Moskvadagi Xitoy elchixonasi oldida bir guruh faollar Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyati mahalliy aholiga nisbatan qilinayotgan zo‘ravonliklarni to‘xtatish talabi bilan yakka piketlar o‘tkazdi.
Qo‘llariga “Xitoy! Konslagerni yoping - ozodlik eshiklarini oching!”, “Xitoydan Sharqiy Turkistondagi musulmonlar konslagerini yopishni talab qilamiz!”” shiorlarini ko‘tarib chiqqan piketchilar xalqaro jamoatchilikni Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida uyg‘ur, qirg‘iz, o‘zbek va qozoq millatiga mansub odamlarni ta’qib qilish amaliyotini to‘xtatish uchun ko‘mak ko‘rsatishga, BMT Xavfsizlik kengashini bu masala yuzasidan maxsus rezolyutsiya qabul qilishga chaqirdilar.
Moskvadagi “Uyg‘urlar milliy-madaniy birlashmasi” raisi, asli shinjonlik Sharif Ahmedov Ozodlikka ko‘plab yaqinlari “qayta tarbiyalash lagerlariga” tashlangani, ayrimlari otib o‘ldirilganini aytdi.
- Xitoy Uyg‘uristondan chiqib ketsin, u bizning Vatanimiz! Boshqa narsa talab qilganimiz yo‘q. Xitoylar baribir o‘z lager, konslagerlarini yopmaydi. U lagerlar da kuniga musurmonlarni ariq qazishni majburlar ekan, Xitoy partiyasini kuniga maqtashni buyurar ekan. Keyin, “Olloh yo‘q!” deb tan olishi kerak ekan lagerdagilar har kuni, deydi Sharif Ahmedov.
Rossiya qonunlariga ko‘ra, har bir piketchi orasida kamida 50 metr masofa bo‘lishi shart. Politsiya plakat ko‘targanlardan hujjatlarini talab qildi va har bir plakatdagi xitoy yozuvlarni tarjima qilishni so‘radi.
Norozilik aksiyasi tashkilotchilari barcha turkiy davlat rahbarlarini sharqiy turkistonliklar himoyasiga qo‘shilishga da’vat qildi.
- Bu yolg‘iz piketlarning ta’siri bo‘ladimi-bo‘lmaydimi, biz shunday qilishimiz kerakki, hukumatlar Xitoydagi qondoshlarimizga ega chiqishi kerak, deb o‘ylayman. Axir turkiy xalqlarning oyoqosti qilinayotganini O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston rahbarlari qarab turmasligi kerak, - dedi piket tashabbuschisi Bahrom Rahmon.
Norozilik aksiyasida qatnashgan “Yordam” Inson huquqlari tashkiloti prezidenti Bahrom Hamroev xalqaro hamjamiyat Xitoy hukumati olib borayotgan siyosatga qarshi birlashishi kerakligi to‘g‘risida so‘zladi.
- Bizning asosiy maqsadimiz – Xitoy Sharqiy Turkistondagi konslagerlarini yopishi kerak. Xitoy mamlakati bu qilayotgan jinoyatlarini o‘zi tan olishi kerak. Buning uchun BMT o‘zining Xavfsizlik Kengashiga Shinjon-Uyg‘uristondagi vaziyatni muhokamaga olib chiqishi va Xitoy hukumati hatti-harakatlarini qoralashi kerak! – dedi huquq faoli.
Bundan avvalroq Qirg‘izistonda, Qozog‘istonda, AQSh, Tatariston, Turkiya va boshqa davlatlarda Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi mahalliy aholi himoyasiga qator norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tgandi. Qozog‘istonga ko‘chib kelgan xitoylik etnik qozoqlar ham Olmaotada bir necha tadbir o‘tkazib, qozoq hukumatini «qayta tarbiyalash lagerlari»dagi yaqinlarini ozod etishga ko‘maklashishga chaqirgan edi.
Buning ortidan Xitoy ikki ming nafardan ko‘proq etnik qozoqqa Qozog‘istonga ko‘chib ketish uchun ruxsat berdi. Ularning barchasi Xitoy va Qozog‘iston fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslardir.
Xitoyda etnik ozchilikni tashkil etuvchi millatlar qatorida o‘zbeklar ham borligi ma’lum.
BMTning avgust oyida o‘tkazgan tekshiruvi natijasida Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatida 1 millionga yaqin musulmon «ekstremizmga qarshi kurash» bahonasida «qayta tarbiyalash lagerlari»da saqlanayotgani aniqlangan.
Xitoy bu ma’lumotlarni inkor qilib kelmoqda.