Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:30

«Rossiya-24» robot kostyumidagi odamni haqiqiy robot deb ko‘rsatib¸ kulgiga qoldi


11 dekabr kuni Rossiyaning Yaroslavl shahrida o‘tkazilgan forum davomida robot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. «Rossiya-24» telekanali «Boris» ismli robotni dunyoning «eng yetuk robotlardan biri» deya ta’rifladi. Telekanal muxbiri robot raqsga tushishni o‘rganganini ham aytib o‘tdi.

Ammo tez orada «Boris» aslida robot kostyumini kiyib olgan odam ekanligi oshkor bo‘ldi.

Buning ortidan «Rossiya-24» telekanali boshqa rus nashrlari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga kulgi bo‘ldi.

Xo‘sh, Yaroslavlda kim yoki nima tomoshaga qo‘yildi? Texnologiyalar bilan bog‘liq mavzularni yoritib kelayotgan Tjournal.ru vebsayti bu savolga javob topdi.

Shirkat xodimlari qarorgohi Rossiyada bo‘lgan Show Robots shirkati «Alyosha» ismli robot kostyumlarini sotishi va ijaraga berishini aniqladi. Shirkat kostyumlari Yaroslavlda ko‘z-ko‘z qilingan robotga juda o‘xshash bo‘lib, Show Robots saytida bu kostyumlar bichimi hamda texnik xarakteristikasi tufayli «ko‘z oldingizda haqiqiy robot turganiga ishonasiz» deyiladi. Tjournal.ru saytida yozilishicha, bunday kostyumlarni ijaraga olish yoki 250 ming rublga sotib olish mumkin.

Tjournal.ru xodimlari so‘zlariga ko‘ra, forum uyushtiruvchilari «Boris»ni haqiqiy robot deb atamagan. Kostyumdan ish joylarida robotlar kelajakda tutadigan rolga bag‘ishlangan muhokama davomida foydalanilgan.

«Rossiyaning bo‘lajak intellektual yetakchilari» deb nomlangan forumni Rossiya Ta’lim vazirligi moliyalashtiradi. Prezident Vladimir Putinning shaxsan o‘zi qo‘llagan forum har yili o‘tkaziladi.

Xabarlarga ko‘ra, forumni o‘tkazish g‘oyasi muallifi ham aynan prezident Putindir. O‘tgan yilgi forumda prezident ishtirok etgan edi.

Bu yilgi forumning ochilish marosimida Rossiya Ta’lim vaziri Olga Vasilyeva hamda Yaroslavl viloyati gubernatori Dmitriy Mironovlar qatnashdi.

News-Yaroslavl rossiyalik o‘smirlar «Boris» bilan tushgan suratlarni Twitterga yukladi. Robotning orqasidan olingan suratda tirik odam bo‘ynini yaqqol ko‘rish mumkin.

«Meduza» xabar sayti «Boris» aslida robot emasligi oshkor bo‘lishi ortidan «Rossiya-24» YouTubega yuklagan videosini o‘chirib tashlaganini xabar qildi. Ammo 12 dekabr kuni kanal saytida mazkur videoni hali ham ko‘rish mumkin edi.

Tjournal.ru saytidagi maqolada forum uyushtiruvchilaridan farqli o‘laroq, «Rossiya-24» robotni haqiqiy moslama deb ko‘rsatgani e’tirof etilgan.

XS
SM
MD
LG