Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:33

Putin: O‘lishimni kutib¸ xomtama bo‘lmang!


Vladimir Putin
Vladimir Putin

2018 yil 20 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2001 yildan buyon 14 marotaba uyushtirilgan matbuot konferensiyasida jurnalistlar savollariga javob berdi.

Kreml matbuot xizmati boshlig‘i Dmitriy Peskov 99,9 foiz anjumanda ishtirok etish istagini bildirgan jurnalistga akkreditatsiya berilgani va unda rekord sondagi 1702 nafar jurnalist qatnashganinini bildirdi.

Putin Yutuqlar to‘g‘risida maqtandi...

O‘z chiqishini Putin o‘tib borayotgan 2018 yilda erishilgan yutuqlar, xususan¸ yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmining oxirgi 10 oyda 1,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 2,9 foizga o‘sganini aytish bilan boshladi.

Rossiya prezidenti ta’kidicha¸ rossiyaliklar daromadlari 2018 yilda ham o‘sishda davom etgan va o‘sish 6,9 foizni tashkil etgan, ishsizlik esa 4,8 foizga kamaygan. Shuningdek, u o‘sish moliya, savdo, iqtisodiyot sohasida ham kuzatilganini aytdi.

Mamlakatdagi ahvol haqidagi bayonotidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berishga o‘tgan Putin Medvedev boshchilik qilayotgan hukumat faoliyatini maqtadi.

- Biz yangi iqtisodiyotlar ligasiga kirishimiz kerak – iqtisodiyot sifatidan. Bu jihatdan Medvedev hukumati faoliyatidan mamnunman, dedi 2021 yilda iqtisodiyot o‘sishini 3 foizga yetkazishni va’da qilgan Vladimir Putin.

Yadro urushi xavfi oshib bormoqda....

"Birinchi kanal" jurnalisti Anton Vernitskiyning Rossiyada oxirgi paytlarda yadro urushi to‘g‘risida “oshxonadagi gap-so‘zlar” ko‘paygani bilan bog‘liq savoliga javoban Rossiya prezidenti bunday urush ehtimolini inkor qilmasligini bildirdi:

- Xatarlar mavjud. Ular nimadan iborat: birinchidan, qurollanish poygasi tizimining buzilishi. Biz raketalarga rarshi mudofaa tizimlarini yorib o‘tuvchi qurol-yarog‘ni yaratishga majbur bo‘ldik.Bu muvozanatni saqlash uchun, xolos. Endilikda AQSh o‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalar shartnomasidan chiqayapti. Vaziyat qanday borishini taxmin qilish qiyin. Raketalar Yevropaga o‘rnatilsa¸ biz javob berishga majbur bo‘lamiz, keyin chirillab o‘tirishmasin. Ikkinchidan, yadrosiz ballistik raketalarni qo‘llash masalasi. Bu nima degani? Raketa uchirilsa¸ u yadroviymi-yo‘qmi – hech kim bilmaydi. Insoniyatning bunday vaziyatga tushmaslik keraligiga aqli yetadi, deb ishonaman¸ dedi yadroviy urush ehtimoliga to‘xtalgan Putin.

Hammasiga ukrainlarning o‘zi aybdor...

Kerch bo‘g‘ozida qo‘lga olingan ukrain dengizchilari masalasida berilgan savolga Vladimir Putin bu voqeani yana "provokatsiya" deb atadi va hibsda qolayotgan ukrain dengizchilari taqdirini sud hal etishini bildirdi.

Ukrainalik jurnalist Roman Simbalyukning Putinga :

-Donbass okkupatsiyasiga siz qancha pul sarflaysiz? U yerda qashshoqlik - odamlar Rossiya qullariga aylantirildi. Siz yadro urushidan qo‘rqasiz, ammo Ukraina grajdanlarini otayapsiz. Axir siz dengizchilarga o‘q otishni buyurdingizku. Rossiya va Ukraina o‘rtasida muloqot siz ishdan ketmaguningizcha amalga oshmaydi, deb o‘ylamaysizmi? savol berdi.

Bunga javoban Rossiya rahbari Donbass blokadasi va odamlarning o‘ldirilayotgani uchun Ukrainani aybladi.

- Biz bu odamlarga ko‘mak berayapmiz – tinchlik yo‘li bilan. Keyin ham yordam beraveramiz. Biz Ukrainada tinchlik bo‘lishini istaymiz. Kiev hukumatida rusofoblar o‘tirgan ekan, Kremlda kim bo‘lishidan qat’iy nazar¸ vaziyat o‘zgarmasdan qolaveradi. Dengizchilar masalasi esa¸ suddan keyin hal bo‘ladi, dedi Vladimir Putin.

Qrimlik jurnalist Rossiyaga qarshi kiritilayotgan cheklovlar qrimliklarga salbiy ta’sir o‘tkazayotgani masalasini ko‘tardi.

- Qrim anneksiyasi haqida gapirishayapti. Anneksiya nima degani? Kuch yordamida bosib olish. Agarda Qrim kuch bilan bosib olingan bo‘lsa, mahalliylar aybi yo‘q. Ular o‘zlari kelib ovoz bergan bo‘lsa – bu anneksiya emas. Qrimliklarga qarshi esa sanksiyalar kiritishdi, dedi Putin.

Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalarga moslashdi...

“Rossiya Segodnya” muxbiri Yelena Glushakovaning “Rossiya yangi sanksiyalarga tayyormi?” savoliga Putin:

- Rossiya o‘z tarixi davomida doimo sanksiyalar ostida yashab keladi. Bu nima bilan bog‘liq? Rossiya qudratining oshishi bilan! Biz esa o‘z ishimizni tinchgina davom ettirayapmiz. Iqtisodiyotimiz tashqi cheklovlarga moslashib oldi. 2008-2009 yilgi jahon inqirozidan keyin YaIMimiz 7,8 foizga quladi. 2014 yilgi sanksiyalar ortidan esa bu ko‘rsatkich atigi 2,4 foizni tashkil etdi¸ deb javob berdi.

SSSRni tiklamaymiz, ammo...

66 foiz rossiyaliklarning SSSR qulashidan afsusda ekani to‘g‘risida ko‘tarilgan masalaga munosabat bildirgan Rossiya rahbari sotsialistik tuzumni tiklash ilojsiz ekani ayta turib, iqtisodiyotda “sotsiallashuv” elementlari joriy qilinishi mumkinligini inkor etmadi.

Biz terrorizmga qarshi kurashni davom ettiramiz...

Chicago Tribune-dan tushgan savol: “Prezident Tramp Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqdi va AQShning IShID ustidan g‘alabasi borasida e’lon qildi. Siz qo‘shinlarning olib chiqilishi va terrorchilar ustidan g‘alaba borasidagi so‘zlari haqida nima deb o‘ylaysiz?”

- Biz Tramp bilan Suriyadagi terrorizmga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishdik. Bu guruhlarning Afg‘oniston va boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tishi xavfi mavjud. Bu barcha davlatlar, jumladan Rossiya, AQSh, Yevropa va Osiyo davlatlariga bo‘layotgan xatar. AQSh Afg‘onistondan har yili qo‘shin olib chiqayotganini e’lon qiladi, ammo baribir o‘sha erda. Menimcha, AQSh qo‘shinlarining Suriyada keragi yo‘q, ular nolegitim tarzda u yerda mavjud. Olib chiqarayotgan bo‘lsa – demak to‘g‘ri ish, dedi Putin.

Afg‘onistondagi vaziyat to‘g‘risida fikr bildirib, Vladimir Putin “tolibonlar bilan muloqot qilish muqarrar” ekani, afg‘on xalqi o‘zi kelishib olishi kerakligini ham uqtirib, Rossiya Tojikistondagi o‘z harbiy bazasini mustahkamlashni davom etishini ma’lum qildi.

Novaya gazeta” jurnalisti Markaziy Afrika Respublikasida otib o‘ldirilgan O‘rxon Jamol, Kirill Radchenko va Aleksandr Rastorguev o‘limiga “Vagner” xususiy harbiy bo‘linmasi, xususan “Putin oshpazi” Yevgeniy Prigojinning aloqadorligi to‘g‘risida savol berdi.

- Mening oshpazlarim – xavfsizlik xizmati xodimlari, harbiylar. Vagner masalasida esa, hammasi qonun doirasida qolishi kerak. Agar guruh nimanidir buzayotgan bo‘lsa – Bosh prokuratura o‘z huquqiy bahosini bersin. Agarda ular haq bo‘lsa – dunyoning istagan burchagida o‘z manfaatlarini ilgari surib borishga haqli, dedi Vladimir Putin.

Putin jahonni kim boshqarmoqchi ekanini biladi...

Wall Street Journal nashri muxbirining “Siz haqiqatan dunyoni boshqarmoqchimisiz?” savoliga prezident AQShning mudofaaga sarflayotgan xarajatlarini eslatdi:

- Jahonni boshqarish masalasida, biz uning bosh shtabi qaerda ekanini bilamiz va u Moskvada emas. Rossiyadan chiqayotgan xavf-xatar – ayrim masalalarni hal etish uchun G‘arb jamiyatiga singdirilayotgan qoliplar. Tashqi siyosatimizning asosiy maqsadi – xalqaro maydonda tenglar orasida o‘z o‘rnini egallashdir, dedi prezident Vladimir Putin.

Matbuot anjumani yakunida yaqin orada uylanish ehtimolini rad etmasligini bildirgan Putin¸ salomatligi masalasida berilgan savolga :

- O‘lishimni kutib¸ xomtama bo‘lmang- deya zaharxanda qildi.

XS
SM
MD
LG