Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:21

Xorazmda pensiya yoshiga to‘lgan o‘nlab muallim ishdan bo‘shatildi


Xorazm viloyati Urganch shahrida yoshi katta onaxonlar
Xorazm viloyati Urganch shahrida yoshi katta onaxonlar

Xorazm viloyatining Xiva, Yangibozor, Bog‘ot tumanlarida pensiya yoshida ishlab yurgan o‘nlab o‘qituvchi va bog‘cha tarbiyachilari hamda mudiralari yanvar oyi boshidan yoppasiga ishdan bo‘shatilgan.

Bu holat O‘zbekistonda 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga nafaqalar to‘liq miqdorda to‘lana boshlashi ortidan ro‘y bermoqda.

Ishdan ayrilgan pedagoglar Xorazm viloyat Xalq ta’limi boshqarmasini mehnat qonunchiligini buzish hamda prezidentning ishlovchi pensonerlarni rag‘batlantirish haqidagi farmoniga zid harakatda ayblamoqda.

Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi bog‘chalardan biriga so‘nggi 15 yil rahbarlik qilib kelgan 62 yoshli U.R. (ismi uning iltimosiga ko‘ra sir tutilmoqda) ishlovchi pensionerlarga nafaqalarni to‘liq berish haqidagi prezident farmoni kuchga kirishi bilan yanvar oyi boshidan ishdan bo‘shatilganini aytdi:

- Bizga ham oylik, ham pensiya berish bularga og‘irlik qildimi deyman, hozir pensiya yoshidagi hamma o‘qituvchi va bog‘cha tarbiyachilarini yoppasiga bo‘shatishyapti. Bizning tumanda olti bog‘cha mudiri, to‘qqiz bog‘cha tarbiyachisini bir kunda bo‘shatishdi. Hokimlikdagi majlisda pensionerlar endi ishlamaydi, deyishibdi. Ishlovchi pensionerlarni rag‘batlantirish o‘rniga, bizni bo‘shatishyapti. Hozir biz o‘nga yaqin bog‘cha mudirasi va tarbiyachilari birlashib prezident portaliga shikoyat tayyorlayapmiz.

Ishdan bo‘shatilganlar orasida Xalq ta’limi a’lochilari ham bor.

Yangibozor tumanida yashovchi 69 yoshli maktab o‘qituvchisi S.M. ham ishdan bo‘shash haqidagi arizani yozishga majbur bo‘lganini aytdi:

- 47 yildan buyon xalq ta’limi sohasida ishlab keldim, biron marta kasalxonada yotgan emasman, oliy ma’lumotliman. Xalq ta’limi a’lochisiman, bir qancha medallarni olganman. Bular yoshlarni olishimiz kerak, ariza yozing ketish haqida deyishdi, yozib berdim. Lekin, ishimda kamchilik bo‘lmagan, oddiy tarbiyachi bo‘lib ham ishlab qolmoqchi edim, bular ko‘nishmadi. Nafaqa yoshidagilar endi ishlamas emish, lekin men ishlab, yoshlarimizga bilim berib, o‘n yillab orttirgan tajribam bilan hali davlatimizga xizmat qilmoqchi edim.

O‘zbekistonda 2019 yil yanvar oyidan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga nafaqalar to‘liq miqdorda to‘lanish haqidagi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yil 12 dekabr kuni imzolagan “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni kuchga kirdi.

Avvallari ishlovchi pensionerlarga nafaqaning 50 foizi berib kelingan bo‘lsa, farmonga muvofiq yanvar oyi boshidan 100 foiz berish boshlandi.

Farmonga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori ham eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha ham oshirildi.

- Afsuski prezidentimiz bergan imtiyozlardan behramand bo‘lish bizga nasib etmadi, - dedi yangibozorlik muallim S.M.

Ozodlik muxbiri ishdan bo‘shatilgan pensionerlarning shikoyati yuzasidan Xorazm Xalq ta’limi boshqarmasi bilan bog‘landi.

Ismini ochiqlashni istamagan boshqarma mulozimi yoshlarga ko‘proq imkoniyat berish maqsadida ayrim nafaqa yoshidagi xodimlar bo‘shatilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi:

- Yoshlarga ko‘proq imkon berish maqsadida shunday bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Lekin hamma pensiya yoshidagilar bo‘shatilyapti degani noto‘g‘ri, ayrim nafaqa yoshidagilar ham bizda ishlayapti, oylik ham nafaqani ham to‘liq olyapti.

O‘zbekistonda bugungi kunda pensiyaga chiqish yoshi erkaklar uchun 60, ayollar uchun 55 yoshni tashkil qiladi.

2022 yildan boshlab esa pensiyaga chiqish yoshini yiliga 6 oydan oshirib borish va uni ayollar uchun 58, erkaklar uchun 63 yoshga yetkazish rejalashtirilayapti.

XS
SM
MD
LG