Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:30

Talabalarni galstuksiz kelgani uchun urgan o‘qituvchi ishdan bo‘shatildi (VIDEO)


Buxoro muhandislik texnologiya instituti o‘qituvchisi Ramazon Muhiddinov talabalarni galstuk taqmagani uchun urmoqda.
Buxoro muhandislik texnologiya instituti o‘qituvchisi Ramazon Muhiddinov talabalarni galstuk taqmagani uchun urmoqda.

13 noyabr kuni Buxoro muhandislik texnologiya instituti o‘qituvchisi ishdan bo‘shatildi.

Institut mas’ullariga ko‘ra, 59 yashar Ramazon Muhiddinovning ishdan bo‘shatilishiga uning talabalarni kaltaklayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketishi sabab bo‘lgan.

Ikki kundirki, buxorolik talabalarning kaltaklanishi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

27 sekundlik videoda katta yoshlardagi bir erkak o‘ndan ziyod yigitni sinf xonasida doska oldiga qator qilib qo‘yib, ularni birma-bir urayotgani aks etgan. Erkak birinchi yigitning qorniga musht tushiradi, boshqa yigitlarning yuziga mushtlaydi. Erkak har bir yigitga avval musht tushiradi, keyin uni “Kozyol” deya haqoratlaydi. Ba’zi yigitlar ikkitadan musht yeydi.

Ozodlik ushbu voqea joriy yilning 6 mart kuni Buxoro muhandislik texnologiya institutida sodir bo‘lgani va videoda kaltak yegan yigitlar oliygohning birinchi kurs talabalari ekanini aniqladi.

Institut talabalaridan biriga ko‘ra, kaltaklash voqeasi o‘sha kursdagi talabalardan biri tomonidan mobil telefoniga tasvirga olingan va oradan 8 oy o‘tib, 12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Ismini ochiqlashdan xavfsiragan talaba yigit talabalarning kaltaklanishi sababini aytdi:

“O‘sha kuni 1-kurs talabalari institutga galstuk taqib kelmagani uchun kaltaklangan”.

Institut rektori yordamchisi Asrorbek Ashurovning Ozodlikka aytishicha, oliygoh talabalarining kaltaklanishi voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, institutda ishchi guruh tuzilib, voqea tafsilotlari o‘rganilgan.

Ishchi guruh videoda talabalarni kaltaklayotgan erkak - Elektronika va ishlab chiqarish axborot-kommunikatsiya texnologiyalari fakultetining Oliy matematika kafedrasi dotsenti Ramazon Muhiddinov ekanini aniqlagan va u ishdan bo‘shatilgan.

Asrorbek Ashurovga ko‘ra, oliygohda uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan 59 yashar Ramazon Muhiddinov kaltaklash voqeasi oshkor bo‘lgach, o‘z xohishiga ko‘ra, ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan.

“Video tarmoqlarda tarqalganining ertasiga, ya’ni bugun - 13 noyabr kuni Muhiddinov o‘zi xohishiga ko‘ra, ishdan bo‘shab ketdi”, dedi Ashurov.

Ozodlik Ramazon Muhiddinov bilan bog‘lana olmadi.

Rektor yordamchisi Asrorbek Ashurovning aytishicha, oliygoh talabalari tomonidan shu paytgacha o‘qituvchilar zo‘ravonligi haqida birorta ham shikoyat tushmagan.

“Bizning institutdagi ta’lim berish jarayoni xuddi shu videodagi kabi degan taassurot bo‘lmasligi kerak. Aslida institutimizda bu ilk holat. Muhiddinov o‘sha kuni asabiy holda bo‘lgan bo‘lsa kerak, shu voqea sodir bo‘lgan. Bu yaxshi emas albatta. Bu voqea institut nomiga dog‘ tushirdi. Institut professor-o‘qituvchilariga nisbatan, ta’lim jarayoniga nisbatan salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq biz bu kabi voqea boshqa takrorlanmasligini kafolatlaymiz”, dedi Asrorbek Ashurov.

Institut o‘qituvchilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, kaltaklash voqeasidan so‘ng oliygohdagi o‘qituvchilar orasida tushuntirish ishlari o‘tkazilib, talabalarga zo‘ravonlik qilish holatlariga chek qo‘yish borasida gapirilgan.

O‘zbekistonda ta’lim jarayonidagi mushtumzo‘r o‘qituvchilar ustidan shikoyatlar uchrab turadi.

Ikki hafta avval o‘z o‘quvchilarini qatorasiga terib, haqoratli so‘zlar bilan birma-bir do‘pposlagan Namangan Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji​ ​o‘qituvchisi Farhod Karimov ishdan bo‘shatildi.

O‘tgan oy Toshkent shahar, Chilonzor tumani militsiyasi poytaxtdagi 164-sonli maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini kaltaklagani yuzasidan tergov boshlagandi.

Sentabr oyida Xorazm viloyat, Bog‘ot tuman prokuraturasi Olimpiada milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 36 yashar murabbiysi shu maktabning 5- sinf o‘quvchisini dars paytida kaltaklagani voqeasini o‘rganishni boshladi. Bolaning yaqinlari Ozodlikka 5- sinf o‘quvchisi 20 sentabr kuni kaltaklangani ortidan komaga tushganini aytishgandi.

XS
SM
MD
LG