Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:25

Rishtonlik kulollarning 200 dan ortiq sexi gaz yo‘qligi yoki qimmatligidan ishlamay turibdi


Rishtonlik kulollar sopol va chinni idishlari bilan tanilgan.
Rishtonlik kulollar sopol va chinni idishlari bilan tanilgan.


Farg‘ona viloyat, Rishton tumanidagi 225 ta kulolchilik sexidan taqriban 10 tasigina ishlamoqda. Kulollarning aytishicha, ishning to‘xtab qolganiga gazning yo‘qligi va qimmatligi sababdir.

Rishton tumanidagi “Hunarmand” uyushmasi rahbari vaziyatni mavsumiy ko‘rinish sifatida baholadi.

Rishton tuman hokimligi mulozimining bildirishicha, sexlarni gaz bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida tegishli idoralarga xatlar yozilgan.

O‘tgan yili Vazirlar Mahkamasi Rishton tumani aholisining bandligini ta’minlash maqsadida qaror qabul qilgan edi.

Ishsiz qolgan 5000

Sopol va chinni idishlari bilan tanilgan Rishtonda 225 ta kulolchilik sexi mavjud. Har bir sexning idish pishiriladigan o‘rtacha 2 tadan, jami 450 ta xumdoni bor. Har bir sexda 5 dan 10 nafargacha ishchi ishlaydi. Aniqrog‘i, ishlar edi. Chunki shu kunda 10 taning atrofidagina sex ishlab turibdi.

Bu ma’lumotlarni Ozodlik 18 yanvar kuni Rishtondagi “Hunarmand” uyushmasidan so‘rab bildi.

Kuni kecha rishtonlik bloger Dima Qayum Feysbukdagi sahifasida kulollarning iltimosi bilan ularning muammolari to‘g‘risida videopost e’lon qildi.

Videopostiga ilova qilgan matnida Dima Qayum, jumladan, bunday degan:

“Rishton sanoat zonasi taxminan 10 yillar avval qurilgan. 33 gektarli yerda mahalliy tadbirkor kulollar o‘z mahsulotlotlarini ishlab chiqaradi.

Bilasizlar, Rishton kulolchiligi butun dunyoga mashhur!
Mahsulotlar butun dunyoga eksport bo‘ladi. Milliy kulolchiligimizni davom ettirayotgan kulollarning muammosi, doimgiday, - gaz!

Mana necha yildirki, qish fasli boshlanmay, aholiga berish vaji bilan sexlar gazdan uziladi. 200 dan oshiq tadbirkor va shu tadbirkor qo‘lida ishlayotgan 5000 dan oshiq rishtonliklar to aprel-may oyigacha gaz berilmagani sababli ishsiz qoladi”.

Hokimlik vakili: Gaz ta’minotini yaxshilash uchun xatlar yozildi

Rishton tuman hokimligining o‘zini Bahodir Qambarov deb tanishtirgan mulozimi viloyatga yaqinda gaz berilganini, biroq yonilg‘i, asosan, aholiga berilayotganini aytdi.

Mulozimning aytishicha, u kulollarning sexlari joylashgan sanoat zonasiga boshqa mutaxassislar bilan o‘tgan haftada borib kelgan. “O‘shanda gaz bor edi, lekin bosimi past edi”, - dedi Qambarov.

Hokimlik vakilining aytishicha, kulollarni gaz bilan ta’minlash masalasida “viloyat hokimligiga xat bilan chiqilgan, viloyat gaz ta’minoti idorasi bilan esa, yangi shartnoma tuziladi”.

2018 ning dekabri boshidan butun O‘zbekiston bo‘ylab ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan idora va tashkilotlarni tabiiy gazdan uzish jarayoni boshlangani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

"Hunarmand" rahbari: sexlarning to‘xtab turishi mavsumiy ko‘rinish

Rishtondagi “Hunarmand” uyushmasi rahbari Jamoliddin akaning (familiyasini aytmadi) aytishicha, mavjud 225 ta sexdan taqriban 8 – 10 tasigina shu kunda ishlab turibdi. Uyushma rahbarining aytishicha, sex egalari va ularning ishchilari ishsiz qolganiga gaz yo‘qligi sabab emas, bu mavsum bilan bog‘liq tanaffusdir:

“Qishda ishlab chiqarish jarayoni haroratning sovuqligi va namligi tufayli cho‘zilib ketadi, shuning uchun kulollar qishda ishlamaydi”.

“Hunarmand” uyushmasi rahbari Jamoliddin aka "kulollar gaz yo‘qligidan shikoyat qilayapti", degan replikamizga javoban:

“Menga ayting o‘sha odamning ismini, men ertagayoq gazini yondirib beraman”, - dedi.

Kulol: gaz qimmat, foyda qolmayapti

O‘zini “rishtonlik kulollardan biri Bunyod Haydarov”, deb tanishtirgan yigit Ozodlik bilan 18 yanvar kungi suhbatda gaz ta’minoti yaxshi emasligi va qimmatligi uchun sexini tashlab Rossiyada ishlayotganini aytdi:

“sexim bor. Hozir ham turibdi. Xumdonlarni buzib, vagon qilganman. Vagonga ham ko‘proq idish sig‘adi, ham gaz tejaladi. Bu yil ham, o‘tgan yili ham ishlaganimiz yo‘q. Chunki qoplamayapti. Ishchilarga haq to‘layapmiz, gazga to‘layapmiz, shu bilan o‘zimizga hech narsa qolmayapti”.

Kulol Bunyod Haydarovning shikoyat qilishicha, gaz idoralari “tarifdan tashqari o‘zlarining “poterya”larini ham (gaz transportirovkasi jarayonida yo‘qotiladigan miqdor) qo‘shib oladi”.

Bloger Dima Qayum o‘z postida kulollarning gaz qimmatligidan shikoyat qilganini yozdi:

“Kulollar 1000 kubmetr gazga, taxminan 120-150 dollar haq berishayotganini aytdi, lekin qish faslida idishlarini quritish muammo bo‘lib (gaz yoqib quritish kerak) yanada qimmatlashadi”.

Mahalliy iste’molchining qo‘shnidan farqi yo‘qmi?

Ozodlik bilan 18 yanvar kungi suhbatlar davomida rishtonlik kulollar mahalliy iste’molchi uchun belgilangan gaz narxini Tojikistonga sotilayotgan gaz narxiga qiyosladilar.

Ozodlik 2018 yilning yozida “Tojiktransgaz” shirkati ma’lumotiga tayanib, O‘zbekiston Tojikistonga sotadigan gazning 1 ming kubometri uchun 120 AQSh dollari miqdorida narx belgilagani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil, 1 noyabrdagi qaroriga muvofiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham ming kub metr gaz uchun $120, hatto undan biroz ko‘proq ham to‘lashi lozim.

Kuni kecha O‘zbekiston Tojikiston aholisiga ham gaz yetkazib berishni boshladi. Ayni paytda, o‘zbekistonliklar gaz uchun tojikistonliklarga qaraganda bir necha barobar ozroq pul to‘lashini Ozodlik xabaridagi ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasi belgilab qo‘ygan narxlarga qiyoslab bilish mumkin.

Hukumat Rishtondagi kulolchilik sexlarida yana 96 ta ish o‘rni yaratmoqchi edi...

2018 yilning 6 iyulida Vazirlar Mahkamasi Rishton tumani aholisining bandligini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, fuqarolarni, ayniqsa ayollar va yoshlarni ishga joylashtirish maqsadida qaror qabul qilgan edi.

Hukumat qarorida tegishli idoralar oldiga tumanda kulolchilikni rivojlantirish vazifasi ham qo‘yilgan:

“Rishton keramikasi” brendi jadallashtirilishini, tuman turistik yo‘nalishlarga kiritilishini, mehmon turizmi tashkil etilishini va har yilgi “Rishton sehri” festivali o‘tkazilishini, hunarmandchilik va keramika mahsulotlari eksporti kengaytirilishini, hunarmandlar kompleksi qurilishini nazarda tutuvchi Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida hunarmandchilik markazi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifni tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin”.

Hukumat qarori bilan 2018 yili tumanda 993 ta, shu jumladan, chinni va sopol mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va tashkil qilish hisobiga 96 ta ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

Ayni paytda, gaz ta’minotining yomonligi va kulollarning shikoyaticha, gazning qimmatligi oqibatida, mavjud 200 dan ortiq sex to‘xtab turibdi, ularda ishlagan bir necha ming ishchi ishsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG