Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:19

"Asaka don mahsulotlari" ishchilari oylik to‘lanmaganiga norozilik sifatida ish tashladi


“Asaka don mahsulotlari” korxonasi ishchilari 23 yanvar kuni ish haqining pastligi va maosh berilmayotganiga norozilik bildirib, ikki soatga ish tashladi.

Korxona rahbariyati idorasi oldida yig‘ilgan yuzdan ortiq ishchi o‘tgan yildan qolgan maoshlar berilishi, to‘rt yildan buyon ko‘tarilmay kelayotgan ish haqi oshirilishini talab qildi.

Bu voqeada bevosita qatnashganlarning Ozodlikka aytishicha¸ korxona direktori ular arzini tinglashga kelmagan, ammo bosh injener va bosh hisobchi hafta oxirigacha maoshlar to‘lanishini va’da qilgan.

“Asaka don mahsulotlari” kombinatining yuzdan ortiq ishchisi 23 yanvar kuni ertalab soat 8 da o‘tgan yildan qolgan maoshlar berilmagani va ish haqining oz ekanligidan norozilik bildirib, ishni vaqtincha to‘xtatib, rahbariyat idorasi oldiga to‘plandi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan, kombinat tegirmon sexida brigada boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan Feruza Mamajonovaning aytishicha, yuzdan ortiq ishchi o‘z noroziligini bildirgan:

- Butun elevator chiqdi o‘ttiztacha odam, tegirmondan ikkita smena keldik o‘ttizdan ko‘p odam, mexaniklar, slesarlar, elektriklar, qorovullar hammasi chiqdi. Xullas¸ yuzdan ortiq odam bor edi. Bosh buxgalter, raschetniy buxgalter chiqdi oldimizga. Nega oylikni bermayapsizlar, desak pul yo‘q, haftaning oxiriga bo‘lib qolishi mumkin, dedi. Keyin, yangi rahbarning idorasining oldiga borsak, u yo‘q ekan. Bosh injener chiqdi. Odamlar dardini ayta boshladi, deydi Feruza Mamajonova.

Brigada boshlig‘ining aytishicha, faqat maoshga qarab kun ko‘radigan ishchilar dardini to‘kib solgan:

- O‘tgan yilning dekabrini oyligini bergan yo‘q. Hamma tashkilotlar yopdi. Lekin bizga yangi kelgan direktor bermayapti. Zavodimiz ishchilarining deyarli 85 foizini krediti bor. U yoqdan bank har kuni telefon qiladi, nega kreditni bermayapsan, deb. Bu yoqda uyida yegani noni yo‘q. Ikkinchidan esa, bizning oyligimiz hech ko‘tarilmayapti. Shodil Sattorov degan yangi direktor keldiyu, bir marta ish joyimizga kelib, ahvoling qanday ishchi, deb so‘ramadi. Odamlar shu haqda dod deb gapirishdi. Lekin javob beradigan odam yo‘q. Direktorni chaqirishgan edi, kelmadi ham, deydi Feruza Mamajonova.

Uning aytishicha, kombinatning elevator sexi brigadiri ham ish haqlari noqonuniy kesib tashlanganidan shikoyat qilgan:

- Elevator brigadiri chiqib gapirdi. Ular ikki oy 12 soatdan ishlashibdi, lekin 8 soatdan ish haqi yozilgan ekan. Kecha dod deyishvordi. Brigadir to‘rt oy oldin tuzukroq oylik olardim, shu 600 ming so‘mga tushib qoldi. Chang yutib 12 soatdan itdek ishlasagu, oyligimizni to‘liq bermasa, qaerda bor o‘zi bunaqa oylik deb aytishdi, deydi Feruza Mamajonova.

Ismi sir qolishini so‘ragan korxona mulozimlaridan birining aytishicha, odamlarning to‘s-to‘poloni avjiga chiqqanidan keyin militsiya chaqirtirilgan.

“Militsiya naryadi kelib, odamlarni tarqalinglar, ish joylaringga boringlar, bo‘lmasa olib borib qamaymiz, deb qo‘rqitganidan so‘ng ham hech kim tarqalmadi. Bu taxminan soat 10 lar edi. Bosh injener, bosh buxgalter ish haqlaringni haftaning oxirigacha beramiz, deb va’da berishganidan so‘ng ular tarqaldi”, dedi mulozim.

Ikki kun avval qorovullar boshlig‘i etib tayinlanganini aytgan Bahodir Qosimov yuz nafardan ortiq ishchining norozilik bildirib, ish tashlaganini tasdiqladi.

“Eski qorovulboshi ishdan olingan. Ikki kun bo‘ldi men qorovulboshiman. Hammasi yaxshi, ertadan boshlab maoshlari berila boshlaydi. Bugun hamma o‘z ish joyida ishlayapti”, dedi 24 yanvar kuni Ozodlik bog‘langan Bahodir Qosimov.

Ozodlikning “Asaka don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati direktori Shodil Sattorovni topishga bo‘lgan harakatlari kun davomida natijasiz qoldi. Dispetcher rahbarning majlisga ketganini, uning mobil telefoni raqamini esa hech kim bilmasligini aytdi.

Shodil Sattorov avval Andijon viloyatidagi “Qo‘rg‘ontepa don mahsulotlari” AJning rahbari bo‘lgan. Yangi yildan bir hafta oldin u Asakadagi kombinatga rahbar bo‘lgan, bu kombinatning avvalgi rahbari Baxtiyor Gapirov esa Qo‘rg‘ontepa tumanidagi kombinatga o‘tkazilgan edi.

Ozodlik 15 yanvar kuni “Asaka don mahsulotlari”da o‘nlab odam sababsiz ishdan bo‘shatilayotgani haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG