13 dekabr kuni Shavkat Mirziyoev¸ prezident matbuot xizmatining yozishicha¸ "xalq hayoti bilan bevosita tanishishi uchun" Qashqadaryo viloyatiga bordi¸ xususan¸ "Sho‘rtan gaz-kimë kompleksini borib ko‘rdi.
Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra¸ mazkur tashrif oldidan “Sho‘rtanneftgaz” korxonasining ishdan bo‘shatilgan yuzlab ishchisi uydan chiqmaslik haqida ogohlantirilgan; prezidentga arz qilish maqsadida viloyat hokimligi Xalq qabulxonasiga bormoqchi bo‘lganlari esa¸ ichki ishlar tizimi xodimlari tomonidan uyiga qaytarilgan.
Bu ma’lumotni oshkor qilgani uchun jazolanishidan qo‘rqib shaxsi sir tutilishini so‘ragan “Sho‘rtanneftgaz” sobiq qo‘riqchisi Ozodlik bilan suhbatda Qashqadaryo viloyati IIBsining Terrorchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi mulozimi arz qilmoqchi bo‘lganlarga prezident tashrifi nihoyasiga yetmagunicha uydan chiqmay o‘tirishni buyurganini bildirdi.
- Uydan chiqsangizlar¸ 159-modda bilan qamaymiz, deb ogohlantirdi. Xuddi jinoyatchiday uyda ushlab o‘tirishibdi. Hozir uydan chiqmay o‘tiribmiz. Boshqalar bilan ham gaplashdim, hammasi shunday ogohlantirish olgan. Mahalla faollarini nazoratga qo‘yib qo‘ygan. Prezidentga arzimizni qanday aytishga hayronmiz, - dedi 13 dekabr kuni Ozodlik gaplashgan “Sho‘rtanneftgaz” korxonasi sobiq qo‘riqchisi
“Sho‘rtanneftgaz” sobiq ishchilaridan yana biri¸ 30 ga yaqin odam to‘planib 13 dekabr kuni viloyat hokimligining Xalq qabulxonasiga borish uchun yo‘lga chiqishga muvaffaq bo‘lgani¸ ammo qabulxonaga yaqinlashganlarida militsiya xodimlari tomonidan ortga qaytishga majburlanganini bildirdi.
-O‘ttiztamiz Xalq qabulxonasi binosi oldiga borganimizda, bizni to‘xtatdi. Militsiya bo‘limiga olib borib, prezident tashrifi tugagunicha uyda o‘tirishimiz haqida tilxat yozdirib, qo‘yib yubordi, - dedi “Sho‘rtanneftgaz” korxonasining boshqa sobiq qo‘riqchisi.
24 noyabr kuni "Sho‘rtanneftgaz"ning o‘nlab xodimi Qarshi shahridagi Xalq qabulxonasi oldida to‘planib¸ o‘zlari va qaramog‘idagilarning boquvchisiz qoldirilganiga norozilik bildirgan edi.
Norozilik tadbirida qatnashganlar Ozodlikka bu voqeadan so‘ng militsiya bosimi kuchaygani, bu kabi hatti-harakatlar kelgusida takrorlangan taqdirda javobgarlikka tortishga asos bo‘lishidan ogohlantirilganliklarini aytdi.
-O‘sha kungi norozilik chiqishimizdan so‘ng hammamizni nazoratga olishgan. O‘shanda o‘n kishini militsiyada ushlab, tilxatlar olib qo‘yib yuborishgandi. Hozir endi 159-modda bo‘yicha qamash bilan po‘pisa qilishayapti, - deydi "Sho‘rtanneftgaz" qo‘riqchisi.
Noyabr oyi boshida "Sho‘rtanneftgaz" korxonasi quvurlarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanib kelgan 320dan ziyod qo‘riqchi yoppasiga ishdan bo‘shatilgan edi.
2018 yil noyabridan boshlab bu vazifa Ichki ishlar vazirligiga bo‘ysunadigan qo‘riqlash xizmatiga topshirilgan.
"Sho‘rtanneftgaz" qo‘riqchilari korxona ma’muriyatini mehnat qonunchiligini buzishda ayblamoqdalar.
- Hech bir ogohlantiruvsiz bizni ko‘chaga otib yuborishdi, - deydi ishdan bo‘shatilganlar nomidan Ozodlikka gapirgan "Sho‘rtanneftgaz" ishchisi.
"Sho‘rtanneftgaz" rahbariyati norozi ishchilarning talablarini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgani va ahvolni o‘rganayotganini bildirdi.
13 dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan "Sho‘rtanneftgaz" kasaba uyushmasi rahbari Shokir Ahmedov bo‘shatilgan xodimlarni ish bilan ta’minlash masalasi o‘rganib chiqilayotganini aytdi.
-Ularni har biriga boshqa ishlar taklif qilinayapti. Ayrimlarini o‘zimizda olib qolishga harakat qilayapmiz. Hammasining muammosini alohida ko‘rib chiqayapmiz, - dedi Ahmedov.
"Sho‘rtanneftgaz" MChJ qo‘riqlash xizmatining ishdan bo‘shatilgan xodimlari tanish-bilishchilik bo‘layotganidan shikoyat qilishadi.
- Beshta qo‘riqchini olib qolishayapti, bilsak ular o‘zlarini tanish-bilishlari ekan. Biz hozir ko‘chada qolib ketayapmiz, - deydi "Sho‘rtanneftgaz" ishchisi.
“Sho‘rtanneftgaz” korxonasi 1980 yilda tashkil topgan bo‘lib, gaz qazib olish, gaz, neft konlarini ishlatish, gazni va gaz kondensatini tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.
Hozirda "Sho‘rtanneftegaz" jami 21 ta neft va gaz kondensati konlaridan foydalanmoqda.
"Sho‘rtanneftegaz"ning yillik gaz ishlab chiqarish hajmi qariyb 15 milliard kub metrni tashkil qiladi. Bu mamlakat bo‘yicha yillik gaz ishlab chiqarishning to‘rtdan biriga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, korxona 175 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega.