Yil oxiriga kelib mamlakatning bir qancha viloyatlarida avtomobillarga metan gazi quyish shoxobchalarida bir necha kilometrlik navbatlar paydo bo‘lgani, haydovchilar 5-6 soatdan navbat kutayotgani oddiy holga aylandi.
Ozodlikning 22 dekabr kungi maqolasida “O‘ztransgaz” mulozimi bu holatni gaz ishlab chiqaruvchi korxonalar yetarli miqdorda gazni yetkazib berolmayotgani sabab, quvurlarda gaz bosimi tushib ketganligi bilan izohlagan edi.
29 dekabr kuni “O‘zransgaz” hissadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Erkaboy Aliev, Gazeta.uz saytiga O‘zbekiston ichki ehtiyoji uchun ishlab chiqarilayotgan gazning asosiy miqdorini elektr quvvati ishlab chiqarish maqsadida “O‘zbekenergo” yeb qo‘yayotganini aytdi.
Gazeta.uz ga intervyu bergan Erkaboy Alievning aytishicha, havo sovib ketganligi bois “O‘zbekenergo”ning gazga talabi ham ortgan:
“Havoning birdaniga sovib ketishi natijasida respublika aholisi ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qila boshladi. Bizning asosiy iste’molchimiz “O‘zbekenergo” ham limitdan yuqori gazga talabi oshdi. Agar reja bo‘yicha biz har kuni “O‘zbekenergo”ga 51 million kubometr gaz yetkazib berishimiz kerak bo‘lsa, ayni kunlarda bu ko‘rsatkich 52-53 million kubometrni tashkil qilmoqda. Sovuq tushishi sabab elektr energiyasiga talab kuchaygani va tabiiy gaz bosimi rezervlarini qisqarishi hisobiga Farg‘ona vodiysiga gaz yetkazib berish susaydi”.
“O‘ztransgaz” HKning o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu holatni 22 dekabr kuni Ozodlikka shunday sharhlagan edi:
"Sababi gaz bosimi past. AGNKSlarning o‘z normasi bor, ular trubadagi gazni yig‘ib olib, bosim bilan beradi. Hozirgi gaz bosimi past bo‘lgan holatda, zapravkalar hamma kolonkalarini ham birday ishlata olmaydi. Shuning uchun mashinalar navbati ko‘payib ketmoqda. Havo sovib ketgani uchun gaz iste’moli ortib boryapti, shuning uchun birinchi navbatda aholi gaz bilan ta’minlanyapti. Sho‘rtandagi, Muborakdagi gaz ishlab chiqaruvchi korxonalardan gaz kam kelyapti. Hozir bu muammoni bartaraf etish ustida ishlanmoqda".
Ayni paytda, vodiy viloyatlarida avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalarida uzundan-uzun navbatlar barham topgani yo‘q.
Asakalik haydovchi 29 dekabr kuni to‘rt soat navbatda turib gaz olganini Ozodlikka aytdi:
“Sahar kelib, to‘rt soat kutib enamni ko‘rdim. Dahshatli navbat. Aytishlaricha. Yangi yildan keyin yaxshi bo‘lar ekan”, dedi haydovchi.
O‘tgan yilning yanvar oyida ham Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarining shahar va tumanlarida avtomobillarga quyiladigan metan gazining taqchilligi yuzaga kelgan edi. Ozodlik mobil muxbirlari yuborgan foto va videolarda avtomobillarning bir necha kilometrlik navbatlari aks etgan, haydovchilar Ozodlikka 5-6 soatdan navbatda turishganini aytgan edi.