Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:27

Andijonda bir kechada, bir tumanda, qariyb 100 odam is gazidan zaharlandi


Ommaviy zaharlanishning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surati
Ommaviy zaharlanishning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surati

Andijon viloyatining Shahrixon tumanidagi markaziy kasalxonasiga 30 noyabr kechasi is gazidan zaharlangan qariyb yuz nafar odam murojaat qilgan.

Ozodlikka yuborilgan bu xabarni tasdiqlagan Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi shifokoriga ko‘ra, davolash bo‘limlari kasalga to‘lib ketgan, ikki nafar odam jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Shifokorlarning aytishlaricha, 30 noyabr kechasi Andijonda qattiq shamol bo‘lgani tufayli, asosan ko‘mir yoqiladigan pechka quvuridan chiqadigan is gazini shamol ortga qaytarib urganligi oqibatida odamlar zaharlangan.

Shahrixon tibbiyot birlashmasi bu xabarni tasdiqladi.

Shahrixon tumanidagi markaziy kasalxonada ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan tibbiyot hamshiralaridan biri 1 dekabr kuni Ozodlikka shunday xabar qoldirdi:

“Shahrixonda dahshat bo‘lyapti, kasalxonaga ko‘mirdan zaharlanganlarni “tez yordam” tinmay tashiyapti, kasallarni ularning yaqinlari olib kelishyapti. Yuzdan ortiq odam murojaat qildi. Ba’zilarining ahvoli juda og‘ir. Kasalxona to‘lib ketdi, yotqizgani joy yetishmayapti. Ba’zi sal yengil kasallar bu sharoitni ko‘rib, dori yozib bering uyda davolanaman, deb qaytib ketyapti”.

Shahrixon tibbiyot birlashmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan biri 1 dekabr kuni Ozodlikka bu xabarni tasdiqladi.

Uning aytishicha, odamlar asosan ko‘mir is gazidan zaharlangan:

“Kecha Shahrixonda qattiq shamol bo‘lgan. Shamol ko‘mir yoqilgan pechkalarning trubasidan qaytarib puflagan. Natijada pechkasining mo‘risi shamol tomonga ro‘para bo‘lgan odamlar is gazidan zaharlanishgan. Kechasidan odamlar tinmay kasalxonaga murojaat qilishni boshlashgan. Ikki kishining ahvoli og‘ir, hozir reanimatsiyada. Qolgan kasallar o‘rtacha og‘ir va yengil holatda. Ularni davolayapmiz. Ayni paytda, yotishni istamaganlardan tashqari kasalxonada 70 nafardan ko‘proq kasal qolmoqda”.

Mulozimning aytishicha, bemorlarga joy yetishmasligi bois, kasalxona o‘z imkoniyati darajasida ishlay olmayapti:

“Kasalxonada joy yetishmayapti. Ikki kishilik palatalarga to‘rt kishidan yotqizyapmiz. Tug‘ruqxonaning bittasini sotib yuborishgan, bittasini remont qilamiz deb, markaziy shifoxonaga olib kelib, tiqib qo‘ygan. Kasalxonaning bolalar va terapiya bo‘limlarini qisqartirib yuborishgan. Tiqilinch, joy yo‘q”.

Ozodlik suhbatlashgan kasalxona shifokorlarining aytishlaricha, bunday ommaviy zaharlanish mahalliy hokimiyatning e’tiboridan chetda qolmoqda:

“Hokimiyatdan ham, ichki ishlar, prokuratura, favqulodda vaziyatlar vazirligidan ham hech kim qiziqmadi. O‘zlarini eshitmaganga olib turishibdi. Aslida bunday holatda favqulodda vaziyat e’lon qilishlari kerak edi. Chunki buning sababini o‘zlari yaxshi bilishadi. Aholining kuni faqat ko‘mirga qolgan, gaz va svet yo‘q”.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Andijon viloyati bo‘limining navbatchisi bu holatdan bexabarligini, ularda bunday ma’lumot yo‘qligini aytdi.

O‘zbekiston FVV Radiatsion ximik-biologik himoya boshqarmasi boshlig‘i Abdulla Nurmatov ham bu voqeadan xabari yo‘qligi, uni o‘rganib, yarim soatda javob berishini aytdi. Ammo, Abdulla Nurmatov Ozodlikning keyingi qo‘ng‘iroqlarini javobsiz qoldirdi.

Shahrixon tuman hokimligining saytida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

2017 yilning 15 may kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida muzqaymoqdan jami 1500ga yaqin odam zaharlangan edi. Shifokorlarga ko‘ra, 200ga yaqin kishi shifoxonaga yotqizilgandi.

XS
SM
MD
LG