Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:32

Paxtaga odam chiqargan otryad rahbarlari ish haqini ololmayapti


Xorazm viloyati, Shovot tumanidagi 2018 yilgi paxta mavsumida paxtaga odam chiqargan, terimni tashkillashtirgan 35 nafar otryad rahbarlari ish haqini hanuz ololgani yo‘q.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan otryad rahbarlarining aytishlaricha, ular bilan shartnoma tuzgan “Shovot Tekstil” korxonasi rahbariyati har safar bugun-erta deb, ularni aldab kelmoqda.

Tuman prokuraturasi Ozodlikka bu masalani o‘rganib javob berishini aytdi.

Shovot tumanidan Ozodlikka murojaat qilgan, 2018 yil paxta terimida qatnashgan bir guruh otryad rahbarlarining yozishicha, ular bilan shartnoma tuzgan “Shovot Tekstil” korxonasi oylikka kelganda o‘zini olib qochmoqda:

“Bizlar, mahalla raislari, kotiblar, posbonlar, xotin-qizlar qo‘mitalari faollari qariyb ikki oy davomida kechayu kunduz odamlarni paxtaga jalb qilish, ko‘proq terimchi chiqarish ustida ishladik. Odamlarga iltimos qildik, paxtani o‘z vaqtida terib olinishiga ko‘mak berdik. “Shovottekstil” bilan rasman shartnoma tuzdik. Lekin paxta terimi tugaganidan keyin bu korxona bizga ish haqimizni berishdan o‘zini olib qochmoqda. Necha marta borib ish haqimizni talab qilsak, erta-indin deb aldab kelyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan otryad rahbarlaridan birining Ozodlikka aytishicha, u ikki marta “Shovot Tekstil” rahbarlariga borib uchrashgan:

“Korxona bilan tuzgan shartnomamiz bo‘yicha o‘tgan yili biz ish haqimizni olishimiz kerak edi. Yangi yildan oldin plastikka tashlab beramiz, degandi. Ikki marta bordik, bermadi. 20 sentabrdan 10 noyabrgacha paxtada bo‘ldik. Shartnoma bo‘yicha, agar biz 80 tonna paxta tergizsak bir yarim million so‘m, bundan ortig‘ining har tonnasiga 50 ming so‘mdan berishi kerak edi. Ba’zilarning ish haqi 2-3 million so‘mdan oshib ketgan. Lekin bermay turipti”, dedi otryad rahbari bo‘lgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.

Boshqa bir otryad raisi esa, kelgusi dushanba kuni pulni o‘tkazib berishlarini va’da qilganini aytadi:

“Kecha yana borgan edim, haftaning birinchi kuni o‘tkazamiz deyishdi. Lekin men bularga ishonmay qoldim, nechta birinchi kun bu orada o‘tib ketdi”, deydi otryad rahbari bo‘lgan mahalla posbonlaridan biri.

"Shovot Tekstil" bilan tuzilgan shartnoma nusxasi
"Shovot Tekstil" bilan tuzilgan shartnoma nusxasi

Ozodlik “Shovot Tekstil” korxonasi bilan bog‘lanib otryad rahbarlarining ish haqlari nega berilmayotgani haqida so‘radi. O‘zini savdo bo‘limining xodimi deb tanishtirgan mulozim, bu savolga faqat korxona rahbarlari javob bera olishini aytdi.

Korxonaning oxiri 5155 va 5153 bilan tugaydigan telefonlariga esa hech kim javob bermadi.

Shovot tumani prokuraturasining navbatchi mulozimi Ozodlik savollarini birma-bir yozib olgach, bu masala o‘rganilib, javob berilishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG