Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi boshchiligida 14 dekabr kuni ertalab fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tayotgan paytda, 29 yashar Nozima Ergasheva o‘ziga o‘t qo‘ygan.
Voqea guvohlarining aytishlaricha, ayol MIB xodimlari uning gaz quvurini asossiz kesib tashlagani, ikki oydan buyon uning arz-dodlariga hech kim quloq solmayotganidan shikoyat qilgan.
Qibray tumani ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayol birinchi darajali kuyish jarohati olgan, hokimiyat majlislar zaliga ham shikast yetgan.
Qibray tumanida yashaydigan 29 yashar Nozima Ergashevaning o‘ziga o‘t qo‘ygani haqida shu voqea guvohlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:
“Kecha, 14 dekabr kuni, ertalab taxminan soat 10.15 larda Qibray tumani hokimi boshchiligida fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tayotgan edi. Bir ayol uni asossiz qarzdor qilishgani, ikki oydan buyon masalasi hal bo‘lmayotgani, uning shikoyatlariga hech kim javob bermayotganidan shikoyat qildi. Unga qarzingiz bo‘lsa baribir to‘lashingiz kerak, deb javob berishdi. Keyin u ayol qo‘lidagi idishda turgan benzinni yoqib yubordi, odamlar unga tutashgan olovni o‘chirib qolishdi. Zal ham ozgina yondi. Keyin tez yordam chaqirishdi, biz chiqib ketdik”, deydi voqea guvohlaridan biri.
Qibray tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shunday voqea bo‘lganini va Nozima Ergasheva birinchi darajali kuyish jarohati olganini tasdiqladi.
Mulozim, bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgani yoki ochilmagani haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.
Qibray tumani tashkiliy nazorat guruhi yetakchi mutaxassisi Xolmurod Rabbanaevning Ozodlikka aytishicha ayol o‘ziga emas, balki majlislar zaliga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan:
- U o‘ziga-o‘zi o‘t qo‘ymagan. Qo‘lidagi anaqaga o‘t qo‘yib, tribunaga qarab otgan. Tribunada hech kim bo‘lmagan. Benzin emas, solyarka bo‘lgan. Shunda qo‘liga ham tutashib kuygan, deydi Xolmurod Rabbanaev.
Mulozimning iddao qilishicha, ayolning noroziligi gazdan qarzdorligi bo‘lgan:
- U gazga o‘z vaqtida pul to‘lamagan. Yetti million so‘m qarzi bo‘lgan. MIB uzib ketgan uni. Ichki ishlar bo‘limi o‘zining sektori bo‘lgani uchun yoqib bergan yana, mayli yordam qilaylik, deb. U hokimiyatdan meni qarzdorligimni yopib beringlar, deb talab qilgan. Uni kasalligiyam bor, ekan, boshqasi ham bor ekan. Biz bu voqea yuzasidan ishchi guruh ham tashkil qildik, borib o‘rganib keldik, deydi Xolmurod Rabbanaev.
Ozodlik Qibray tumani shoshilinch tibbiy yordam markazi bilan bog‘lanib, Nozima Ergashevaning ahvoli qanday ekanligi bilan qiziqdi. Ismi sir qolishini so‘ragan shifokorning aytishicha, Nozima Ergasheva birinchi darajali kuyish jarohati olgani qayd etilgan, ammo o‘zi kasalxonaga yotqizilmagan.
O‘zbekistonda maishiy muammolar sabab, fuqarolarning o‘ziga o‘t qo‘yish holatlari uchrab turishi haqida Ozodlik bir necha bor xabar bergan.
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida yashaydigan 27 yashar ayol 15 aprel kuni o‘zi va uxlab yotgan ikki nafar o‘g‘liga benzin sepib, o‘t qo‘ygan edi.
2017 yilning sentabrida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Ullibog‘ qishlog‘ida yashovchi 29 yashar Ahmad Niyozimbetov uyini buzishga kelgan hokimlik vakillariga norozilik bildirib, o‘ziga o‘t qo‘ygan edi.