Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:36

Diplomatiya universiteti talabasi novvoyxona ayvonida osilgan holda topildi


Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasi osilgan holda topildi. Kursdoshlarining Ozodlikka aytishicha, talaba o‘zini o‘zi osgan bo‘lishi mumkin.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidan bo‘lgan 23 yoshli talabaning o‘z joniga nega qasd qilgani noma’lum bo‘lib qolmoqda. Yunusobod tumani militsiyasi fakt bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

Kursdoshlaridan birining Ozodlikka aytishicha, marhum talaba Sh.M. universitet yotoqxonasidan 14 yanvar kuni kech soat 6 lar atrofida chiqib ketgan.

15 yanvar kuni ertalab u Yunusobod tumani 10-mavzesidagi novvoyxona ayvonida arqonga osilgan holda topilgan.

- Shu kuni kechki payt qarindoshinikida yotib qolishini aytdi, bizga. 15 yanvarda novvoyxona tashqarisidagi ayvonga arqondan osilgan holda topilgan, - dedi marhumning kursdoshi.

O‘zini osgan talabaning ismi Ozodlikka ma’lum.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ismi ochiqlanmasligini istagan boshqa talabalaridan biri marhum kursdoshi so‘nggi kunlarda yakuniy nazorat imtihonlari bois qattiq bosim ostida bo‘lganini aytdi:

- Bizda hozir yakuniy nazorat imtihonlari bo‘lyapti. NBlari ko‘payib ketgani uchun, kursni boshqatdan o‘qiysan deb qo‘rqitishgan. U o‘qishdan tashqari ishlar ham edi. O‘zingiz o‘ylang: kontrakt 22 million so‘m. Qayta o‘qisa 22 million so‘mni qaerdan oladi, o‘zi zo‘rg‘a o‘qish pulini to‘lab yurgan edi.

Lekin, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektor yordamchilaridan biri Ozodlikka bu iddao asossiz ekanini aytdi:

- Noto‘g‘ri ma’lumot berishgan. Huddi shu masala bo‘yicha kecha prorektorimiz ham bizni chaqirib so‘radilar. "Kursdoshlari shunaqa deyapti", deb bizni tergadilar. Prorektorimizga jurnalni, hamma hujjatlarni olib tushib ko‘rsatdik. Oxirgi reyting natijalarini ham olib tushib ko‘rsatdik. Biron marta ham bu bolaga nisbatan haqsizlik bo‘lmagan. O‘qish pulini to‘lashda ham muammosi bo‘lmagan. Birinchi semestr o‘qish pulini 100 foiz to‘lab qo‘ygan edi. Qiynalgan oiladan bo‘lgani uchun bu bolaga chegirma ham qilib berganmiz.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti yotoqxonasi rahbarlaridan biri Ozodlikka talaba juda intizomli bola bo‘lganini aytdi:

- Urushganini yoki kimgadir qattiq gapirganini eshitmaganman. Juda intizomli bola edi. Hozir Qashqadaryodan bolaning akasi kelgan, juda noxush voqea bo‘ldi.

2018-2019 o‘quv qilidan Universitet o‘qish pulini 12 million so‘mdan birdaniga qariyb 24 million so‘mga ko‘targan, bu esa talabalarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

JIDU talabalari rektorat binosi tomon yurish qilmoqda.
JIDU talabalari rektorat binosi tomon yurish qilmoqda.

Ayrim talabalar o‘qish puli oshgani sabab kontrakt pulini to‘lay olmay, o‘qishni davom ettira olmaslik xavfi ostida qolganliklarini Ozodlikka aytishgandi.

Universitet rahbariyati o‘qish narxlari talabalar manfaatini ko‘zlab o‘quv sifatini ko‘tarish maqsadida oshirilganini bildirgan.

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 1992 yilda oldingi Toshkent Oliy partiya maktabi binosida ochilgan edi.

Bugungi kunda uch mingdan ortiq talaba Xalqaro munosabatlar, Xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Xalqaro huquq sohalari bo‘yicha ayni oliygohda ta’lim oladi.

XS
SM
MD
LG