Andijon shahridan Ozodlikka yuborilgan videoda yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlarining mast holda avtomobil boshqarganlikda gumonlangan haydovchi bilan bo‘lgan holat qonunga zid ravishda hujjatlashtirilayotgani aks etgan.
Haydovchi inspektorlar uning ishtirokisiz mashinani tintuv qilgani va xolislarga bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishganini aytadi va bu holat videoda aks etgan.
Voqea ishtirokchisi bo‘lgan haydovchining iddao qilishicha, inspektorlar uni harakatlanmayotgan avtomobilning yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan paytda noqonuniy tarzda javobgarlikka tortgan.
Voqea ishtirokchisining aytishicha, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi bu ishni sudga oshirgandan keyin, viloyatdagi oltita ma’muriy sud bu ishni ko‘rib chiqqan, lekin bittasi ham biror qarorga kelolmagan.
Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mulozimlari bu masalada Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.
Ozodlikka yuborilgan videoda bir yigitning yo‘l harakati inspektorlari bilan tortishayotgani aks etgan.
Inspektorlar bilan tortishayotgan yigit Andijon shahrida yashovchi tadbirkor, 29 yashar Davronbek Shokirov ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Shokirovning Ozodlikka aytishicha, videoda Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 1-safarbarlik guruhi inspektorlari S.U., R. M., S.T., Sh.S. va U. Q. uni noqonuniy jazolagan holatlari aks etgan.
Tadbirkor so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 25 mart kuni u o‘z mashinasida, lekin yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan paytda, YHX inspektorlari uni mast holda mashina boshqarganlikda gumonlab, ushlashgan:
- Andijon shahrida bo‘ldi voqea. Mening mashinam to‘xtab turgan edi, men ozgina ichganim uchun avtomobilni boshqarishni o‘rtog‘imga bergan edim. U hojat chiqargani tushib ketgan edi. Men yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan edim. Shu payt inspektorlar kelib mendan hujjat so‘rab, “ichib oldingizmi”, dedi. Men ularga, “ichganmanmi-yo‘qmi, men rulda emasmanku, nima qilasiz mendan hujjat so‘rab”, dedim. Keyin bittasi mashinaga shart o‘tirdida, reyd qilayotgan joylariga haydab ketdi. U yerdan esa narkologiyaga olib borishdi, - dedi Davronbek Shokirov.
Tadbirkorning iddao qilishicha, narkologiya bo‘limida unga yuzaki tashxis qo‘yilgan:
- Do‘xtir yuz tuzilishimga qarab turib, ichgan deb yozib beryapti. Mening davleniyam oshgan, o‘lchamasdan har narsani yozib beraverasizmi, desam, “ha, yozib beraveramiz”, dedi, - deydi tadbirkor.
Davronbek Shokirovning aytishicha, inspektorlarning noqonuniy harakatlarini u tasvirga tushirishga muvaffaq bo‘lgan:
- Men ularga bir necha marta men haydovchi emas, yo‘lovchi o‘rindig‘ida bo‘lganimni aytdim, lekin quloq solishmadi. Ikkinchidan, ular mashinamni mening ishtirokimsiz, noqonuniy tintuv qilishdi. Uchinchidan, tintuv paytida go‘yoki xolis sifatida ishtirok etgan ikki guvohdan bo‘m-bo‘sh qog‘ozga imzo qo‘ydirib olishdi. Keyin nima xohlashsa shuni yozishgan. Bu hujjatni qalbakilashtirish emasmi? Bu holatlarning hammasi videoda bor.
Tadbirkorning aytishicha, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi bu ishni sudga oshirgandan keyin, viloyatdagi oltita ma’muriy sud bu ishni ko‘rib chiqqan, lekin bittasi ham biror qarorga kelolmagan:
- Agar menda video bo‘lmaganda edi, ular meni allaqachon pravamni bekor qilib, jarimaga tortgan bo‘lardi. Aprel oyidan buyon mening ishimni oltita tuman va shaharning ma’muriy sudi ko‘rdi. Birortasi bir qaror chiqarolmadi. Chunki, men hammasiga videoni ko‘rsataman. Sud bo‘ldi, deydi-da, prokruraturaga jo‘natamiz, deydi. Prokuraturaga borsam, sudga chiqadi, deydi. Viloyat prokuraturasiga borsa, yana viloyat YHXBga tekshirishga yuboradi. Ular esa tekshirdik, haydovchi ichgan ekan, deydi. Mening asoslarim esa hech qaerda tinglanmaydi. Xullas, 8 oydan buyon sarsonman, haydovchilik guvohnomamni olib qo‘yishgan. Toki, maxsus xizmat tekshiruvi o‘tkazilmas ekan, bu inspektorlar yolg‘on va bo‘htonlari uchun jazodan qutulib qolaveradi.
Andijon viloyat prokurori o‘rinbosari K.Yulbarsovning Davronbek Shokirov arizasiga 8 iyun kuni yozgan javobida aytilishicha, “ariza asosida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, natijasiga ko‘ra, biron-bir shaxsning harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan”.
Davronbek Shokirovning aytishicha, u so‘nggi maktubni O‘zbekiston Sudьyalar Oliy kengashidan 18 sentabrda olgan. Bu javobda uning murojaatini ko‘rib chiqish Andijon viloyat Ma’muriy sudiga yuborilgani yozilgan:
- O‘shandan buyon hech qanday sud ham bo‘lgani yo‘q, suddan taklifnoma ham olganim yo‘q.
Ozodlik bu masalaga munosabat olish uchun 1-safarbarlik guruhi rahbari Begali ismli (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi-tahririyat) mulozim bilan bog‘landi.
Mulozim, maqolaning avvalida nomlari keltirilgan 1-safarbarlik guruhi inspektorlari ishlayotganini tasdiqlar ekan, ammo Davronbek Shokirovning shikoyati bo‘yicha javob berishni istamay, aloqani uzib qo‘ydi.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi YHXB mulozimlari Xayrullo Abdullaev va Nazrullo (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahr.) Ozodlik radiosi nomini eshitishlari bilanoq aloqani uzib qo‘ydi.