Farg‘ona viloyatida fermer ayol uni onasidan kelib haqoratlagan Quvasoy shahar hokimiga tashlanib, yuziga chang soldi. Hokim esa, guvohlar iddaosiga ko‘ra, ayolni tepgan.
Hokim bilan fermer ayol o‘rtasidagi janjal, guvohlarning aytishicha, hokimning fermerga bog‘idagi meva daraxtlarni kesib, o‘rniga bug‘doy ekishni buyurishi ortidan kelib chiqqan.
Janjal Quvasoy shahri Mahalla jamg‘armasida 20 noyabr kuni, hokim Adham Ziyavitdinovning fermerlarni qabul qilish jarayonida ro‘y berdi.
Hokimning qabuliga borgan 50 yoshli Zuhra Husanova Ozodlik bilan suhbatda onasini haqoratlab, qo‘l ko‘targan Quvasoy shahar hokimidan himoyalanish uchun, unga chang solishga majbur bo‘lganini aytdi:
- Qabuliga borsam, "yering haydalmagan, tortib olaman", deydi. Qo‘lingizdan kelsa, qilavering, desam menga tashlandi. O‘zining xodimlari mushtumzo‘rligini bilishar ekanmi, ajratmoqchi bo‘lishdi. "Onangni s....y" deb so‘kinuvdi, "sen meni onamdan keldingmi", deb turib yoqasidan ushladim. Tirnog‘im tumshug‘iga tegib tirnadi, tumshug‘i qonadi. Uning qo‘li mening yoqamda, meniki uning yoqasida. O‘ntasi hokimni himoya qilyapti, meni bir o‘zim qolib ketdim, keyin hokim belimga tepdi, grijam bor, shishib ketdi.
Fermerning aytishicha, to‘qnashuv Quvasoy shahar ichki ishlar bo‘limi va prokuraturasi boshliqlari muovinlari ko‘z o‘ngida bo‘lgan.
- Militsiya boshlig‘i muovini Javlon aka, zamprokuror Jumadullo aka, shahar MChS boshlig‘i Jasur akalar ham shu yerda o‘tirishgan edi. Agar prokuror muovini bo‘lmaganida meni urib tashlardi. Shu yerning o‘zida tushuntirish xatlari yozib berdim. Hokim grijamga tepgani uchun chora ko‘rishni so‘rab, militsiyaga ham ariza yozdim. Hokim fermerlarni urishga odatlanib qolgan ekan-da. "Men qo‘qonlikman, prezidentning rafiqasi mening sinfdoshim bo‘lgan, menga hech kim hech narsa qilolmaydi", deydi. Oldin ham ikki fermerni kaltaklagan, menga tishi o‘tmadi, - dedi Zuhra Husanova.
Ozodlik bog‘langan Quvasoy shahar ichki ishlar bo‘limi mulozimi shahar hokimi va fermer ayol o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lganini tasdiqladi.
Mulozimga ko‘ra, insident bo‘yicha hozircha ish ochilmagan.
- Bu bo‘yicha materiallar endi yig‘ilyapti, hozircha ish ochilmagan, hamma materiallar zamnachalnikimiz Javlon akada, unga bog‘laning, - deya gapni qisqa qildi militsiya bo‘limi mulozimi.
Quvasoy shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining Javlon ismli muovini uyali telefoniga qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.
Quvasoy shahar hokimligi rasmiylari esa, Ozodlikka fermer ayol va hokim o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lganini 20 noyabrdan buyon rad etishga urinishdi.
O‘zini "hokim yordamchisi", deb tanishtirgan mulozim 20 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda "hokimimiz hech qanaqa fermer bilan janjallashgani yo‘q", degan edi.
Holatni militsiya tasdiqlaganidan so‘ng, hokimlik Ozodlik qo‘ng‘iroqlarga umuman javob bermadi.
Quvasoy hokimligida ishlovchi xodimlardan birining aytishicha, hokim muovini ularni 21 noyabr kuni yig‘ib, Ozodlikka to‘qnashuv haqida gapirmaslikni tayinlagan.
- Ozodlikka kim bu xabarni sizdirganini aniqlasak yomon bo‘ladi, dedi. Hozir Adham aka yuzi tirnalganini berkitish uchun shapka kiyib yuribdilar. Chunki ish ochiladigan bo‘lsa, hokim buvaga ham yomon bo‘ladi-da, - dedi Quvasoy hokimligining xavfsizligini o‘ylab, ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi.
O‘zbekistonda hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlar yoki fermerlarni haqoratlashi va kaltaklashi holatlari tez-tez uchrab turadi.
Lekin, fermerning, ayniqsa, ayol kishining hokimga tashlanishi kam uchraydigan holatdir.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil dekabridagi hukumat majlisida: "Hokim prezidentning vakili. Hokimni muhokama qilishga, hech kimni haqqi yo‘q!", - deb aytgan edi.