Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:34

Dalada paxta qolmadi, ammo hasharchi uyiga qaytarilmayapti


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonning bir necha viloyati dalalarida paxta deyarli qolmagan bo‘lsada, korxona va tashkilotlarning majburiy terimga safarbar etilgan ishchilari qaytarilmayapti. Ma’lumotlarga qaraganda, Toshkent viloyatida paxta tayyorlash rejasi hozir 58 foiz bajarilgan va har kuni yillik rejasining 0.02 foizi miqdorida paxta topshirilyapti.​

Angren shahridan ko‘rpa-to‘shagi bilan terimga safarbar etilgan ishchi-xodimlarning Ozodlikka aytishicha, ular ob-havo sovib ketgani bois og‘ir sharoitlarda qiynalayotgani, ijara va oziq-ovqatdan qarz bo‘lib qolgani haqida o‘z rahbarlariga shikoyat qilsa ham, dalada majburan ushlab turilibdi.

Ozodlik suhbatlashgan hokimlik mulozimi, paxta terimi tugagani haqida yuqoridan “otboy” bo‘lmaguncha paxta terimiga olib chiqilgan hasharchilar uyiga qaytarilmasligini aytdi.

Angren shahar elektr tarmoqlari idorasining 25 nafar ishchisi 23 sentabrdan buyon Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanining Rovot massivida paxta termoqda.

Ishxona tomonidan majburan paxta terimiga yuborilganini ta’kidlagan ishchilardan birining Ozodlikka aytishicha, ular so‘nggi kunlarda judayam og‘ir ahvolga tushib qolgan:

“Sovuq dalada kechgacha izg‘ib, chanoq terib, ko‘sak yorib, zo‘rg‘a 10 kilocha paxta topamiz. Keyin zavodda uni laboratoriyadan o‘tkazib, olti kiloga pul berishadi. Hisoblang endi, 6 kilosi 950 so‘mdan 5700 so‘m bo‘ladi. Biz esa kuniga ijaraga va ovqatimizga 16 ming so‘m sarflayapmiz. 6000 so‘m ishlab, kuniga 16000 so‘m rasxod qilish bu qip- qizil ahmoqning ishiku?! Hozir har bir terimchi 100-150 ming so‘mdan qarz bo‘lib qoldik. Ijaradagi uyimiz sovuq. Ertalab tursak suv muzlab qolgan bo‘ladi. Rahbarlarimizga aytsak, o‘zlaring uydan elektr pechka olib kelinglar, deydi”, dedi ishchilardan biri.

Angren shahar elektr tarmoqlari idorasining ismi sir qolishini so‘ragan boshqa xodimi ham majburiy mehnat qurboni bo‘lganini aytadi:

“Shuncha qiynalganimizga yarasha cho‘ntakka daromad ham kelib tursa mayli edi. Biz esa quldan battar bo‘ldik. Chunki qulni ishlatishsa, qornini to‘yg‘azadi. Biz esa qarzdor bo‘lib qolyapmiz. Rahbarlarimizning ham qo‘li kalta. Chunki, toki viloyat hokimi qaytaringlar demaguncha, u ham o‘zicha qaytarolmas ekan. Bu sharoitda 10 kunda viloyat bo‘yicha kamida 5000 odam sovuqda prostatit, sistit, sil yoki alkash bo‘lib ketadi. Viloyat hokimi buni o‘ylamasdan paxta terish kerak deyapti. O‘zi esa har kuni Bo‘ka tumanida konditsionerlari bor qop qora Kaptiva moshinasini minib, paxta terayotgan qullarni birma-bir nazorat qilib yuradi”, deydi Angren elektr tarmoqlari idorasi xodimi.

Toshkent viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, paxta terimi tugagani haqida toki yuqoridan buyruq berilmas ekan, terim davom etishini aytdi:

“Hali dalada paxta bor. Terim davom etyapti. Toki yuqoridan bo‘ldi, to‘xtatinglar demaguncha terim davom etadi. Terim majburiy bo‘lmayapti, hamma o‘z ixtiyori bilan teryapti”, dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekiston paxta shtabining mulozimi Akmal Siddiqov esa paxta terimiga yakun yasash har bir viloyat hokimining ixtiyorida ekanligini aytdi:

“Paxta terimiga yakun yasash viloyat hokimlarining ixtiyorida. Hosilni yetishtirgan ular, xarajat qilgan ular, xarajatni qoplashga harakat qiladida”, dedi Akmal Siddiqov.

Toshkent viloyati tumanlaridan birida qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlaydigan mulozim jamoatchilikka gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘radi.

Bu mulozimning aytishicha, qishloq xo‘jaligida ma’muriy buyruqbozlikning hali ham saqlanib qolayotgani bu sohada jiddiy islohot o‘tkazilishiga qarshilik qilmoqda:

“Hasharchilar bugungi kunda hamma tomonlama zarar bo‘lyapti. Birinchisi, ular o‘z ishidan qolyapti. Ikkinchidan, fermerga zarar olib kelyapti. Chunki, hozir terilayotgan paxta 5-sortga topshirilyapti va uni davlat 670 so‘mdan sotib olyapti. Fermer esa terimchiga har kilo uchun 1000 so‘mdan 1500 so‘mgacha to‘layapti. Dalada paxta deyarli qolmagan, har kuni ochilayotgan bitta-yarimta qolgan ko‘sakni chuvib yurishibdi. Uchinchidan, tezroq paxta tugab, yer ertaroq haydalsa, yanagi yilgi hosiliga yaxshi bo‘ladi. Paxtani deb hali g‘alla ekilgani yo‘q, g‘o‘za qator oralariga ekilganlariga hali suv qo‘yilgani yo‘q. Xullas, hamma yoq bardak bo‘lib yotibdi. Hokimlar faqat bugunini o‘ylaydi, bir balo qilib bajarsamu yana kursida qolsam, deb. Yer bilan, fermer bilan hech kim hisoblashmaydi”, dedi qishloq xo‘jaligi mutaxassislaridan biri.

Boshqarma boshlig‘ining ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyatida paxta tayyorlash rejasi hozir 58 foiz bajarilgan va har kuni yillik rejasining 0.02 foizi miqdorida paxta topshirilyapti.

Ozodlik olgan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida ham Olmaliq shahridagi korxona va tashkilotlardan olib kelingan minglab terimchi dalada qolmoqda.

Jizzax viloyati tumanlarida esa, Qoraqalpog‘istondan, Namangan, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridan, Olmaliq shahridan olib kelingan minglab hasharchilar ham uyiga qaytarilmayotgani haqida Ozodlikda ma’lumot bor.

XS
SM
MD
LG