Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:37

Samarqandda er-xotin ikki bolasi bilan is gazidan zaharlanib o‘ldi


Qo‘lbola gaz pechka (O‘zbekiston FVV saytidan olingan bu suratning Samarqanddagi voqeaga aloqasi yo‘q)
Qo‘lbola gaz pechka (O‘zbekiston FVV saytidan olingan bu suratning Samarqanddagi voqeaga aloqasi yo‘q)

Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tuman, Zarqo‘rg‘on mahallasida yashagan to‘rt kishidan iborat oila 2 yanvarga o‘tar kechasi is gazidan zaharlanib nobud bo‘ldi.

Voqea guvohlarining aytishicha, oila boshlig‘i suyultirilgan gazda ishlaydigan, Eronda ishlab chiqarilgan isitish qurilmasi sotib olgan va uni yoqib qo‘yib uxlagan. Natijada o‘zi, xotini va ikki bolasi is gazidan zaharlangan.

Kattaqo‘rg‘ondagi Eronda ishlab chiqarilgan pechkalar bilan savdo qiluvchi do‘kon yopib qo‘yilgan.

Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan bu fojia haqida shu mahallada yashovchilardan biri Ozodlikka xabar qildi:

“Abdurayim Tursunov degan 50 yashar mahalladoshimiz Zarqo‘rg‘onga yangi uchastka solib chiqqan edi. Do‘konlarga makaron tashiydigan mashina haydardi. 2 yanvar tug‘ilgan kuni ekan. Keladigan mehmonlarga alohida uyga joy qilishibdi. Ammo, mehmonxonaning pechkasi yo‘q ekan. Abdurayim Eronda ishlab chiqarilgan pechka sotib olib kelib, o‘rnatibdi. Mo‘ri-po‘rilarini ham qilgan. Kechasi yoqib qo‘yishib, butun oila o‘sha yerda uxlabdi. Is gazi qaerdandir sizib chiqqan. O‘zi, xotini, 15 yoshli qizi, 13 yoshli o‘g‘li nobud bo‘ldi. 20 yashar o‘g‘li alohida xonada yotgani uchun u tirik qopti. Bir uydan to‘rt tobut chiqdi, judayam ayanchli bo‘ldi, butun qishloq yig‘ladi”.

Uning aytishicha, bu voqeadan so‘ng shu turdagi pechkalar sotadigan do‘kon yopib tashlangan:

“Voqeaning ertasi kuni eski shaharda joylashgan o‘sha do‘kon yopib tashlandi. Shaxsan viloyat IIB boshlig‘ining o‘zi o‘nlab melisa bilan kelib, pechatlab ketdi. Aytishlaricha, bu pechkalar kontrabanda yo‘li bilan kirib kelgan ekan. Hozir tekshirish ketyapti. Mahalla faollari ham uyma-uy yurib bunday pechkalarni ishlatmaslikni maslahat bermoqda. Haqiqatan, bu pechkalar ajal urug‘i bo‘ldi”.

Oqdaryo tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchisi Zarqo‘rg‘on mahallasida is gazidan zaharlanib, bir oiladan to‘rt kishi o‘lganini tasdiqladi. Navbatchining aytishicha, bu voqeani tuman prokuraturasi tergov qilmoqda.

O‘zbekistonda qish mavsumida is gazidan zaharlanish holatlari ko‘p uchraydi.

Tabiiy gaz va elektr energiyasining taqchilligi bois, ayniqsa qishloq hududlarida yashaydigan aholi uyni isitish qurilmalaridan xavfsizlik qoidalariga rioya qilmay foydalanadi.

Buning oqibatida so‘nggi yillarda yuz bergan is gazidan zaharlanish holatlari haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Zangiota tumanidagi Bo‘zsuv qishlog‘i O‘rikzor mahallasi Olmazor ko‘chasida 25 dekabr kuni 2003, 2006,2009,2013 va 2014 yilda tug‘ilgan bolalar qo‘lbola usulda yasalgan pechkadan chiqqan is gazidan zaharlangan va vafot etgan edi.

Jumladan, o‘tgan yilning noyabr oyida Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa mahallasida ikki farzandning ota-onasi bo‘lgan er-xotin is gazidan zaharlanib, halok bo‘lgan edi. Ularning 5 va 7 yoshli farzandlari buvisinikida bo‘lgani sabab omon qolgan.

Oktabr oyining bir haftasi ichida Toshkentning Chilonzor tumanida 4 bola, 1 noyabr kuni Yunusobod tumanida 3 kishi is gazidan zaharlanib vafot etgan edi.

XS
SM
MD
LG