Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:31

Soliqchilar reydi ortidan “Malika” tadbirkorlari do‘konlarini yopib qo‘ydi


"Malika" bozoridagi yopiq do‘konlardan biri. 2018, 14 noyabr kuni olingan surat
"Malika" bozoridagi yopiq do‘konlardan biri. 2018, 14 noyabr kuni olingan surat

Toshkentdagi elektr tovarlari bilan savdo qiluvchi “Malika” savdo markazidagi do‘konlarning 80 foizdan ortig‘i 14 noyabr kuni ishlamadi.

Bunga Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimlarining bozor do‘konlariga 13 noyabr kuni uyushtirgan reydi sabab bo‘lgani aytimoqda.

Ozodlik suhbatlashgan sotuvchilarning aytishicha, 13 noyabr kuni savdo markazidagi bir necha do‘konning tovarlari olib qo‘yilganidan so‘ng, tadbirkorlarning aksariyati 14 noyabr kuni do‘konlarini ochmagan.

Toshkent soliq inspektsiyasi mulozimi hujjatsiz mol sotayotganlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazilganini tasdiqladi.

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi elektr jihozlari savdosi bilan faoliyat yuritadigan “Malika”(rasmiy nomi “Fleshka” texnomarkazi) savdo markazidagi do‘konlarning aksariyati 14 noyabr kuni ochilmadi.

"Malika" bozori
"Malika" bozori

Telefonlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi, ismi sir qolishini so‘ragan do‘kondorlardan birining Ozodlikka aytishicha, tadbirkorlarni 13 noyabr kuni o‘tkazilgan reyd cho‘chitib yuborgan:

- Kecha to‘satdan soliqchilar bozordagi do‘konlarni bosib qolishdi. Qarasak, chap tomonimizdagi do‘konning narsalarini olib chiqib ketyapti, o‘ng tomonimizdagi olib chiqib ketyapti, shartta do‘konni yopib biz ham qochdik. Barcha molga hujjatimiz joyida, lekin bularga ishonib bo‘lmaydi. Qaerdandir kamchilik topadi, baribir”.

“Malika” savdo bozorida elektr mollari sotadigan, ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkor soliqchilarning bu reydiga “reklama tugadi” deb, ta’rif berdi:

“Bir yildan buyon erkin ishlayotgan edik, hech qanday ortiqcha tekshirish, bos-bos yo‘q edi. Endi reklama tugadi, kino boshlanadi, shekilli. Soliqchilar ro‘yxat ham qilmasdan tadbirkorlarning mollarini olib chiqib ketyapti. Ilgari ham shunday holatlar bo‘lgan, hech kim molini qaytarib ololmagan”.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi 13 noyabr kuni “Malika”ga uyushtirilgan reyd sabablarini bunday izohladi:

“Bu planlashtirilgan tekshirish bo‘lgan. Savdo faolyati bilan hujjatsiz shug‘ullanayotganlar tekshirilib, soliqdan bo‘yin tovlaganlar, qonunni buzganlar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Kecha tekshirish o‘tkazildi. Lekin, biz do‘konlarni yopib qo‘yganimiz yo‘q. Hujjati to‘g‘ri bo‘lmagan tadbirkorlar o‘zlari bugun do‘konlarini ochmagan bo‘lma, unda bizning aybimiz yo‘q. Hujjati to‘g‘ri emaski, yopib qo‘ygan”.

Mulozim “Malika” savdo markazida qancha do‘kon tekshirilgani va qancha tovar vaqtinchalik olib qo‘yilgani haqida ma’lumot bermadi.

“Malika” bozori faoliyatini kuzatib keladigan toshkentlik iqtisodchi Toshbekning aytishicha, bozordagi tadbirkorlarning aksariyati tekshirish qayta bo‘lishidan xavotirlanib, 14 noyabr kuni do‘konlarini ochmagan:

“Bugun borib, bozorni aylandim. Shu, 20 foizga yaqin do‘konlar ishlayapti, xolos. Qolganlari yopiq. Tanish do‘kondorlar bilan bo‘lgan suhbatdan, hammaning ham hujjatlari joyida emasligi ayon bo‘ldi. Tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi sotiladigan mollarining qanday qonuniy yo‘l bilan O‘zbekistonga kirib kelganini isbotlab berolmaydi. Shuning uchun, ular tekshirishdan qo‘rqib, do‘konlarini ochmagan. Bu bozorda doim shunday bo‘lib kelgan, shuning uchun ham bu yerda telefon, noutbuk va boshqa elektr mollari boshqa joylarga qaraganda ancha arzon. Masalan, bitta do‘konga bitta hujjat bo‘lsa, besh-olti alohida tadbirkor u yerda tirikchilik qiladi. Tadbirkorlarning aytishlaricha, ularga bir-ikki kun ishlamay turinglar, keyin o‘zimiz qachon ish boshlashlaringni aytamiz, deb aytilgan ekan”.

Shahar markazida joylashgan Navoiy ko‘chasidagi savdo rastalarida sotuvchilik qilgan tadbirkorlar 2011 yilda kutilmaganda ko‘chish haqidagi buyruqni olgan va uch kun ichida Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan sobiq "Malika" tikuv fabrikasi o‘rnidagi yangi savdo markaziga ko‘chirilgan edi.

Joriy yilning mart oyi oxirida “Malika” yarmarkasi 5 kunga yopib qo‘yilgan va savdogarlar noroziligidan so‘ng qayta ochilgan edi.

24 may kuni yarmarka yopib qo‘yilganiga oshkora norozilik bildirgan tadbirkorlar do‘konlari olib qo‘yilganidan shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG