5 dekabr kuni Namangan shahridagi maktablardan birining 10- sinf o‘quvchisi mahalliy vaqt bilan soat 16:00 lar atrofida o‘z uyidagi ayvon to‘siniga osilgan holda topildi. 16 yoshli o‘spirinni o‘z joniga qasd qilishga olib kelgan sabab va motivlar hozircha ma’lum emas.
Shahar prokuraturasi maktab o‘quvchisining o‘limi yuzasidan tergov olib bormoqda.
Maishiy janjal?
Marhum o‘spirin qo‘shnilaridan biri 10-sinf o‘quvchisi (o‘spirinning ismi sharifi¸ yashagan va o‘qigan joyi manzili aniq¸ ammo ularni e’lon qilmayotir - tahr.) o‘zini osishidan oldin otasi bilan uzoq vaqt janjallashib kelganini iddao qiladi.
- Uyida hech kim yo‘qligida bola uyidagi ustunga qalin latta tortib o‘zini osgan, - dedi marhum oilasidagi vaziyatdan bevosita xabardorligini aytgan qo‘shni.
O‘z joniga qasd qilgan o‘spirin o‘qigan maktab o‘qituvchisi Ozodlik bilan suhbatda O.Q. da ruhiy tushkunlik kuzatmaganini aytib¸ uning a’lochi o‘quvchilardan bo‘lganini bildirdi.
"Kecha kayfiyati yaxshi edi. Mening darsim uchinchi soat edi. Birinchi smenada o‘qiydi. Darsda yaxshi o‘tirdi. Soat 13.00da darsimiz tugadi. Soat 16 larda bola o‘zini osganini eshitdik. Iqtisodiy qiyinchilik desa, oilasi ancha o‘ziga to‘q, kimdir xafa qildi, desa xafa qiladigan bola emas, o‘ziga ishongan bola edi", - deydi Ozodlik suhbatlashgan maktab o‘qituvchisi.
Bilganlarga ko‘ra¸ O.Q. oilada uch farzandning biri bo‘lgan. Ozodlik marhumning oila a’zolariga bog‘landi, lekin ular fojia tafsilotlari haqida suhbatlashishga istak bildirishmadi.
Bu O‘zbekistonda maktab o‘quvchisining o‘zini osishi bilan bog‘liq bir hafta ichidagi uchinchi, uch oy ichidagi Ozodlik aniqlagan yettinchi holatdir.
4 dekabr kuni Namanganning Chortoq tumanidagi maktablardan birining 10-sinfida o‘qiydigan 16 yoshli qizning jonsiz tanasi o‘z uyida osilgan holda topildi.
Ozodlik, shuningdek, Shahrisabz, Yakkabog‘¸ Andijon¸ Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘quvchilarning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar qilgan edi.
Jumladan, 28 noyabr kuni Shahrisabzdagi 1-litseyning 7-sinf o‘quvchisi, 17 sentabr kuni esa ota-onasi Rossiyada ishlayotgan yakkabog‘lik 16 yashar maktab o‘quvchisining uyida osilgan holda topilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
26 sentabrda Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanidagi 4- o‘rta maktabning 7- sinf o‘quvchisi o‘z uyining og‘ilxonasida osilgan holatda topildi.
Prezident Mirziyoev o‘tgan yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.
Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.