Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:29

Mobil telefonlar majburiy ro‘yxatga olinadi


2019 yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI kodlari bo‘yicha majburiy ro‘yxatga olish boshlanadi. Ro‘yxatga olinmagan qurilmalarni mobil tarmoqlarga ulash taqiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, shu yo‘l orqali mobil apparatlardan egasini ogohlantirmasdan noqonuniy foydalanishning va sifatsiz qurilmalar sotilishining oldini olish ko‘zlangan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassisiga ko‘ra, mobil telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish pullik bo‘lish-bo‘lmasligi hozircha noma’lum.

Ma’lumot uchun: IMEI (ingl. International Mobile Equipment Identity – mobil qurilmaning xalqaro identifikatori)

“Sotka”larni majburiy ro‘yxatga olish

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 oktabrdagi 847-sonli qaroriga muvofiq 1 apreldan boshlab, mamlakatdagi har bir mobil qurilmaning IMEI kodi ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

Norma.uz axborot-huquqiy portaliga ko‘ra, IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalardan foydalanayotgan abonentlarga uyali aloqa xizmatlari ko‘rsatish taqiqlanadi.

Qarorga ko‘ra, 1 aprelgacha:

  • mobil qurilmaning identifikatsiya kodini Internet tarmog‘i orqali onlayn rejimida ro‘yxatga olish va uning maqomini tekshirish xizmati joriy etiladi;
  • mobil qurilmani ro‘yxatga olish hamda maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha viloyatlarda hududiy punktlar tashkil etiladi.

Qarorga ko‘ra, mobil qurilmalarni xalqaro identifikatsiya kodlari asosida ro‘yxatga olish uchun mamlakatda alohida tizim joriy qilinadi.

Tizim operatori UZINFOCOM tashkiloti qilib belgilangan.

Tizimni yaratishga sarflanadigan mablag‘ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yuklatilgan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimni yaratish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish pullikmi yoki tekinmi?

Norma.uz axborot-huquqiy portali IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni pullik ekani, buning uchun uchun to‘lov undirilishi haqida yozgandi.

Vazirlar Mahkamasi qarorida to‘lov miqdori ko‘rsatilmagan.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxasisiga ko‘ra, to‘lov borasida yana 1,5 oy ichida ma’lum qilinadi.

“Qaror 22 oktabr kuni kuchga kirdi. Shu kundan boshlab bizga uch oy muddat berilgan. Shu muddat ichida biz yangi tizimning qanday ishlashi borasida ma’lum qilishimiz kerak. Hozir bu ustida maxsus guruh ishlayapti. Hozir sizga mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining to‘lovi borasida aniq ma’lumot ayta olmayman. Yanvar oyida hammasini e’lon qilamiz”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz vazirlik mutaxassisi.

Yangi tartibdan ko‘zlangan maqsad

Rasmiy hujjatda ta’kidlanishicha, yangi tartibni joriy qilish orqali bir qator maqsadlar ko‘zlangan:

  • Mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlari to‘g‘riligini tekshirish orqali ularning egalari huquqlarini himoya qilish;
  • Mobil qurilmalardan ularning egalarini ogohlantirmasdan noqonuniy va ruxsatsiz foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • Xalqaro standartlarga mos kelmaydigan sifatsiz mobil qurilmalar sotilishining oldini olish;
  • Mamlakatga sertifikatlanmagan mobil qurilmalarni noqonuniy olib kirish va foydalanishga chek qo‘yish;
  • Mobil qurilmalarni olib kirishda byudjetga bojxona to‘lovlarining tushumini oshirish;
  • O‘g‘irliklar sonini kamaytirish va ular sodir bo‘lgan taqdirda tezkor harakat qilish darajasini oshirish;

IMEI kodi nima?

IMEI (ingl. International Mobile Equipment Identity – mobil qurilmaning xalqaro identifikatori) – odatda, 15 ta raqamdan iborat bo‘lgan, apparatning o‘zida (klaviaturada *#06# terilganda ekranda ko‘rinadi), akkumulyator batareyasi ostida, o‘ramida va kafolat talonida ko‘rsatiladigan raqam. IMEI kodlari GSM, WCDMA va IDEN tarmoqlari uyali aloqa telefonlari, planshetlar va ayrim yo‘ldosh aloqa telefonlarida qo‘llaniladi.

“Bu noyob raqam bo‘lib, uni siz mobil qurilma batareyasida topishingiz mumkin yoki apparatning orqasiga yopishtirilgan bo‘ladi. Aksar hollarda apparat qutisiga ham yopishtirilgan holda bo‘ladi. Juda ko‘p mamlakatlarda IMEI kodlarni ro‘yxatga olish tartibi yo‘lga qo‘yilgan. Bu qurilma egasi uchun mutlaqo foydalidir”, deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassisi.

IMEI kodi afzalliklari

Mutaxassisning ta’kidlashicha, IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxs mobil telefoni o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan taqdirda uni topish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

“Agar mobil qurilma o‘g‘irlansa, IMEI kod orqali o‘g‘irlangan qurilmani topish mumkin. Telefonini yo‘qotgan shaxs militsiya bo‘limiga murojaat qilsa, ular o‘z navbatida UZINFOCOMga chiqib, telefonning IMEI kodi orqali uni topishi mumkin. Ya’ni IMEI kodi orqali telefonning manzili aniqlanadi. Bunda, albatta, sun’iy yo‘ldosh bilan topishga harakat qilinadi”, deydi mutaxasis.

IMEI kodini o‘zgartirish mumkinmi?

Mutaxassislar IMEI kodlarini o‘zgartirish imkonsizligini ta’kidlashadi. Ayni paytda Vodafone va British Telecom kompaniyalari IMEI kodini maxsus dastur yordamida o‘zgartirish mumkinligini ta’kidlab keladi.

Ayrim davlatlarda, jumladan, Qozog‘iston, Rossiya va Belorusda IMEI kodini o‘zgartirishga qarshi jinoiy javobgarlik mavjud.

IMEI kodini ro‘yxatga olish amaliyoti

IMEI kodini ro‘yxatga olish ayrim davlatlarda mavjud bo‘lib, bu mobil qurilmalarning o‘g‘irlanishi oldini olish, terrorizmga qarshi kurash va boshqa jinoyatlarni bartaraf etish maqsadi bilan izohlanadi.

Rossiya, Belorus, Ozarbayjon va Turkiyada mobil qurilmalarning IMEI kodini ro‘yxatga olish tartibi mavjud.

Qo‘shni Qozog‘iston ham joriy yil boshida mobil qurilmalarning IMEI kodini ro‘yxatga olishni boshladi.

2019 yil 1 yanvarigacha mobil qurilmasining IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazmagan qozog‘istonlik aloqa tizimidan uzib qo‘yiladi.

Қозоғистонда мобил телефонлар рўйхатга олинади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:48 0:00

XS
SM
MD
LG