Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:24

Gulistonda yog‘ zavodi ishchilariga maosh hisobidan uzum tarqatildi


"Guliston ekstrakt -Yog‘" korxonasi ishchilari ish haqi hisobidan har biri 10 kilogramdan bo‘lgan bir yashikdan uzum tarqatilganiga norozilik bildirdi. Ozodlikka bog‘langan ishchilarga ko‘ra, uzum uchun ularning oylik maoshidan 70 ming so‘m pul ushlab qolinishi aytilgan. Korxona rahbariyati ishchilar noroziligidan so‘ng uzumlar Yangi yil sovg‘asi sifatida rasmiylashtirilganini bildirdi.

25 dekabr kuni "Guliston ekstrakt -Yog‘" aktsionerlik jamiyati ishchilariga bir yashikdan uzum tarqatishni boshladi.

Ishdan haydalish xavfi ostida ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mazkur korxona ishchisiga ko‘ra, uzum uchun pul ularning oylik maoshidan ushlab qolinishi aytilgan.

“Bir yashikda jami 10 kilo uzum bo‘lib, oyligimizdan 70 ming so‘m pul ushlab qolinishini aytishdi. Shunda bir kilo uzum 7 ming so‘mdan tushar ekan. Bizga Yangi yilga dasturxon tuzash uchun pul kerak. Ular oyligimizga uzum berib o‘tirishibdi. Uyda hech kim uzumni yoqtirmaydi. Nima qilamiz bu uzumni? Bir men emas, ko‘pchilik norozi bo‘ldi”, deydi korxona ishchisi.

Feysbukdagi "Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom" sahifasida ham "Guliston ekstrakt -Yog‘" korxonasida ishchilarga uzum tarqatilgani tanqid qilindi.

“Guliston Yog‘-ekstrakt” AJ tomonidan ayni paytda oylik hisobidan tarqatilayotgan uzum. Katta ehtimol bilan eksportdan qaytgan! Har bir ishchiga o‘n kgdan, narxi 70 ming. 70%i iste’molga yaroqsiz!”, deyiladi Feysbukka joylangan postda.

Feysbukda "Guliston ekstrakt -Yog‘" korxonasi ishchilariga berilgan uzumlar suratlari ham e’lon qilindi.

Ulardan birida, yashikning pastki qismidagi uzumlar yaroqsiz holga kelib qolgani ko‘rinadi.

​Ishchilarga uzum tarqatilganiga tanqidiy fikr bildirgan @Kurbon Soipov ismli Feysbuk foydlanuvchisi “Uzumni ezib, suvini olsa, Yangi yil vinosi bo‘ladi. Po‘chog‘i esa Mirziyoevning tovuqlariga yangi yilda tuxum bo‘ladi”, deya kinoya qiladi.

"Guliston ekstrakt -Yog‘” korxonasi ishchilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ishchilar noroziligidan so‘ng rahbariyat o‘z fikrini o‘zgartirgan.

“Bugun rahbariyat o‘z fikrini o‘zgartirdi. Bugun uzumlar Yangi yil uchun sovg‘a ekanini aytishdi. Bugun ham uzum tarqatishayapti. Ertaga ham tarqatishadi. Kechagi noroziligimizdan keyin bugun uzum berilganlarga Yangi yil sovg‘asi deb yozilgan korobkani ham qo‘shib qo‘yishdi. Internetda ham chiqqani sabab bo‘ldi shekilli, bugun fikrini o‘zgartirishdi”, deydi anonim qolishni istagan korxona ishchisi.

"Guliston ekstrakt -Yog‘" korxonasining Hisoblash bo‘limi xodimlaridan biri ishchilarga berilayotgan uzumlar Yangi yil sovg‘asi deb o‘zgartirilganini tasdiqladi.

“Boshida uzum oylik hisobidan deyilgandi. Lekin bugun Yangi yil sovg‘asi sifatida tarqata boshladik”, dedi hisoblash bo‘limining ismini ochiqlamayotganimiz xodimi.

Ayni paytda korxona ish yurituvchisi Mutabar Amanova uzumlarning oylik hisobidan tarqatilganini mutlaqo inkor qildi.

“Bu dezinformatsiya. Hecham unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Siz menga shikoyat qilgan ishchilar ro‘yxatini bering yoki o‘zingiz o‘sha ishchilarning arizasini olib rahbariyat oldiga keling. Biz uzumni bayramga tekinga tarqatayapmiz”, dedi Mutabar Amanova.

Avvalgi yillarda ham O‘zbekistonda maosh o‘rniga lampochka, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozordan ancha qimmat narxda ishchilarga, o‘qituvchilarga o‘tqazish holatlari sodir bo‘lgan edi.

Jumladan, joriy yil yozida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Toshrabot qishlog‘i Oqrabot mahallasida o‘qituvchilar oyliga majburlab tovuq tarqatilgandi.

Avvalroq “O‘zbekenergo” boshqaruvi raisi Iskandar Basidov buyrug‘iga asosan¸ 66579 nafar xizmatchi har oy uch donadan “O‘zbekenergo” hissadori bo‘lgan ikki shirkat ishlab chiqarayotgan LED lampochkasini bozor narxidan qimmatga sotib olishi shart qilib qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG