Peterburgda bolalar shifoxonasidan salkam bir oylik nogiron chaqaloqni o‘g‘irlab ketganlikda ayblanayotgan ikki o‘zbekistonlik ayol qo‘lga olindi. Aytilishicha¸ bola o‘g‘irlangani to‘g‘risidagi ariza bilan politsiyaga go‘dakning onasi murojaat qilgan.
Ikki o‘zbekistonlik ayol qo‘lga olindi
2018 yilning 18 noyabrida Sankt-Peterburg politsiyasining Jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari o‘tkazgan amaliyot natijasida 55 va 36 yoshli ikki ayol hibs etildi.
O‘zbekiston grajdanlari ekani aniqlangan ona-qiz shu yilning 16 oktabrida Peterburgning Avangardnaya ko‘chasida joylashgan 1-sonli Bolalar shifoxonasidan bir oyga to‘lmagan chaqaloqni firibgarlik yo‘li bilan olib chiqib ketganlikda ayblanmoqda.
Sankt-Peterburg Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Sergey Kapitonov Ozodlikka ayollarning hibsda ekani, tergov ishlari davom etayotganini bildirdi:
- Ularga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 126- moddasi 2-qismi, ya’ni “odam o‘g‘irlash” asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.Tergov ishi tugallangani yo‘q, shu bois boshqa tafsilotlar va jinoyatda ayblanayotganlar shaxsi borasidagi ma’lumotlar sir tutilmoqda, dedi Sergey Kapitonov.
Tergovni olib borayotgan shahar Krasnoselskiy tuman Tergov qo‘mitasi bo‘linmasidan olingan dastlabki ma’lumotlarga binoan, 16 noyabr kuni Peterburgning politsiya bo‘limlaridan biriga 24 yoshli o‘zbekistonlik ayol bolasi yo‘qolgani haqidagi ariza bilan murojaat qilgan.
Arizada yozilishicha¸ shu yil 20 sentabrida shaharning Ordjonikidze ko‘chasidagi tug‘ruqxonada tug‘ilgan qiz chaqaloqda yurak xastaligi borligi aniqlangach¸ u Avangardnaya ko‘chasidagi 1-sonli Bolalar shifoxonasiga o‘tkazilgan.
Onaga ko‘ra¸ 14 noyabr kuni ikki tanish ayol chaqaloqni reanimatsiya bo‘limidan o‘g‘irlab ketgan.
"Bola o‘g‘irlash" operatsiyasi
Voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor o‘zbekistonliklarning Ozodlikka aytishicha¸ chaqaloq o‘g‘irlanishiga qo‘lga olingan 36 va 55 yoshli ayol hamda yosh ona o‘rtasidagi kelishuv sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, sentabr oyida Ordjonikidzedagi 9-sonli tug‘ruqxonaga shifokorlarga 36 yoshli o‘zbekistonlik ayolning hujjatlarini taqdim etgan 24 yashar ayol yotqizilgan.
Ayollar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 24 yashar ayol qornidagi bolasini 36 yashar bepusht ayolga berishga rozilik bergan. Buning evaziga yoshi katta ikki ayol Rossiyada nolegal holatda bo‘lgan go‘dakning onasiga Peterburgda hujjatlarini to‘g‘rilab berish va ishga joylashtirishni va’da qilgan.
Biroq, yurak hastaligi bilan tug‘ilgan bolaning boshqa shifoxonaga o‘tkazilishi jinoyatda ayblanayotganlarning rejalarini chippakka chiqargan - uzoq kutishni istamagan 36 yashar ayol 55 yashar onasi bilan birga Avangardnaya ko‘chasidagi kasalxonada yotgan chaqaloqni olib ketishga qaror qiladi.
Go‘dak uning nomiga rasmiylashtirilganini bilgan 36 yoshli ayol peterburglik shifokorlarga hujjatlarni ko‘rsatib, hech qanday muammolarsiz chaqaloqni olib chiqib ketgan.
Aldanganini tushungan 24 yashar o‘zbekistonlik ayol esa politsiyaga arz qilgan va 18 noyabr kuni firibgarlikda ayblanayotgan muhojirlar qo‘lga olingan.
Krasnoselskiy tuman Tergov bo‘limi xodimlari ushlanganlarning qalloblik, odam o‘g‘irlash va hujjat qalbakilashtirishda ayblayotganini ma’lum qildi.
Tergovchilarga ko‘ra¸ jinoyatlari sudda o‘z isbotini topsa, bola o‘g‘irlashda ayblanayotgan o‘zbekistonlik ona va uning qiziga 12 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Hozircha Rossiyada noqonuniy yashab kelayotgani aniqlangan chaqaloq va uning onasi esa bola ahvoli yaxshilanmaguniga qadar shifoxonada qolishi ham aytildi.