Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:31

Andijonning "Eski shahar" bozorini Toshkentdan kelgan soliqchilar bosdi


Andijonning "Eski shahar" bozori
Andijonning "Eski shahar" bozori

Andijon shahrining eng yirik bozorlaridan biri - “Eski shahar”da soliq inspektorlari tekshiruv boshladi. Bozorda savdo qiluvchi ayrim tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, 15 noyabr kuni boshlangan reydlarda bir necha do‘kon muhrlanib, ayrim savdogarlarning tovarlari musodara qilingan. “Eski shahar” bozori ma’muriyati tekshiruv o‘tkazayotgan soliqchilar Respublika Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari bo‘lib, ular bozorning moliyaviy ahvolini taftish qilayotganini Ozodlikka aytdi.

Andijondagi "Eski shahar" bozoridagi Ozodlik suhbatlashgan savdogarlar soliq idoralarini asossiz tekshiruvlar o‘tkazib, tadbikorlik faoliyatiga noqonuniy aralashayotganlikda ayblamoqda.

- Yaqindagina paxtadan zo‘rg‘a qutildik. Paxtaga deb har bir savdogardan bir million so‘mdan pul yig‘ib olishdi. Endi mana bu tekshiuvrlar. Hozir yigirmaga yaqin do‘konni, meni do‘konimni ham muhrlab, tekshirishyapti. Har bir rastada qancha pul kirim bo‘lyapti, qanchasi davlatga tushyapti, tiyinma-tiyin tekshiryapti. Ularning aytishicha, davlatga tushum tushmayotgan ekan. Davlatga pul tushmayotgan bo‘lsa, bu bizni aybimiz emasku?! Biz har oy bir million so‘mga yaqin pul to‘laymiz. Undan ko‘ra, tadbirkorlardan olinayotgan shu pullar kimning cho‘ntagiga ketayotganini tekshirishsin. Prezidentimizning tadbirkorga g‘amho‘rlik qilish to‘g‘risidagi qarorlariga amal qilishsin, tadbikorlar faoliyatiga aralashishlarni to‘xtatishsin”, - deydi "Eski shahar" bozorida oziq-ovqat maxsulotlari bilan savdo qiluvchi tadbirkor.

“Eski shahar” bozori ma’muriyatining Ozodlik bog‘langan mulozimi bozorda tekshiruv o‘tkazayotgan soliqchilar Toshkentdan kelgan Respublika Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari bo‘lib, ular bozorning moliyaviy ahvolini taftish qilayotganini aytdi.

- Hech qanaqa vahimaga asos yo‘q. Odatdagidek tekshiruvlar, bozor ishlayapti. Hammasi risoladagiday. Tadbirkorlar qonunda belgilangan tartiblarni buzgan taqdirda tegishli idoralar tomonidan tekshirish o‘tkazadi. Bunga biz ham aralasha olmaymiz, - dedi “Eski shahar” bozori ma’muriyati mulozimi.

Davlat soliq qo‘mitasining ismi sir qolishini so‘ragan raysmiysining Ozodlikka aytishicha, tekshiruvlar bozorda tushum pullarining hammasi ham hisobga olinib, kirim qilinmayotgani haqidagi shikoyatlardan so‘ng boshlangan.

- Bozordagi tadbirkorlar ishiga aralashayotganimiz yo‘q. Bozorda tushum pullarining hammasi ham hisobga olinib, kirim qilinmayotgani haqida shu bozordan shikoyat tushdi, shu holat tekshirilyapti, - dedi Davlat soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi mamlakatning boshqa bozorlarini ham taftish qilmoqda.

O‘tgan hafta Toshkentdagi eng yirik ulgurji bozorlaridan biri - “O‘rikzor”da soliq xodimlari tekshiruv o‘tkazgan. Tadbirkorlarga ko‘ra, bir necha do‘kon muhrlanib, ayrim savdogarlarning tovarlari musodara qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Toshkentdagi elektr tovarlari bilan savdo qiluvchi “Malika” savdo markazidagi do‘konlarning 80 foizdan ortig‘i esa Soliq idoralari tekshiruvlari bois 14 noyabr kunidan buyon ishlamayapti.

Ozodlik suhbatlashgan sotuvchilarning aytishicha, 13 noyabr kuni savdo markazidagi bir necha do‘konning tovarlari olib qo‘yilganidan so‘ng, tadbirkorlarning aksariyati 14 noyabr kuni do‘konlarini ochmagan.

Toshkent soliq inspeksiyasi mulozimi hujjatsiz mol sotayotganlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazilayotganini tasdiqladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishlarida doimiy tekshirishlar, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar oqibatida tadbirkorlar o‘z ishini vaqtincha to‘xtatishga, ayrim hollarda esa umuman tugatishga majbur bo‘layotgani, mansabdor shaxslarning ta’magirlik holatlariga yo‘l ochib berayotganini aytib keladi.

"Tekshirishlar tirnoq ostidan kir qidirish, kamchilik topishga yo‘naltirilgan bo‘lib, oxir-oqibatda tadbirkorlarni sindirmoqda", - degan edi Mirziyoev o‘tgan yili mart oyidagi hukumat majlisida.

2017 yil may oyida esa Mirziyoev "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili institutini ta’sis etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Ushbu institut tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, har xil asossiz tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rilishiga, tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qilishi aytilgandi.

XS
SM
MD
LG