Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:17

Tarixda birinchi marta oyning orqa tomoniga kosmik stansiya qo‘ndirildi


Oyning orqa tomoni. Appolon-16 kosmik kemasi olgan surat.
Oyning orqa tomoni. Appolon-16 kosmik kemasi olgan surat.

Tarixda birinchi marta Xitoyning "Chan’e-4" stansiyasi oyning orqa tomoniga qo‘ndirildi. Bu haqda 3 yanvar kuni Xitoy televideniyesi ma’lum qildi.

Oyning orqa tomoni hech qachon yerga yuzlangan emas. Ya’ni insoniyat shu kungacha oyning orqa tomonini juda kam o‘rgangan edi.

Oyning orqa tomoni yerga yuzlanmagani sababli radioaloqa ham mavjud bo‘lmagan. Xitoy bu muammoni hal etish uchun dastlab oy orbitasiga sun’iy yo‘ldoshni uchirdi. Mazkur sun’iy yo‘ldosh oyning orqa tomoniga uchiriladigan kosmik stansiya bilan radioaloqa o‘rnatilishiga xizmat qilishi lozim edi.

Mutaxassislarga ko‘ra, oyning orqa tomonida yer bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri radioaloqa qilishga imkoniyat beruvchi elektromagnit fonning yo‘qligi tadqiqotlar mukammalroq olib borilishiga omil yaratadi.

"Chan’e-4" stansiyasining bosh konstruktori Sun Szechjou 3 yanvar kuni Xitoy matbuotiga oyning orqa tomonini o‘rganish ishlari muvaffaqiyatli boshlanganini aytdi:

-Kutilganidek, barcha jarayonlar juda aniq amalga oshirildi. Qo‘nish muvaffaqiyatli o‘tdi. Kosmik stansiyamiz qo‘ngan joy biz orzu qilganimiz kabi ideal joy bo‘ldi. Boshqacharoq qilib aytadigan bo‘lsak, biz maqsadimizga yetish yo‘lida turibmiz,-dedi Sun Szechjou.

Unga ko‘ra, avtomatik qo‘ndirish moduli va lunoxoddan iborat bo‘lgan kosmik stansiya oyning orqa janubiy qutbida joylashgan Karman krateriga qo‘ngan. Bu kraterning diametri 186,4 kilometr, chuqurligi esa 3 kilometrdir. Kosmik stansiya 2018 yilning 8 dekabrida koinotga uchirilgan edi.

Kosmik stansiya oyning orqa tomonida radioastronomik kuzatuvlarni hamda oy sathining strukturasi va tarkibi yuzasidan tadqiqotlarni olib boradi. Ayni paytda kosmik stansiya oyning orqa tomoni tasvirga tushirilgan ilk fotosuratlarni yerga yuborgan.

"Xitoy koinotni o‘rganuvchi yirik davlatga aylanmoqchi va oyning orqa tomoniga kosmik stansiyaning qo‘ndirilishi bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir”, deb aytdi mazkur loyiha rahbarlaridan biri Vu Vijen CCTV telekanaliga.

Xitoy yaqin o‘n yillikda oyga o‘zining birinchi odam boshqaradigan kosmik kemasini uchirmoqchi.

Koinotni o‘zlashtirish o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlangan edi va bu sohada Sovet Ittifoqi bilan AQSh raqobatlashgan. Bu ikki davlat koinotni o‘zlashtirishga kirishgan asosiy davlatlar edi.

1961 yilning 12 aprelida Sovet Ittifoqi birinchi marta koinotga odamni uchirgan. Yuriy Gagarin insoniyat tarixidagi birinchi kosmonavt bo‘lib qoldi.

1969 yilning 20 iyulida esa AQSh Appolon-11 koinot kemasini oyga uchirdi. Amerikalik avstronavtlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin oyda qadam bosgan birinchi odam bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG