Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:29

Forishda bir haftada bir kollejning ikki o‘quvchisi osilgan holda topildi


Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘g‘il bola o‘quvchisi 6 yanvar kuni osilgan holda topildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kollej o‘qituvchisining aytishicha, 28 dekabr kuni 3-bosqichda o‘qiydigan yana bir o‘quvchi - qiz bola osilgan holda topilgan.

Forish tuman hokimligi mulozimi "yoshlar orasida o‘zining joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini" aytar ekan, bunday fojialarning oldini olish uchun maxsus komissiya tuzilganini bildirdi.

Forish maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi 18 yashar Sh.U. 6 yanvar kuni kechqurun uyining molxonasida "o‘zini osib o‘ldirgani" haqida shu kollejning ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan biri Ozodlikka xabar berdi:

“O‘sha kuni Sh. o‘rtoqlarini uyiga chaqirib, tashqarida o‘choqda ovqat qilishgan. Ovqat pishganidan so‘ng o‘rtoqlariga, sizlar ovqatni suzib turinglar, men hojatga chiqib kelay deganda, molxona tomonga o‘tib ketgan. U hech kelavermagach, o‘rtoqlaridan biri orqasidan borsa, molxona to‘siniga o‘zini osib qo‘ygan ekan”.

O‘qituvchining aytishicha, Yangi yildan uch kun oldin kollejning yana bir o‘quvchi qizi o‘z joniga qasd qilgan edi:

“Shu kunlarda kollej o‘quvchilari qishki ta’tilga chiqqan. Biz Sh.ning o‘zini osib o‘ldirganini eshitib, shokka tushdik. Chunki 28 dekabr kuni yana bir 3-bosqichda o‘qiydigan 18 yashar N.I. degan qizimiz ham uyida o‘zini osib o‘ldirgan edi. Birdaniga balki bu yoshlar o‘rtasida qandaydir munosabat bo‘lgan bo‘lsa kerak, degan xayol keldi. Marhumlarning o‘rtoqlari va dugonalari bilan gaplashganimizdan keyin ular orasida hech qanday munosabat bo‘lmaganini, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan hodisa ekanligi aniqlandi”.

O‘zini Forish maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji direktori No‘’mon deb tanishtirgan mulozim, Ozodlik bilan xuddi mast odamday tili chaynalib gapirdi va muxbirni senlab, dag‘dag‘a qildi:

- Men senga aytib qo‘yay, men osmadim uni, maylimi. Sen menga zvonit qima, maylimi, - deb direktor aloqani uzdi.

Forish tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi kollej ikki o‘quvchisining o‘lganini tasdiqladi va bu holatlar bilan tuman prokuraturasi shug‘ullanayotganini aytdi.

Forish tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla faollaridan birining Ozodlikka aytishicha, so‘nggi paytda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan:

“Bu yoshlarga nima bo‘lyapti hayronman. Bir oy oldin Forish markazida yashaydigan oilaning bir o‘g‘li o‘zini osib o‘ldirgan edi. Oradan 3 kun o‘tib uning xudoyisi kuni o‘sha o‘lgan bolaning ukasi ham o‘zini kuppa-kunduz kuni osib qo‘ydi. Mana yana bir oy o‘tmasdan yana ikkita shunday voqea bo‘lyapti. Buni tuman hokimi ham kechagi selektor yig‘ilishida aytib, mahallalar qon chiqarib, xudoyi qilib yuboringlar, deb topshiriq berdi”, - deydi mahalla oqsoqoli.

Forish tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Jiyanov Ozodlik bilan suhbatda tumanda o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi o‘tgan yili avvalgi yilga nisbatan 4 taga oshganini bildirdi:

- Bir yil davomida 9 ta o‘z joniga qasd holati bo‘ldi. Bu avvalgi yilga nisbatan 4 taga ko‘p. Albatta, bu achinarli hol. Biz mutaxassislar bilan bunday fojialarning sababini o‘rganishga harakat qilyapmiz. O‘zini osgan o‘quvchi qiz ham o‘ziga to‘q oiladan, ijtimoiy qiyinchiligi yo‘q. O‘zini osgan o‘g‘il bolaning otasi ham uzoq yillar ichki ishlarda ishlagan, obro‘-e’tiborli oila. Nochor oila desak, qiynalgan oila desak balki bunga bir sabab bo‘lardi, lekin bu ikkalasi ham o‘ziga to‘q oila. Biz bunday voqealarni mahallalarda muhokama qilyapmiz. Hamma mahalla raislarini chaqirib, bu sohada qattiq ishlamasak bo‘lmaydi, deb kelishib oldik”, deydi hokim o‘rinbosari Jahongir Jiyanov.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2017 yilning 22 dekabrida o‘tgan hukumat yig‘ilishida, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payganini ta’kidlab, mutasaddi idoralarni ushbu muammoga e’tibor qaratmayotganlikda ayblagan edi.

Joriy yil 16 mart kuni prezident o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga qaratilgan maxsus qaror ham qabul qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG