Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlaridagi turar-joy binolari va ijtimoiy ob’ektlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlovchi “Xorazm issiqlik tarmoqlari” shirkatining mingga yaqin ishchisi 7 oydan buyon mehnat haqlarini ololmayapti.
Bu haqda shirkat ishchilari 22 noyabr kuni Ozodlikka murojaat qilishdi. “Xorazm issiqlik tarmoqlari” rahbari Shuhrat Bobojonov Ozodlik bilan suhbatda, oyliklar kechikayotganini shirkatning qarzga botgani bilan izohladi.
“Xorazm issiqlik tarmoqlari”da chilangar bo‘lib ishlovchi 32 yoshli Sultonboy Jumaniyozov o‘zi va yuzlab hamkasbi aprel oyidan buyon oylik olmaganini aytdi:
- Sakkizinchi oy bo‘lyapti oylik yo‘q. Boshliqlarga aytsak, “erta-indin bo‘ladi”, deydi. Mening ikki bolam bor, ro‘zg‘orni tebratish kerakku?!
Ishchilar da’vosicha, ish haqini so‘rab rahbariyatga shikoyat qilganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinmoqda: “Yoqmasa bo‘sha”, deydi. Lekin, bo‘shasak boshqa ish ham yo‘q-da viloyatda”, - deydi Jumaniyozov.
Shirkat dispetcheri 63 yoshli Polvon Panaev oylik berilmayotgani haqida yozmagan idorasi qolmaganini aytdi.
- Portalga ham yozdik, hokimiyatga ham shikoyat qildik, prokuraturaga ham bordik. Foydasi bo‘lmaganidan keyin Ozodlikka chiqyapmiz. Meniku pensiyaga chiqishimga oz qoldi, shuning uchun chidab o‘tiribman, lekin yoshlarga qiyin, ro‘zg‘orini yuritishi kerak. Oylikni bermaydi, lekin ishni talab qiladi, “paxtaga chiq”, deydi. Tekin ishchiga aylanib qolganmiz.
Shuhrat Bobojonov: 10 yarim milliard so‘mlik qarzimiz bor
“Xorazm issiqlik tarmoqlari” boshlig‘i Shuhrat Bobojonov Ozodlik bilan suhbatda shirkat 10 yarim milliard so‘mlik qarzga botgani bois ishchilarga maoshlar berish kechikayotganini tasdiqladi:
- Yillardan beri qarz yig‘ilib, yig‘ilib 10 yarim milliard so‘mga yetib qolibdi. Qarzimiz bo‘lgani uchun inkassani muzlatib qo‘yishgan, oylikka pul chiqarolmaymiz. Lekin, sekin-sekin qarzni yo‘qotishga harakat qilyapmiz. Topganimiz hozir shu qarzni uzishga ketyapti, tiyinma-tiyin Majburiy ijroga o‘tkazib beryapmiz. Qarzimizdan qutulsak ishchilarga oylik beriladi. Kelasi oydan hammasi hal bo‘ladi, deb umid qilib turibmiz.
“Xorazm issiqlik tarmoqlari”da, mavsumiy ishchilarni ham qo‘shib hisoblaganda, mingga yaqin xodim ishlaydi.
Shuhrat Bobojonov o‘zi va qo‘li ostidagi rahbar va muhandislar ham oyliksiz ishlayotganini aytdi.
- Meni o‘zim ham oylik olmayapman. Prokuratura meni ishchilarga oylik bermaganim uchun uch minimal oylik miqdorida jarimaga ham tortdi. Meni o‘zim birinchi navbatda ishchilarga oyliklar vaqtida berilishidan manfaatdorman, lekin qarzga botganmiz, nima qilaylik?!
Mehnat qonunchiligi nima deydi?
O‘zbekiston Mehnat kodeksining 16-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi va o‘z mehnati uchun yagona tarif setkasi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olishi kafolatlanishi ta’kidlangan.
O‘zbekistonda davlat byudjeti hisobidan moliyalanadigan tashkilot va korxonalarda ish haqining bir necha oylab kechikishi surunkali tus olmoqda.
Kuzatuvchilar o‘tgan yili O‘zbekiston hukumati maosh va nafaqalarni kechiktirganlik uchun jazo choralarini kuchaytirganiga qaramay, muammoning yechimi ko‘rinmayotganini aytishadi.