Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:24

Umr uzoqligiga genlarning ta’siri juda kam


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Kishi DNKsi uning ko‘zi va soch rangi, diabetga chalinish yoki yuqori xolesterolga ega bo‘lish ehtimolini belgilaydi. Ko‘pchilik umr uzoqligi ham genetikaga bog‘liq ekanligiga ishonadi. Ammo 400 milliondan oshiq odamni o‘rgangan yangi izlanish natijalariga ko‘ra, aslida bunday emas.

Genetics jurnalida chop etilgan maqolada yozilishicha, umr uzoqligi asosan hayot tarziga bog‘liq bo‘lib, DNKning unga bo‘lgan ta’siri 10 foizdan ozdir.

Ancestry.com oila tarixi sayti tadqiqotchilari qarish biologiyasini o‘rganib kelayotgan Calico Life Sciences shirkati bilan hamkorlikda genetika hamda umr uzoqligi o‘rtasidagi aloqani o‘rganib chiqqan.

Xususan, ular 439 323 145 nafar shaxsning shajarasini analiz qilganlar. Bunday shajaralar kishining tug‘ilgan kuni va joyi, o‘lgan kuni, oila a’zolari va qarindoshlari kabi ma’lumotlarni o‘zida jamlaydi.

Tadqiqotchilar matematik hamda statistik hisoblar yordamida XIX asrda hamda XX asr boshida tug‘ilgan shaxslarni o‘rganib chiqishgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, umr uzoqligining 20 yoki 30 foizinigina genlar belgilaydi. Jinsi boshqa-boshqa bo‘lgan qarindoshlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich 15 foiz ekanligi aniqlangan.

Qizig‘i, er-xotin umri uzoqligi o‘xshash bo‘lishi aniqlangan. Hatto juftliklar umri uzoqligi o‘rtasidagi farq aka-uka yoki opa-singillar o‘rtasidagi farqdan ham oz bo‘lishi kuzatilgan.

Ushbu holat er-xotin bir xil muhitda yashashi, o‘xshash yashash tarziga hamda parhezga amal qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Olimlar juftliklar umri uzoqligining o‘xshash bo‘lishi kishining moddiy ahvoli bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqdalar. Ularning aytishicha, badavlat shaxslar o‘zlariga mos juft izlagani uchun ularning umr uzoqligi mutanosib bo‘ladi.

Turmush o‘rtog‘ini tanlash omili e’tiborga olinganda, genetikaning umr uzoqligini belgilashdagi roli atigi 7 foiz ekanligi aniqlangan.

Maqola mualliflaridan biri hamda Ancestry.com saytining yetakchi ilmiy xodimi Keti Boll CNN agentligi bilan suhbatda “genetik komponent mavjud bo‘lsa-da, mazkur izlanish hayotingizdagi boshqa unsurlar katta ta’sirga ega ekanligini ko‘rsatdi”, dedi.

XS
SM
MD
LG