Toshkent viloyat, Pskent tuman MIB xodimlari fermer xo‘jaligi hisobida turmagan avtomobillar va uy jihozlarini ham musodara qilmoqda.
Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan fermerlarning aytishlaricha, garchi ularda bankdan olgan kreditini yopish imkoni bo‘lsa ham, MIB xodimlari musodara jarayonini boshlab yuborgan.
Tuman MIB mulozimlari Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.
"Mendan birovning mashinasini tortib olishdi"
Pskent tumanidagi “Inoyatov Bekzod Inoyatovich” fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Shiranovning aytishicha, MIB xodimlari birovning nomida bo‘lgan, vaqtincha minib yurishga olgan avtomobilni olib qo‘ygan:
- Men Sirdaryo viloyatidagi tanishimning "Ravon" mashinasida hokimiyat oldida edim. IIB xodimlari "boshliqning gapi bor", deb ushlab olib kelishdi. IIBga kelib, ichkari kirdik. U yerdan chiqsak, mashinaning to‘rt tomoniga boshqa mashinalar qo‘yib tashlashibdi. Qaytib kirib, “qo‘yvoringlar, bu birovni mashinasi, sharmanda qilmanglar” desam, IIB boshlig‘i “o‘sha tanishing ham bilsin qarzligingni, sharmandaligingni”, dedi. Men “hali menga sug‘urtadan pul tushadi, paxta zavodda pulim bor, to‘layman”, desam, “yo‘q, hozir topib to‘laysan, viloyat hokimi, prokurori 28 noyabrga tuman bo‘yicha hamma qarzlarni to‘latmasang, oyligingdan olamiz, deb aytgan”, dedi. Men boshliqqa “bo‘lmasa u sizning problemangiz ekan, arizani yozingda ishdan keting, deb chiqib ketdim, deydi fermer.
Birovning mashinasi nomerini yechib olishga kimning haqi bor?
Bekzod Shiranovning aytishicha, u tanish-bilishlaridan 10 million so‘m qarz olib kelib qarasa, mashinasi jarima maydoniga olib ketilgan:
- Shtrafnoy ploshadkalarni surishtirib borsam, bittasida turibdi ekan. Olib chiqaman desam, u yerdagi odam “MIB dalolatnoma tuzib, tashlab ketdi, agar ulardan xat bo‘lmasa, chiqarmaymiz”, dedi. Men unga, “baraka topgur, bu Sirdaryo viloyati mashinasi, meniki emas, mana hujjati, mana egasi” desam ham chiqarmadi. Buning ustiga mashinani oldidagi nomerni ham evakuator yechib olib ketibdi. Unga telefon qilsam, “mashinangiz ruchnikda turgani uchun 150 ming so‘m, xolostoyda bo‘lmagani uchun 150 ming so‘m, olib kelganim uchun 150 ming so‘m berasiz”, deydi. “Nomerni yechib olishga nima haqqing bor”, desam, u yog‘ini GAIdan surishtir”, deydi”, dedi fermer.
Bekzod Shiranov 51 gektar yerga bug‘doy va paxta ekkan. Bug‘doy rejasini ortig‘i bilan bajargan. Tuman hokimining iltimosi bilan rejadan ortiq yana 15 tonna bug‘doy topshirgan.
Bu yil paxta rejasini 88 foiz bajargan. Yog‘ingarchilik tufayli paxta 5-sortga olinayotgani, foydasidan zarari ko‘p bo‘lgani uchun terimni to‘xtatgan.
"Qonunlar teskari ishlayapti"
Fermerning aytishicha, u Agrobankning Pskent tuman filialidan 156 million so‘m kredit olgan. Lekin shu paytgacha, davrli kreditlarni muddatidan oldin yopib kelgan:
- Kreditni yopish uchun 18 million so‘m qolgan. Lekin, hali paxta zavodida pul bo‘lmagani uchun oxirgi topshirgan paxtam puli tushmagan. Bundan tashqari 40 million so‘m sug‘urtadan tushadi. Men o‘ynab-o‘ynab yopaman, o‘zimga ham qoladi. Ammo, bular hech narsani tushunishni istamaydi, yuqoridan aytilgan deb, ko‘ziga ko‘ringan narsaga yopishadi. Hamma joyda qonun buzilyapti, Birinchidan, kreditni yopish muddatiga hali olti oy bor, ikkinchidan, MIB xodimlari ijro varaqasi ham ko‘rsatmasdan fermerlarning hisobida turmagan mol-mulkni musodara qilyapti, uchinchidan, iqtisodiy sud MIBga noqonuniy jarima va qarorlar chiqarib beryapti. Sudyaga bu ishini aytsam, “yuqoridan shunaqa buyruq bo‘lgan”, deydi. Biz qanaqa davlatda yashayapmiz?- deydi fermer Bekzod Shiranov.
Fermerning aytishicha, u tenderdan yana 33 gektar yer yutib olgan, lekin tuman hokimi shu paytgacha qaror chiqarib bermayapti:
- 12 oktabrda yutib olganman. Qarorini uch kunda olishim kerak edi. Mana ikki oy o‘tyapti, qarshilik qilib, bermayapti. Men u yerga kuzgi bug‘doy ekishim kerak edi. Mana hali bir so‘tix ham ekolmadim, yerni haydata olganim yo‘q, -deydi Bekzod Shiranov.
Ozodlikka Pskent tumanidan yana boshqa fermerlar ham murojaat qilib, MIB xodimlari hali iqtisodiy sudning ajrimi ular qo‘liga yetib kelmasdan turib, MIB xodimlari ularning fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan-bo‘lmagan mol-mulkini musodara qilishga kirishganini aytdi.
"Oyligim yaxshi, lekin vijdonim qiynalyapti"
Ozodlik bog‘langan Pskent tumani MIB xodimlaridan biri ism-sharifini sir saqlagan holda, barcha haqiqatni gapirib berishini aytdi.
MIB xodimi fermerlarga nisbatan adolatsiz harakat bo‘layotganini tan oldi:
“Sizga gapirayotganim to‘g‘rimi yoki yo‘q, bilmadimu, lekin biz ham qiynalib ketdik, fermeru tadbirkorlar ham. Aytmasam bo‘lmaydi. Bu yil Pskent tumani klaster tizimiga o‘tyapti, shuning uchun fermerlar barcha qarzlarini yopishi kerak. Ahvol juda og‘ir, fermerlardan biri o‘zini yoqib yubormoqchi ham bo‘ldi, uni asrab qoldik. Qarang endi, iqtisodiy sudning qaroriga asosan ijroni shaxsiy mulkka emas, balki fermer xo‘jaligi balansidagi mol-mulkka qaratish kerak. Lekin bizda teskarisi bo‘lyapti, fermerning xotiniga yoki aka-ukasiga tegishli bo‘lgan mashinalarni ham olib borib tiqib qo‘yayapmiz. Bu, albatta, noto‘g‘ri. Lekin shu ishni qilishga majburlanyapmiz”, deydi MIB xodimi.
Uning aytishicha, fermerlardan tortib olingan texnikalar klaster firmaga tendersiz, juda arzon narxda sotib yuborilyapti:
“Tumanda 180 ortiq fermerning 30 milliard so‘m qarzi bor edi. Deyarli undirib bo‘ldik, hozir 80 million so‘m qolgan, xolos. Masalan, 150 million so‘m turadigan traktorni 40-50 million so‘mdan “To‘qimachi” degan klaster firma sotib olyapti. Keyin fermer nomiga bankdan plastik kartochka ochtirib, o‘shanga tashlab beryapti, fermerning bankdagi hisobiga tashlamayapti, chunki, fermerning soliqdan qarzi bor, soliq olib qo‘yadi. MIB xodimlari kartochkani fermerdan qo‘lini qayirib bo‘lsa ham olib qo‘yadida, plastigidan olib to‘lattirib yuboryapti. Hozir fermerlarning 100dan ortiq texnikasi ana shunday arzon-garovga auksionsiz sotilib ketdi. Qonun bo‘yicha bu texnikalar auktsionda sotilishi kerak, lekin bunday bo‘lmadi”, deydi xodim.
"Oybolta"ning davomi bo‘lyapti"
MIB xodimining fikricha, fermerlarga nisbatan qo‘llanilayotgan bu harakat hukumatning bundan uch-to‘rt yil avvalgi “Oybolta” siyosatini eslatadi:
“Fermerning qarzi bo‘lsa uni qonun yo‘li bilan qanday undirish kerak. Agrobank oktabr oyidanoq, hali paxta terimi tugamay, fermerlar pullarini zavoddan to‘liq olmay turib ularni iqtisodiy sudga torta boshladi. Aslida bu ham noto‘g‘ri. Chunki fermerning Agrobank bilan shartnoma muddati 14 oy. Bu muddatning hali yarmi turibdi. Iqtisodiy sud bunga ko‘z yumdi, chunki ularga yuqoridan shunday buyruq bo‘lgan ekan. Sud adolat bilan emas, buyruq bilan ish yuritadigan bo‘lsa, uning nima keragi bor?”, deydi xodim.
"Sud qonun yuzasidan emas, buyruq bilan ish ko‘ryapti"
MIB xodimi iqtisodiy sudning noqonuniy chiqargan ajrim va qarorlari muddatiga ham amal qilinmayotganini aytadi:
“Qonun bo‘yicha sud avval yuridik shaxsning uyidagi mol-mulkiga emas, balki uning fermer xo‘jaligi balansida turgan mol-mulkka ajrim chiqaradi. Bu ajrimning amal qilish muddati bir oy. Bunda fermerning balansida turgan texnikasi, yeridagi hosiliga band solinadi. Band degani, fermer bu texnika va mahsulotlarini sotish mustaqil sotish huquqidan mahrum bo‘ladi, ya’ni xatlanadi. Ajrimdan keyin bir oydan so‘ng, sud ijro varaqasi beradi. Bu varaqaning undiruv muddati ikki oy. O‘n besh kun ixtiyoriy to‘lash uchun muddat beriladi. Yuridik shaxs, ya’ni fermer ikki oyning ichida qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lashi ham mumkin. Agar shunda ham to‘lolmasa ta’sirchan choralar ko‘riladi. Masalan, hisob raqamiga band solinadi, markaziy depozitlariga xat chiqariladi yoki fermer balansida turgan mol-mulk vaqtinchalik olib qo‘yiladi. Bizda bu qoidalarning birortasiga ham amal qilinmayapti”, deydi MIB xodimi.
MIB boshlig‘i Ozodlikni "eshitmay" qoldi
Ozodlik fermerlar va MIB xodimining bu iddaolariga munosabat olish maqsadida Pskent tumani MIB boshlig‘i Ulug‘bek Ortiqov bilan bog‘landi.
Ulug‘bek Ortiqov o‘zi bilan gaplashayotganimizni tasdiqlagandan so‘ng Ozodlik muxbirining "MIB fermerlarga nisbatan ijro vakolatini oshirib yuboribdi, fermerlardan shikoyatlar bor" degan savolini eshitishi bilanoq, aloqani uzib qo‘ydi.
Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlariga, "eshitmayapman" deb javob berib, aloqani uzib qo‘yaverdi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huziridagi MIB matbuot xizmati mulozimi fermerlar iddaolarini yozib olgach, uni o‘rganib 29 noyabr kuni javob berishini aytdi.