirgan Marko Rubiolardek Rossiyaning ashaddiy tanqidchisi emas.

Qolaversa, Rish Oq uyga qarshi chiqmay keladi.

Rubio esa 2016 yilgi prezidentlik saylovida Tramp bilan bellashgan edi.

Senat Rossiya masalasida yana bir e’tiborli mutaxassis Jon Makkeyndan avgust oyida ayrildi.

Senat Qurolli xizmatlar qo‘mitasi raisi lavozimida ham ishlagan Makkeyn vafotidan oldin AQSh mudofaa siyosatiga katta ta’sir o‘tkazib kelayotgan edi.

Mazkur qo‘mita raisligi Jim Inxofga topshirildi. Inxof bu lavozimda qolishini kutish mumkin.

Inxof CAATSA qonunini qo‘llab ovoz bergan bo‘lsa-da, Makkeynchalik Kreml tanqidchisi emas.

Senatdagi ayrim demokratlar, jumladan, Robert Menendes Rossiyaga qarshi bosimni oshirishga chorlab keladi.

Kongressda Ukraina masalasida katta o‘zgarishlar kutilayotgani yo‘q. Keyingi ikki yil davomida respublikachilar ham, demokratlar ham Kievni qo‘llab keldi.

Namoyandalar palatasidagi demokratlar Ukraina ko‘proq qurol-aslaha olish uchun uni moliya bilan ta’minlashni ko‘rib chiqishi mumkin.

Eron

Tramp prezident etib saylanganidan keyin, AQShning Tehronga bo‘lgan munosabati o‘zgardi.

Ko‘plab respublikachilar hamda Trampning maslahatchilari Barak Obamaning Tehronga bo‘lgan munosabatiga skeptitsizm bilan qarab kelayotgan edilar.

Aksar demokratlar esa Eron hamda dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida 2015 yilda imzolangan kelishuvni qo‘llab keladi.

Ammo Tramp kelishuv doirasida bekor qilingan sanksiyalarni qayta tiklab, Eronning ballistik raketa dasturi hamda Yaqin Sharqdagi harakatlariga qarshi yanada ko‘proq sanksiya joriy qildi.

Namoyandalar palatasi demokratlar boshqaruvida bo‘lgani bilan, Tramp Eronga qarshi keskin siyosatini davom ettirishini kutish mumkin, chunki sanksiya joriy qilish asosdan Oq uy qo‘lidagi ishdir.

Bunga qaramasdan, Namoyandalar palatasidagi demokratlar Tramp maslahatchilarini chaqirib, ma’muriyatning Eron bo‘yicha siyosati haqida ko‘rsatma berishga undashi mumkin.

Kongressda CAATSA qonuniga Eron ham kiritilgan edi.

Tom Kotton kabi senatorlar Tehronga qarshi qat’iy choralarni qo‘llab kelayotgan bo‘lsa, Rend Pol va Mayk Li kabi boshqa senatorlar har qanday urush harakati moliyalashtirilishiga qarshi chiqib keladi.

Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistoni AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin musulmon hamkoridir.

Ar-Riyod AQShdan milliardlab summadagi qurol-aslaha sotib olib keladi.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni global neft narxlarini barqaror ushlab turishga ko‘maklashib, Yaqin Sharqdagi mojarolar bo‘yicha parda ortida chora ko‘rib keladi.

Ammo voris shahzoda Muhammad bin Salmonni tanqid qilib kelgan jurnalist Jamol Xashoggining o‘ldirilishi Vashington va Ar-Riyod o‘rtasidagi aloqalarni sovitib yubordi.

Jurnalist 2 oktabr kuni Istanbulda Saudiya Arabistoni konsulligida Saudiya rasmiylari yuborilgan maxsus killer guruh tomonidan o‘ldirilgan.

AQShning har ikki partiyasi Trampni Saudiya Arabistoniga qarshi chora ko‘rishga chorlamoqda.

Tramp prezidentligi davomida Saudiya qirolligi bilan aloqalarni Oq uy boshqarib kelyapti.

Prezidentning kuyovi Jared Kushner Vashingtonning Yaqin Sharqdagi siyosatini boshqarib keladi.

Namoyandalar palatasidagi demokratlar Oq uyni Xashoggi o‘limi uchun Ar-Riyodni jazolashga chorlashini hamda Kushnerning Saudiya yetakchilari bilan o‘rnatgan aloqalarini yaqindan o‘rganishini kutish mumkin.

Bu orada Yamandagi vaziyat og‘irlashib bormoqda.

AQSh siyosatchilari Saudiya Arabistonining Yamandagi amaliyotlarini cheklashga chaqirib keladi.

Demokratlar yetakchiligidagi Namoyandalar palatasi Ar-Riyodni jazolash uchun turli chora ko‘rishi mumkin.

Saudiya Arabistoni qurol xarid qilishini cheklash bunga misol bo‘la oladi.

Myuller tergovi

Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga aralashuvi hamda Tramp hamkorlarining Rossiya rasmiylari bilan aloqasi bo‘yicha AQSh maxsus prokurori Robert Myuller yetakchiligida olib borilayotgan tergov Tramp ma’muriyati ustidagi eng yirik sharpadir.

Bugunga qadar Myuller komandasi yetti shaxs aybiga iqror bo‘lishiga erishdi, 26 boshqa shaxsga hamda uch Rossiya shirkatiga rasmiy ayblov qo‘ydi.

Namoyandalar palatasidagi respublikachilar Myuller tergoviga to‘sqinlik qilmay keladi.

Ayrim respublikachilar Myuller guruhi Trampga qarshi ekanligini iddao qilgan.

Mayk Konavay yetakchiligida Namoyandalar palatasi respublikachilari mart oyida Tramp saylov kampaniyasi hamda Rossiya rasmiylari til biriktirmaganini xulosa qilib, Razvedka qo‘mitasi ishini to‘xtatdi.

Palatadagi demokratlar esa qo‘mita xulosasini qo‘llamadi.

Bu holat kechagi saylov ortidan o‘zgaradi.

Razvedka qo‘mitasi raisi etib tayinlanishi kutilayotgan Adam Shiff ushbu masalani chuqurroq o‘rganishga majbur bo‘ladi.

Ushbu masalada Senat Razvedka qo‘mitasi ko‘proq natijaga erishdi, chunki respublikachi rais Richard Burr demokrat Mark Uorner bilan yaxshi aloqa o‘rnatgan.

Nima bo‘lganda ham, Namoyandalar palatasidagi demokratlar hamda Senatdagi respublikachilarning Trampga qarshi kurashishga hozirligi keyingi haftalarda ayon bo‘ladi.

Tramp Myuller tergovini nazorat qilishdan bosh tortgan bosh prokuror Jeff Seshnsni ishdan bo‘shatishini aytib, tahdid solib keladi.

Seshns siqib chiqarilsa, uning yordamchisi Rod Rozenshteyn taqdiri noma’lum bo‘lib qoladi.

Agar Tramp Myullerni ishdan olishga yoki unga bosim o‘tkazishga urinsa, Namoyandalar palatasidagi demokratlar prezidentga qarshi impichment jarayonini boshlab yuborishi mumkin.

XS
SM
MD
LG