Andijon viloyat, Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksida 28 noyabr kuni 36 yashar ayol tug‘ruq paytida olamdan o‘tdi. Ayol qornidagi homilasi ham nobud bo‘ldi.
Ona va bola nima sababdan o‘lgani ma’lum emas. Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi ekspertiza natijalari chiqmagunicha o‘lim sababi haqida hech narsa deyolmasligini aytdi.
Marhumning yaqinlari esa fojiada tug‘ruqxona vrachlarini ayblamoqda.
Ayni paytda, Bosh prokuratura matbuot xizmatining Ozodlikka ma’lum qilishicha, Jizzaxning Zafarobodida qayd etilgan go‘dak o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
36 yoshli E.K. qornidagi uchinchi farzandini tug‘ish uchun Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksiga yotganidan bir kun o‘tib, 28 noyabr kuni olamdan o‘tdi.
Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasining tug‘ruq kompleksi xodimi Ozodlik bilan suhbatda shifokorlarning "astoydil harakatlari"ga qaramasdan ona qornidagi bolaning ham hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmaganini aytdi.
– Bilmaymiz negaligini. Endi ekspertizaga ketdi, xulosa chiqqanidan keyin ma’lum bo‘ladi. Yuragidan taxmin qilyapmiz, infarkt miokarda deyilyapti, ko‘tarolmagan bo‘lishi mumkin. Endi ekspertizani kutyapmiz. Qornidagi bola 37 haftalik edi. Bolani ham saqlab qololmadik, - dedi tug‘ruq kompleksi xodimi.
Marhumning yaqinlari ona va bola o‘limida tug‘ruqxona vrachlarini ayblamoqda.
Ozodlik bilan suhbatlashgan marxumaning qarindoshi "ta’magir vrachlar"ning beparvoligi bois, oila nobud bo‘ldi, deb da’vo qildi.
- Anchadan beri qornida og‘riqdan shikoyat qilar edi. Qishloq vrachlik punktidagilar vaqtida e’tibor bermadi. Hozir pul bermasangiz vrachlar qaramaydi. To‘rt kun avval ahvoli yomonlashgach, tuman tibbiyot birlashmasiga ham bordi. Lekin ginekologiya bo‘limi qabul qilmadi. Oxiri yotadigan holat bo‘lib qolganidan keyin ikki kun oldin qabul qilishdi, lekin kech bo‘lib bo‘lgan ekan-da, - dedi marxumning ismi aytilishini istamagan qarindoshi.
Baliqchi tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari bu iddaoni rad qilishmoqda.
- Tug‘ruq paytida ayolda patologik muammo bo‘lmagan, hech qanaqa noqislik kuzatilmagan. Endi o‘lim sababi haqida ekspertiza chiqsa hammasi oydinlashadi, - dedi shifokor.
Ozodlik ona va bola o‘limi yuzasidan izoh olish uchun Baliqchi tuman Sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari bilan bog‘landi, lekin u majlisda ekanini aytib, Ozodlikka izoh berolmasligini bildirish bilan cheklandi.
Bu shu oyni o‘zidagi O‘zbekiston tug‘ruqxonalaridagi go‘daklar o‘limi bilan bog‘liq Ozodlikka ma’lum ikkinchi xolatdir.
2018 yilning 12 noyabrida Jizzax viloyatida to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirish uchun Zafarobod tuman Markaziy kasalxonasining Tug‘ruq bo‘limiga yotgan ayolning bolasi vafot etgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining 29 noyabr kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha, go‘dak o‘limi yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
"Tergovga qadar tekshirish jarayonida, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlarining kasb yuzasidan o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarganliklarini aniqlash maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tergovga qadar tekshiruvda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 27.02.2010 yilgi 56-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash muassasalarida tug‘ilganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma, perinatal o‘lim va o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomalarni berish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnoma talabi to‘liq bajarilmaganligi va G.X.ning chaqalog‘i patologoanatomik tekshiruvdan o‘tkazilmaganligi aniqlangan", - deyiladi Bosh prokuratura bildiruvida.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda shu yilning o‘zida onalar o‘limi bilan bog‘liq 59 ta, bolalar o‘limi bilan bog‘liq esa, 2.706ta holat qayd etilgan.
"Save The Children" tashkiloti hisobotida O‘zbekistonda har ming bolaning beshtasi tug‘ilganidan sal o‘tmay olamdan o‘tishi aytiladi.
Dunyoga kelganidan so‘nggi 30 kun mobaynida ro‘y beradigan bolalar o‘limi hollari esa O‘zbekistonda har ming bolaga 15tani tashkil etadi.
Dunyo bo‘yicha esa har yili 1 milliondan oshiq bola tug‘ilishi bilan o‘ladi.