Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:22

Moskvada Shuhrat Abbosov xotira kechasi o‘tkazildi (FOTO)


Sh.Abbosov xotira kechasida ilk bor elchi Botirjon Asadov ishtirok etdi
Sh.Abbosov xotira kechasida ilk bor elchi Botirjon Asadov ishtirok etdi

Shu yilning 23 yanvar kuni Moskvada o‘zbek kinosi oqsoqoli, SSSR xalq artisti¸ SSSR Davlat mukofoti sovrindori ​Shuhrat Abbosov tavallud kunining 88 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi o‘tkazildi.

Abbosov yubileyi Moskvadagi Markaziy kino uyida o‘tkazildi.

“Qalb va sharaf” deb nomlangan xotira kechasi Aktyorlar gildiyasi, Rossiya kinematografiya ittifoqi va Abbosovning Moskvadagi shogirdlari tomonidan tashkil etildi.

Tadbirda taniqli kino ustalari va madaniyat arboblari bilan birga ilk marotaba O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Botirjon Asadov qatnashdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va rassom Shavkat Abdusalomov
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov va rassom Shavkat Abdusalomov

​So‘zga chiqqan elchi Botirjon Asadov ko‘plab boshqa o‘zbekistonliklar kabi kinorejissyor Shuhrat Abbosov filmlari bilan ulg‘ayganini esladi.

- Men buyuk o‘zbek rejissyori, O‘zbekiston Xalq artisti Shuhrat Abbosov xotirasiga bag‘ishlangan kechada ishtirok etayotganimdan mamnunman. Bugungi kecha bekorga “Qalb va sharaf” deb atalmagan, zero Shuhrat Abbosov qalban va iftixor bilan san’atga xizmat qildi. Shuhrat Abbosov hech qachon eskirmaydigan, aksincha dolzarbligi, mazmunini saqlab qolayotgan, insonparvarlik va vatanparvarlik saboqlarini tarqatishni davom etayotgan o‘z filmlarida yashashni davom ettirayapti. Yillar o‘tib uning kino san’ati va jahon madaniyatiga qo‘shgan hissasini yanada chuqurroq anglab yetamiz, deb o‘ylayman.

Deputat Artur Taymazov Sh.Abbosov xotira kechasida
Deputat Artur Taymazov Sh.Abbosov xotira kechasida

Xotira kechasida qatnashgan taniqli o‘zbek kurashchisi, uch marta Olimpiya chempioni, hozirda esa Rossiya Davlat dumasi deputati Artur Taymazov o‘zbek kinosi ustasi Shuhrat Abbosov filmlari ishqivozi ekanini aytdi.

Kosmonavt Vladimir Jonibekov va rejissyor Ali Hamroev.
Kosmonavt Vladimir Jonibekov va rejissyor Ali Hamroev.

Xotira kechasida Shuhrat Abbosovni ustoz deb bilgan taniqli rus aktrisasi Valentina Talizina, kinorejissyor va aktyor Timofey Spivak, birinchi o‘zbek kosmonavti, ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni Vladimir Jonibekov, rassom Shavkat Abdusalomov, aktyor va rejissyor Rustam O‘razaevlar yodga olishdi.

- Shuhrat Solihovich bilan biz juda yaqin odamlar edik. Mendek hech kim tanimaydigan-bilmaydigan artistni u o‘z kartinasiga taklif qilganidan juda minnatdorman! U men kinoda bilmaydigan juda ko‘plab maslahatlarini bergan, dedi Valentina Talizina.

Kechada ishtirok etganlarga o‘z minnatdorchiligini bildirgan Shuhrat Abbosovning kichik o‘g‘li rejissyor Eljon Abbosov O‘zbekistonda oxirgi yillarda otasi hukumat e’tiboridan chetda qolganidan afsus bildirdi.

Taniqli o‘zbek kinorejissyori Ali Hamroev Ozodlik bilan suhbatda Shuhrat Abbosov madaniy merosi bugungi O‘zbekistonda o‘rganilishi, uning barcha filmlari, xususan Islom Karimov davrida taqiqlangan kartinalari markaziy telekanallarda namoyish etilishi kerakligini uqtirdi.

- “O‘zbekfilm” rahbariyatiga bir maslahat berdim. Kinostudiya hududidagi bog‘da uzumzor qilib, buyuk o‘zbek rejissyorlariga bag‘ishlangan alleya qurishni tavsiya qildim. Bolsheviklar otib tashlagan Sulaymon Xo‘jaev, Xudoybergan Devonov, keyin Nabi G‘aniev, Komil Yormatov, Ergash Hamroev, Shuhrat Abbosovdek rejissyorlarga yodgorlik qurish kerak. Shuhrat Abbosov filmlarini esa har yakshanba O‘zbekiston televideniesida yoshlarga ko‘rsatish kerak! “Mahallada duv-duv gap”idan boshqa filmlari yo‘qmi Abbosovda?! Yoshlar Internetga kirib xunuk narsalarni ko‘rmasdan, mana shunday buyuk rejissyorlar bo‘lganini ko‘rsin, dedi hozirda Rossiya va Italiyada ijod qilayotgan kinorejissyor Ali Hamroev.

Sh.Abbosov xotira kechasi ishtirokchilari.
Sh.Abbosov xotira kechasi ishtirokchilari.

Shuhrat Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan. 1949 yilda Toshkent Tibbiyot texnikumini tamomlagan.

1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san’ati instituti (Hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr san’ati instituti), 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil oladi.

Abbosov avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan. Shuhrat Abbosov suratga olgan "Mahallada duv-duv gap" (1960), "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968), "Olovli yo‘llar" (1977-1983), "Katta urushdagi kichik odam" (1990) kabi filmlar sovet kinosining mumtoz namunalari hisoblanadi.

Rejissyorning mustaqillikdan so‘ng Tog‘ay Murod romani asosida suratga olgan "Otamdan qolgan dalalar" filmi ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan.

Shuhrat Abbosov kino san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR Xalq artisti, O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG