Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:41

Moskvadagi mehmonxona: O‘zbek va tojiklarga joy yo‘q!


Moskva ko‘chalaridagi e’lonlardan biri: "Kvartirada slavyanlar uchun joy bor".
Moskva ko‘chalaridagi e’lonlardan biri: "Kvartirada slavyanlar uchun joy bor".

Moskvaning Naximovskiy prospektida joylashgan “2Hostel2” mehmonxonasi o‘zbek va tojiklarga joy bermasligini ma’lum qildi. Hostel ma’muriyati o‘z qarorini “uchastkovoyning og‘zaki buyrug‘i borligi” bilan izohladi.

“Ridus” Internet nashri muxbirlari 3 o‘zbek migrantini shu hostelga joylashtirishga uringanini, lekin bu urinishdan ish chiqmaganini yozdi. Hostel boshqaruvchisi jurnalistga bunday degan:

- Chunki ularni (o‘zbeklarni) registratsiya qilish kerak. Ular bir sutkaga kelsa ham biz ularni qaydga olishimiz shart, ammo hujjatlar 3 kun qilinadi. Ya’ni ularning registratsiyasi haqiqiy sanalmaydi. Biz migratsiya departamentiga bu odamlar allaqachon chiqib ketganini xabar qilamiz. Ular chiqib ketganidan keyin yangi registratsiya qilishi shart.

“2Hostel2” mehmonxonasi vakili o‘zbek va tojiklarni joylashtirishda uchastkovoy bilan muammolar yuzaga kelishini bildirdi.

- Shu yilning yanvaridan uchastkovoy yurib, Tojikiston va O‘zbekiston grajdanlariga joy bermaslikni talab qilmoqda. Shu sababli o‘zbeklaringiz Moskva viloyatida joylashaversin – u yerda ularga munosabat durustroq, degan “Ridus” jurnalistlariga hostel administratori.

“2Hostel2” mehmonxonasi faqat O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlarini qabul qilmasligini bildirgan. Boshqa postsovet mamlakatlari: Ukraina, Moldova, Armaniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston grajdanlari bu hostel xizmatidan foydalanishi mumkin.

Naximovskiy prospektidagi “2Hostel2”ning (Hostel - arzon mehmonxona) Internetdagi rasmiy sahifasida haqiqatan “Xostel ne zaselyaet grajdan Uzbekistana i Tadjikistana” degan yozuv turganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik muassasaning ko‘rsatilgan raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatga oydinlik qiritishga urindi.

Avvaliga 2 kishilik va 6 kishilik xonalarda joy borligini aytgan mehmonxona vakilasi, mehmonlar o‘zbekistonlik ekanini eshitib, fikridan qaytib qoldi:

- Qaysi mamlakat grajdanisiz?

- O‘zbekiston...

- Hostel O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlarini joylashtirmaydi.

- Nima sababdan?

- Nimagaligi to‘g‘risida bizda ma’lumot yo‘q.

Ozodlik savollariga javob bergan ayol boshqa mehmonxonalardan joy qidirib ko‘rishni tavsiya qildi.

“2Hostel2” mehmonxonasining ismini oshkor qilmagan rahbari ham bu masalaga izoh berilmasligi va "qoidani u o‘zi o‘ylab topmaganini" ma’lum qildi.

“Hostel O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlarini joylashtirmaydi”
“Hostel O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlarini joylashtirmaydi”

Peterburgdagi “O‘zbeklar va O‘zbekiston xalqlari milliy madaniyatlariga ko‘maklashish va saqlash” jamoatchilik tashkiloti rahbari Ne’matjon Mamajonov Ozodlikka bunday vaziyatlar mavjud bo‘lishiga jiddiy shubha bildirdi.

- Agar bunday holatlar vujudga kelsa, biz darhol prokuraturaga ariza yozamiz va vaziyatni o‘rganamiz. Mehmonxonaga joylashish masalasida esa shaxsan bizga hech kim murojaat qilgani yo‘q, demak bunday vaziyat bo‘lmagan. Bo‘lganda men bilgan bo‘lardim! Axir bu inson haqlari toptalishi va bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Uchastkovoy ham bunday buyruq bera olmaydi – pogonini yulib tashlashadi, axir, - dedi bunday holatni hech kuzatmaganini gapirgan o‘zbeklar jamiyati vakili.

Rossiyadagi migrantlar huquqlari bepul himoyachisi, yurist Valentina Chupik Rossiyadagi turli idoralarda millatchilik va irqchilik mavjudligini e’tirof etarkan, mehmonxona chindan ham uchastka noziri buyrug‘ini bajarayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib, dedi:

- Hostel bilan bog‘liq aynan shu vaziyat irqchi va fashist bo‘lgan birgina uchastkovoyning shaxsiy tashabbusi bo‘lishi mumkin. Masalan, Taganskiy Ichki ishlar bo‘limi doimo qirg‘izlarni ushlab ketadi. Sababini bilmadim! Mana bu uchastkovoy esa o‘zbek va tojiklarni yomon ko‘radi. Ammo, bunga biz hozir javob qaytarmasak, u ommalashib ketishi mumkin. O‘zbekistonlik va tojikistonliklarning turli kasalliklarni va hasharotlarni tarqatishi to‘g‘risidagi gaplar ham kulgili, albatta. So‘zsiz, bunday holat bo‘yicha diskriminatsiya yuzasidan prokuraturaga murojaat qilish lozim, dedi Valentina Chupik.

Bundan 5 yil oldin Moskvaga xizmat safari bilan borgan taniqli o‘zbek fotosuratchisi Umida Ahmedova Moskvaning Kievskaya mavzesida yangi ochilgan hostelga joylashmoqchi bo‘lganida ham “Biz faqat rus-slavyan mehmonlarga xizmat qilamiz” degan javobni eshitgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG