AQShning sobiq prezidenti katta Jorj Bush 94 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Bush 30 noyabr kuni vafot etgan.
Respublikachi Katta Jorj Bush 1989-1993 yillarda bir muddat Oq uyga rahbarlik qildi.
1993 yilgi saylovda Bush demokrat raqibi Bill Klintonga yutqazgandi.
Jorj Bush Ikkinchi jahon urushi davrida 18 yoshida ko‘ngilli sifatida frontga ketgan.
Bush AQSh havo kuchlarining eng yosh uchuvchisi sifatida Tinch okeani ustida yapon armiyasiga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashdi.
Urushdan so‘ng Yel universitetini tamomlab Jorj Bush respublikachi sifatida siyosiy faoliyatini boshladi.
Bush AQSh Kongressiga saylandi, BMTda vakil bo‘ldi, bir muddat AQShning Xitoydagi elchisi lavozimida ham ishladi.
1976-77 yillarda AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Ford Jorj Bushni AQSh Markaziy razvedka boshqarmasiga rahbar etib tayinladi.
AQSh prezidenti Ronald Reygan esa 1981 yilgi prezidentlik poygasida Jorj Bushni o‘ziga vitse-prezident sifatida tanladi.
1988 yilda esa Jorj Bushning o‘zi prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi.
Katta Jorj Bush bir muddat AQSh prezidenti bo‘lgan esa-da dunyo siyosatidagi evrilishlar, SSSRning parchalanishi, Fors ko‘rfazidagi urush aynan uning prezidentlik davrida ro‘y berdi.
Shu yilning aprel oyida AQSh sobiq prezidenti Bushning 73 yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan rafiqasi Barbara Bush vafot etgan edi.
Bu yo‘qotish ortidan Bush kasalxonaga tushib qolgan edi.
U AQShga 2001-2009 yillarda rahbarlik qilgan kichik Jorj Bush hamda Florida shtatining sobiq gubernatori, 2016 yilgi prezidentlik poygasida mag‘lub bo‘lgan Jeb Bushning otasidir.