Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:36

"Ko‘rshapalak ini" vasvasasi sabab uning uyalari vayron qilinmoqda


Ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan ayrim videolarda odamlar ko‘rshapalak inini buzayotganini ko‘rish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan ayrim videolarda odamlar ko‘rshapalak inini buzayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonlik atrof-muhit va hayvonot dunyosi himoyachilari odamlar ijtimoiy tarmoqlarda "ko‘rshapalak uyasining bir donasini bir necha ming dollardan sotib olaman", degan uydirmaga uchib jonzotlarga ziyon keltirayotganidan tashvish bildirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti shu kunlarda ko‘rshapalak uyasi uchun 5 ming dollar taklif etilayotgani va bu orqali katta pul ishlash mumkinligi borasidagi gap-so‘zlarga to‘lib-toshgan.

Ba’zilar uyani 10 ming dollarga ham sotish mumkinligi haqida yozmoqda.

Ko‘rshapalak ini uchun 5 ming dollar taklif etilmoqda.
Ko‘rshapalak ini uchun 5 ming dollar taklif etilmoqda.

Bunday gap-so‘zlar ortidan ba’zilar tog‘-toshlar va g‘orlardan ko‘rshapalak inini qidirishga tushgan.

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan ayrim videolarda odamlar ko‘rshapalak inini buzayotganini ko‘rish mumkin.

Toshkentdagi “Jivaya planeta” hayvon himoyachilari jamiyati faoli Anastasiya Tashilova Ozodlik bilan suhbatda “ko‘rshapalak ini vasvasasi” deb qanotli jonzotlar uyalari vayron qilinayotganidan tashvish bildirdi. U odamlarni bu uydirma gaplarga ishonib, tabiatga ozor bermaslikka chaqirdi:

- Bunday mantiqsiz gaplarga uchib odamlar beozor ko‘rshapalaklar uyalarini buzmoqda. Ishonmang bu gaplarga, yolg‘onchi va firibgarlar tomonidan o‘ylab topilgan bu! Bema’nilik deb, jonzotlarning uyasi buzilgani qolyapti.

Ozodlik ijtimoiy tarmoqda "ko‘rshapalak uyasini 5 ming dollarga sotib olaman", deb e’lon berganlardan biri bilan bog‘landi.

Ismini aytmagan xaridor narxning bu qadar qimmatligiga sabab uyaning saraton va insult kasalliklariga davo ekanini iddao qildi.

- Arab davlatlarida ko‘rshapalak uyasidan saraton kassaligiga dori yasashar ekan, shuning uchun qimmat, - deydi ismini aytmagan xaridor.

Lekin, ko‘rshapalak inini 5 ming dollarga sotib olganmisiz degan savolga "yo‘q" deb javob qildi.

- Chunki biz xohlayotgan ko‘rshapalak inini hali hech kim topib olib kelmadi-da, - dedi suhbatdosh.

Ayrim kuzatuvchilar "Ko‘rshapalak ini" vasvasasini Ahmadboy moliyaviy piramidasiga qiyoslamoqda.
Ayrim kuzatuvchilar "Ko‘rshapalak ini" vasvasasini Ahmadboy moliyaviy piramidasiga qiyoslamoqda.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari ko‘rshapalak uyasi oltinga yopishib olish xususiyatiga ega ekani haqida yozmoqda.

- Oltinni o‘ziga ohanraboday tortar ekan, - deb yozdi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Toshkentlik sotsiolog Tohir Sobirov Ozodlik bilan suhbatda ko‘rshapalak ini vasvasasini Ahmadboy moliyaviy piramidasiga qiyosladi:

- Bu kabi chalg‘ituvchi piramidalar ilgari ham bo‘lgan. Ahmadboy piramidasi, hamma boyib ketish ilinjida bor-budini olib borib Ahmadboyga olib topshirdi, oxiri nima bo‘ldi. Bundan oldin eski “Singer” tikuv mashinalarini 5 ming dollarga olaman yoki 16 kilogrammli giryani “Captiva’ga almashaman, degan e’lonlar paydo bo‘lgan edi. Eski "ZIL" xolodilnigini 1000 dollarga sotib olaman, degan gap-so‘zlar ham tarqalgandi.

"Ko‘rshapalak ini" savdosidan kimdir foyda ko‘rgani ma’lum emas.

Ozodlik bunday e’lonlarni tarqatishdan kimga foyda, degan savolga ham javob topa olmadi.

Bunday vasvasadan ziyon ko‘rgan esa faqat ko‘rshapalaklar bo‘lib qolmoqda.

Ko‘rshapalak hayvonot olamidagi uchadigan yagona sut emizuvchidir.

Ko‘rshapalak ini saratonga qarshi dori-darmon bo‘lishi tibbiy tasdiqlangani to‘g‘risida ma’lumot topmadik.

Lekin Xongkongda ko‘rshapalak inidan sho‘rva tayyorlanishi ma’lum.

Lotin Amerikasi davlatlarida esa ko‘rshapalak tezagidan o‘g‘it sifatida foydalaniladi.

Wikipedia ma’lumotiga ko‘ra, Guano deb ataluvchi ko‘rshapalak tezagining yuz grammi 4-5 AQSh dollari atrofidadir.

XS
SM
MD
LG